Senat qoʻmitasi majlisida muhim masalalar muhokama etildi

13:32 26 Aprel 2022 Jamiyat
937 0

Foto: Sirojiddin Vohidov/“Xalq soʻzi”

Joriy yilning 26-aprel kuni Senatning Yoshlar, madaniyat va sport masalalari qoʻmitasi majlisi boʻlib oʻtdi. Unda bir qator muhim masalalar muhokama etildi.

Jumladan, Vazirlar Mahkamasining 2022 — 2026-yillarga moʻljallangan Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasini “Inson qadrini ulugʻlash va faol mah.alla yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturining 2022-yilning I choragi yakuni boʻyicha bajarilishi toʻgʻrisidagi hisoboti eshitildi. Hukumat vakillari tomonidan Davlat dasturining qoʻmita faoliyatiga taalluqli bandlari ijro holati boʻyicha qisqacha axboroti eshitildi.

Xususan, davlat dasturidagi arxeologiya obyektlarini muhofaza qilishni va ilmiy tadqiqot oʻtkazishni kuchaytirish, Moddiy madaniy merosning koʻchmas mulk obyektlarini muhofaza qilish va saqlashni doimiy monitoring qilishni yoʻlga qoʻyish, bu borada zamonaviy texnologiyalardan foydalanish kuchaytirish, madaniy meros obyektlarini restavratsiya qilishda chet el davlatlari bilan hamkorlikni yoʻlga qoʻyish, millatlararo munosabatlar sohasida Oʻzbekiston Respublikasi davlat siyosati konsepsiyasining izchil amalga oshirilishini taʼminlash, Milliy madaniyatni xalqaro darajada ommalashtirishga qaratilgan tadbirlarni hududlarda oʻtkazishni joriy etish kabi masalalar borasida olib borilgan ishlar toʻgʻrisida atroflicha maʼlumot berildi.

Majlisda navbatdagi Bolalar masalalari boʻyicha milliy komissiya hamraisining oʻtgan davr mobaynidagi faoliyati yuzasidan axborotini ham qizgʻin muhokama etildi. Dastlab Milliy komissiya hamraisi Aliya Yunusovaning axboroti eshitildi. Qoʻmita tomonidan Bolalar masalalari boʻyicha milliy hamda hududiy komissiyalar faoliyatini Samarqand va Qashqadaryo viloyatlarida oʻrganish natijalari haqida qisqacha axborot berildi.

Foto: Sirojiddin Vohidov/“Xalq soʻzi”

Taʼkidlanganidek, “Mehribonlik” uylari, Bolalar shaharchasi va “SOS” bolalar mahallalari uyushmasi qaramogʻidagi 1 392 nafar yetim bola va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bola oʻz oilasi va yaqin qarindoshlari tarbiyasiga oʻtkazilgani natijasida 10 ta “Mehribonlik” uyi, 4 ta bolalar shaharchasi va 2 ta bolalar uyi faoliyati tugatilgan.

Farzandlikka olish jarayonida inson omilini qisqartirish va raqamlashtirish maqsadida Xalq taʼlimi vazirligi tomonidan mu.maktab.uz platformasi yaratilgan.

Muhokamalar davomida ayrim kamchiliklar ham taʼkidlandi. Jumladan, Milliy komissiya tomonidan davlat organlari va tashkilotlarning, shuningdek, hududiy komissiyalarning bolalar huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish sohasidagi faoliyatini muvofiqlashtirish vazifasi talab darajasida bajarilmayotgani qayd etildi.

Shuningdek, Nazoratsiz va qarovsiz qolgan bolalarni zudlik bilan aniqlash, ularning aniq hisobini yuritish, yetim va qarovsiz qolgan bolalarga vasiy yoki homiy tayinlash tizimini soddalashtirishga qaratilgan “Bola himoyasi” yagona elektron axborot tizimi joriy etilmagan.

Tuman (shahar) bolalarni himoya qilish shoʻbalari mutaxassislari “Mehr daftari” platformasidan foydalanish koʻnikmasiga ega emasligi oqibatida “Mehr daftari” tizimini hayotga tatbiq etish ishlari yetarli darajada tashkil qilinmagan.

Majlisda yana bir muhim masala –Senatining “Yoshlarga oid davlat siyosatining hududlarda amalga oshirilishi boʻyicha reyting tizimini joriy etish toʻgʻrisida”gi SQ-361-sonli Qarori ijrosi yuzasidan Yoshlar ishlari agentligi rahbariyatining axborotini eshitildi. Bu borada Agentlik tomonidan olib borilgan amaliy ishlar boʻyicha maʼlumot berildi.

Foto: Sirojiddin Vohidov/“Xalq soʻzi”

Xususan, Reyting baholashga doir maʼlumotlarning markazlashgan elektron tizimini joriy etish boʻyicha yoshlarportali.uz – Yoshlar portali platformasi joriy qilingan.

Davlat statistika qoʻmitasi bilan hamkorlikda hududlarni indikatorlar asosida reyting baholash metodikasi ishlab chiqilgan.

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan reyting baholashda eng yuqori natija koʻrsatgan uchta hudud rahbari hamda ularning yoshlar masalalariga masʼul boʻlgan oʻrinbosarlarini moddiy hamda maʼnaviy ragʻbatlantirish yuzasidan takliflar ishlab chiqilgan.

Yoshlar muammolarini mahallabay mexanizmi asosida tizimli bartaraf etish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar holatini baholab borish maqsadida “Yoshlar daftari” elektron platformasi ishga tushirilgan va 8,4 milliondan ortiq yoshlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar asosida “Yoshlar balansi” shakllantirilgan, mavjud 9 348 ta mahallada yoshlar yetakchilari faoliyati tashkil etilgan.

Majlisda Qaror ijrosi borasidagi ayrim muammolarga ham eʼtibor qaratildi. Jumladan, Agentlikning quyi tuzilmalari tomonidan indikatorlar asosidagi reyting baholashga doir maʼlumotlar umumlashtirish ishlari yetarlicha tashkil etilmagan.

Reyting tizimiga masʼul vazirlik va idoralar hamda mahalliy hokimliklar oʻrtasidagi hamkorlik yetarlicha yoʻlga qoʻyilmagani oqibatida oʻzaro nomutanosib maʼlumotlar shakllanib, yoshlarga oid aniq va toʻgʻri statistika yuritilishiga salbiy taʼsir koʻrsatmoqda.

Hududlarda reyting tizimi asosida tuman va shaharlar orasidan gʻoliblarni aniqlash hamda ularni ragʻbatlantirish ishlari yakuniga yetkazilmagan.

Majlisda qonun ijrosi ham muhokama etildi. Xususan, “Bolalarni ularning sogʻligʻiga zarur yetkazuvchi axborotdan himoya qilish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonunining Samarqand viloyatidagi ijrosini oʻrganish natijalari koʻrib chiqildi.

Taʼkidlanganidek, Dastlab bu borada viloyatda koʻpgina ishlar amalga oshirilgani taʼkidlab oʻtildi. Xususan, “Raqamli Oʻzbekiston – 2030” strategiyasi doirasida viloyatdagi 1268 ta umumtaʼlim maktabining barchasiga keng polosali yuqori tezlikdagi internet tarmogʻi aloqa liniyalari oʻtkazilgan hamda Education-1-2-3 maxsus tariflari boʻyicha internet tarmogʻidan foydalanish yoʻlga qoʻyilgan.

Umumtaʼlim maktablarida voyaga yetmaganlar oʻrtasida kompyuter texnologiyalari va internetdan samarali foydalanishni tashkil etish hamda zoʻrovonlik, shavqatsizlik, giyohvandlik, ekstremizm, terrorizm, axloqsizlikni targʻib qiluvchi mahsulotlar tarqalishining oldini olish yuzasidan 6 500 ga yaqin targʻibot tadbirlari oʻtkazilgan. Ularga 322 000 nafarga yaqin oʻquvchilarning ota-onalari hamda 4 248 nafar hamkor tashkilot vakillari jalb qilingan.

Viloyatda “Bir million dasturchi” loyihasida roʻyxatdan oʻtganlar soni 278 632 nafarni, bitiruvchi sertifikatini qoʻlga kiritganlar soni 102 895 nafarni tashkil etgan.

Dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalari texnologik parkining (IT Park) Samarqand hududiy filiali, Yoshlar IT va media markazi, Yoshlar texnoparki hamda 29 ta IT-kompaniya faoliyati yoʻlga qoʻyilib, shahar va tumanlarda tashkil qilingan Raqamli texnologiyalar oʻquv markazlarida 2021-yilda 7931 nafar aholi va yoshlar oʻqitilishi taʼminlangan.

Sohada amalga oshirilgan ishlar bilan bir qatorda hal etilishi zarur boʻlgan muammolar ham mavjudligiga alohida urgʻu berildi.

Jumladan, Viloyatda amalga oshirilgan monitoring tadbirlari natijasida “uz” domenidagi 72 ta veb-saytda bolalarning ongi, ruhiyati, maʼnaviy-maʼrifiy tarbiyasiga salbiy taʼsir koʻrsatadigan, axloqsizlik, behayolik, pornografiya, shafqatsizlik va zoʻravonlik, qimor va tavakkalchilikka asoslangan oʻyinlar targʻibotiga xizmat qilishi mumkin boʻlgan materiallar mavjudligi aniqlangan.

Shuningdek, «Odnoklassniki» ijtimoiy tarmogʻida 14 ta, “Instagram” messenjerida 43 ta, “Facebook” da 21 ta, “Tik-tok«da 4 ta, “Telegram” messenjerida 44 ta guruhda axloqsizlik, behayolik, pornografiya, giyohvandlik moddalari targʻiboti hamda firibgarlik bilan shugʻullanib kelish holatlari aniqlangan.

“Axborot mahsulotining yoshga oid tasniflarini aniqlash mezonlari hamda uni ekspertizadan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisida”gi nizom talablarining buzilishi yuzasidan viloyat axborot va ommaviy kommunikatsiyalar boshqarmasi tomonidan ommaviy axborot vositalariga 2020-yilda 33 ta, 2021-yilda 51 ta, 2022-yilning birinchi choragida 7 ta taqdimnoma, koʻrsatma va ogohlantirish xatlari chiqarilib, tegishli choralar qoʻllangan.

Viloyatdagi profilaktik tadbirlar davomida pornografik mahsulotlar saqlagan 26 nafar, zoʻravonlik yoki shafqatsizlikni targʻib etuvchi materiallar saqlagan 229 nafar oʻquvchi roʻyxati shakllantirilib, jami 3400 nafardan ortiq tarbiyasi ogʻir boʻlgan bolalarning ota-onalari bilan profilaktik suhbatlar olib borilgan hamda 835 nafar oʻquvchining ota-onasi maʼmuriy javobgarlikka tortilgan.

Majlis soʻngida yuqoridagi barcha masalalar yuzasidan Qoʻmitaning tegishli qarori qabul qilindi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?