Senat “Oʻzbekiston Respublikasining Uy-joy kodeksini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi Qonunni rad etdi
Foto: Yunus Boʻriyev/“Xalq soʻzi”
Senatorlar yalpi majlisda “Oʻzbekiston Respublikasining Uy-joy kodeksini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi Qonunini koʻrib chiqdi.
Qayd etilganidek, uy-joy munosabatlarini huquqiy tartibga solishning yaxlit tizimi mavjud emasligi uy-joy siyosatini izchil amalga oshirishni murakkablashtirib, oʻz navbatida, sohadagi davlat boshqaruvini qayta koʻrib chiqishni hamda tartibga solishning samarali mexanizmlarini joriy etishni talab qilmoqda. Bundan tashqari, Uy-joy kodeksi va Fuqarolik kodeksida nazarda tutilgan va bir-birini takrorlaydigan ayrim normalar oʻzaro zid boʻlib, huquqni qoʻllash jarayonida turli nizoli holatlarni keltirib chiqarmoqda.
Ushbu muammolarni bartaraf etish maqsadida “Oʻzbekiston Respublikasining Uy-joy kodeksini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi Qonun ishlab chiqilgan.
Senatorlar tomonidan olib borilgan oʻrganish va tahlillar Qonunda qayta koʻrib chiqilishi lozim boʻlgan masalalar mavjudligini koʻrsatdi.
Xususan, Kodeksning 7-moddasida Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligining koʻp kvartirali uylardan texnik jihatdan foydalanish normalari hamda qoidalariga rioya etish ustidan nazoratni amalga oshirishi belgilangan.
“Koʻp kvartirali uylarni boshqarish toʻgʻrisida”gi Qonunda esa ushbu vakolatlar Uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish vazirligi huzuridagi Koʻp kvartirali uy-joy fondidan foydalanish sohasini nazorat qilish inspeksiyasiga berilgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 28-avgustdagi PF-151-sonli Farmoniga asosan Koʻp xonadonli uy-joy fondidan foydalanishni nazorat qilish inspeksiyasi, Ichimlik suvidan foydalanishni nazorat qilish inspeksiyasi va Qurilish sohasida nazorat inspeksiyasi negizida Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi sohasida nazorat qilish inspeksiyasi tashkil etilgan.
Yuqoridagilarni inobatga olib, Kodeksning 7-moddasida belgilangan Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi vakolatlarini qayta koʻrib chiqish maqsadga muvofiq.
Kodeksning 30-moddasida turar joyni mulkdorlar bilan tuziladigan shartnoma asosida buzish va oʻrnida yangi bino qurish tartibi belgilangan boʻlsa, 36-moddasida ham turar joylarni buzish va ularning oʻrnida yangi turar joylar qurish nazarda tutilgan.
Bir munosabat Kodeksning 2 ta moddasida takror bayon qilinayotganligi sababli 30 va 36-moddalarini muvofiqlashtirish lozim.
Bundan tashqari, Kodeksning 40-moddasida uy-joy sharoitlarini yaxshilashga muhtoj 5 toifa shaxslar koʻrsatilgan.
Ushbu toifalarni belgilashda asos sifatida olingan Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 26-fevraldagi 170-sonli qarori bilan tasdiqlangan Uy-joy sharoitlarini yaxshilashga muhtoj boʻlgan fuqarolarni hisobga olish, davlat uy-joy fondidagi turar joylarni taqsimlash va taqdim etish tartibi toʻgʻrisidagi nizom bekor qilingan.
Uning oʻrniga Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 11-martdagi 124-sonli qarori bilan Davlat uy-joy fondidan foydalanish va uni tasarruf etish tartibi toʻgʻrisidagi nizom tasdiqlangan.
Ushbu Nizomda 5 ta toifadan tashqari uy-joy ajratilayotgan aholi punktida kamida uch yil yashayotgan va roʻyxatda turgan fuqarolar ham uy-joy sharoitlarini yaxshilashga muhtoj boʻlgan fuqarolar hisoblanishi belgilangan.
Bu oʻrinda uy-joy sharoitlarini yaxshilashga muhtoj boʻlgan fuqarolar toifasini qayta koʻrib chiqish lozim boʻladi.
Senatorlar ushbu Qonunda yana boshqa bir-biriga zid normalar hamda amalga oshirilgan maʼmuriy islohotlar doirasida qayta tashkil etilgan inspeksiyalar masalalariga alohida eʼtibor qaratdi.
Yuqoridagilarni inobatga olib, senatorlar Qonunni rad etdi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- “Bashakshehir” Turkiyaning grand klubi bilan durang oʻynadi
- Oʻzbekiston milliy terma jamoasi uchun Jahon chempionati qurʼasi omadli oʻtdimi?
- Sakkizta gol urilgan oʻyinda “Barselona” gʻalaba qozondi
- Ўзбекистон терма жамосининг Жаҳон чемпионатидаги ўйин саналари эълон қилинди
- AQSH Yevropadan NATO majburiyatlarining asosiy qismini oʻz zimmasiga olishni talab qildi
- Germaniyada oʻquvchilar harbiy chaqiruvga qarshi namoyishga chiqdi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring