Senat qo‘mitasi majlisida yo‘l qurilishi va qonunchilikdagi o‘zgartishlar muhokama qilindi

Foto: Yunus Bo‘riyev / «Xalq so‘zi»
2025-yil 22-may kuni Oliy Majlis Senatining Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi majlisi bo‘lib o‘tdi.
Majlisda dastlab Xorazm viloyatida avtomobil yo‘llari qurilishi va ta’mirlash sifati bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar, parlament nazoratini kuchaytirish maqsadida olib borilgan o‘rganishlar natijalari yuzasidan Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi rahbarining axboroti tinglandi.
Qayd etilishicha, 2022–2024-yillarda viloyatda 3 062 km yo‘l va 64 ta ko‘prik qurilgan, rekonstruksiya qilingan hamda ta’mirlangan. «Tashabbusli byudjet» doirasida esa 140 ta loyiha uchun 131,3 mlrd so‘m yo‘naltirilib, 193,2 km yo‘l ta’mirlangan.
Shu bilan birga, olib borilgan tahlil va joylardagi muloqotlar viloyatda yo‘l infratuzilmasi sohasida hali ham qator muammolar mavjudligini ko‘rsatdi. Jumladan, 9 025 km umumiy foydalanishdagi va ichki xo‘jalik yo‘llarining 33,3 foizi, 1 612 ta ko‘prikning 40 foizi ta’mirtalab, 13 foizi esa yaroqsiz holatda ekani aniqlangan.
Moliyaviy ta’minotning yetarli emasligi, yuk mashinalarining belgilangan me’yorlardan ortiq yuk tashishi mavjud muammolar sifatida ko‘rsatildi. Masalan, 2024-yilda yo‘lsozlik ishlariga zarur mablag‘ning atigi 26 foizi ajratilgan.
Mazkur muammolarni bartaraf etish maqsadida «yo‘l xaritasi» ishlab chiqish, transport vositalariga qo‘yiladigan talablarda o‘zgarishlar kiritish va qurilish hujjatlarini yangilash nazarda tutilgan qaror qabul qilindi.
Shuningdek, majlisda «O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida»gi Qonun dastlabki tarzda muhokama qilindi.
Unga ko‘ra, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksda energiya resurslarini kam miqdorda talon-toroj qilish va huquq-tartibot organlari xodimlarining qonuniy talablarini bajarmaslik uchun jazo choralari kuchaytiriladi.
«Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida»gi Qonunga esa shartnoma asosidagi majburiyatlar bajarilmagan taqdirda, har bir kechiktirilgan vaqt birligi uchun penya undirilishini belgilovchi norma kiritilmoqda.
«Yod yetishmasligi kasalliklari profilaktikasi to‘g‘risida»gi Qonunda yodlangan tuzdan majburiy foydalanish, uning ishlab chiqarilishi va realizatsiyasi bo‘yicha tartiblar aniq belgilanmoqda, shuningdek, Sog‘liqni saqlash vazirligining bu yo‘nalishdagi vakolatlariga aniqlik kiritilmoqda.
Qonunning qabul qilinishi qonun ustuvorligini ta’minlash, fuqarolar huquqlarini himoya qilish va aholining sog‘lig‘ini mustahkamlashga xizmat qilishi ta’kidlandi.
Majlis yakunida muhokama qilingan masalalar yuzasidan Qo‘mita tomonidan tegishli qarorlar qabul qilindi.
Foto: Yunus Bo‘riyev / «Xalq so‘zi»
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Ish haqi, pensiya, nafaqa va stipendiyalar miqdori 10 foizga oshiriladi
- Olimlar Alsgeymer kasalligidan himoya qiluvchi parhez haqida maʼlumot berishdi
- Eron va Isroil oʻrtasidagi ziddiyatlar xronologiyasi yoxud bugungi “urush”ning ildizi qayerda?
- Dollar kursi oshishda davom etmoqda
- Parkentda yiliga 20 ming sayyohni qabul qiladigan turistik majmua ochilmoqda
- Oʻzgarishlarni soʻz bilan uygʻotgan jurnalist
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring