Senat va hukumat aʼzolari hamda elchi ishtirokida dolzarb masalalar muhokama qilindi

13:04 08 Yanvar 2021 Jamiyat
766 0

2021-yil 7-yanvar kuni Oliy Majlis Senati hamda Odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish Milliy komissiyasi hamkorligida respublikamizda odam savdosi va majburiy mehnatning oldini olish borasida amalga oshirilayotgan ishlar muhokama etildi.

Unda, xalq qadr-qimmati, inson manfaatlarini himoya qilish, mamlakatimizning xalqaro maydondagi ijobiy imijini mustahkamlashda odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish masalalarining ahamiyati yuzasidan senatorlar, tegishli vazirlik va idoralar rahbarlari hamda Oʻzbekiston Respublikasining Amerika Qoʻshma Shtatlaridagi Favqulodda va Muxtor Elchisi J.Vaxabov ishtirok etdi.

Taʼkidlangandek, xalqaro hamkorlar Prezidentimiz rahnamoligida jadal surʼatlarda amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlarga yuqori baho bermoqda. Ushbu jarayonni har tomonlama qoʻllab-quvvatlab, inson huquqlarini himoya qilish kabi sohalarda Oʻzbekistonning “transformatsion oʻzgarishlar modeli” sifatida xalqaro mavqega ega boʻlishidan manfaatdorligi eʼtirofi katta ahamiyat kasb etadi.

Qolaversa, qonunchilikni takomillashtirish, institutsional islohotlar, qonun ustuvorligini taʼminlash, inson huquqlari va erkinliklarini himoya qilish borasida amalga oshirilgan tizimli ishlar natijasi oʻlaroq xalqaro tashkilotlarining inson huquqlari sohasidagi turli tematik maʼruzalarida Oʻzbekistonning mavqeyini sezilarli darajada yaxshilashga erishildi.

Bundan tashqari, Oʻzbekiston diniy erkinliklarni buzadigan mamlakatlar roʻyxatidan toʻliq chiqarilgani, mamlakatimizda mehnatni muhofaza qilish va uning meʼyorlari talablarga rioya etishda erishilgan yutuqlari tan olingani, AQSH Savdo vakilining Oʻzbekistondagi majburiy mehnat muammosi boʻyicha hisobotini tinglash amaliyoti tugatilganligi va Qoʻshma Shtatlar bilan bojsiz savdo qilish huquqi saqlab qolinganligi qayd etildi.

Majlisda erishilgan muvaffaqiyatlar va qilingan ishlar bilan bir qatorda hali eʼtibor qaratish zarur boʻlgan masalalarga urgʻu berildi. Odam savdosi muammosi shular jumlasidan. Bu borada ushbu jinoyat qurbonlarini aniqlash, tergov oʻtkazish va jinoiy javobgarlikka tortish ishlarini jadallashtirish lozimligi qayd etildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?