Sayohat ortidan qancha tajriba, bilim orttiriladi

11:30 11 Dekabr 2020 Siyosat
1133 0

Bugun mamlakatimizda turizm sohasi iqtisodiyotning strategik tarmoqlaridan biri sifatida jadallik bilan rivojlanmoqda. Bir qator qonuniy asoslarning yaratilayotgani esa uning taraqqiyotiga zamin boʻlmoqda.

Keling endi sohadagi yutuqlarga bir koʻz tashlaylik. Ayni vaqtda fuqarolaridan mamlakatimizga viza talab etilmaydigan mamlakatlar soni 9 tadan 86 taga yetkazildi, 53 ta davlat uchun “elektron viza” tizimi joriy etildi. Eng muhimi, turizm uchun qiyin boʻlgan joriy yilda sohadagi subyektlar har tomonlama qoʻllab-quvvatlandi, ularga subsidiya va ssudalar berildi.

Joriy yil 9-dekabr kuni Prezidentimiz raisligida oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishining mazkur mavzuga bagʻishlangani ham sohadagi tizimli ishlarni yangi bosqichga koʻtarishni oʻzida ifoda etdi.

Tanqidiy ruhda oʻtgan yigʻilishda sohadagi kamchiliklarni bartaraf etish, mamlakatimizning turizm salohiyatini tiklash va rivojlantirish istiqbollari muhokama qilingani bejiz emas.

Inchunin, kelgusi yilda 1,7 million xorijiy, 7.5 million mahalliy sayyohlarni jalb qilish, turizm xizmatlari eksportini 370 million dollarga yetkazish maqsad qilingan. Bu boradagi eng katta manba esa ziyorat turizmidir. Yurtimizning bu yoʻnalishdagi yutuqlari talaygina. Bu imkoniyatdan foydalanish orqali 700 ming ziyoratchini jalb qilish va oʻz navbatida, 130 million dollarlik xizmatlar eksportini taʼminlashga erishish mumkin.

Shu bilan birga, bugun sohada shunday muammolar ham borki, undan aslo koʻz yumib boʻlmaydi. Bu milliy aviakompaniyadagi chiptalarning narxi balandligi masalasi. Tabiiyki, oddiy fuqaro yoki birgina maoshga kun kechiradigan yurtdoshimiz xorijiy sayohatga istaganida borolmaydi. Chipta narxiga yetadigan pulni yoki misqollab toʻplashi yoki qarzga olishi kerak – agar albatta istasa...

Prezidentimiz tomonidan bu masala qattiq tanqid ostiga olingani, ularni arzonlashtirish vazifasi qoʻyilgani ham fuqarolarimiz, xalqimiz manfaatlari uchun, albatta.

Yana bir quvonarli jihati, kelgusida Yevropaning qator mamlakatlari bilan aviaqatnovlarni bosqichma-bosqich tiklash va yangi reyslarni yoʻlga qoʻyish boʻyicha koʻrsatmalar berilgani sohaning yana-da jadal rivojlanishiga xizmat qiladi.

Mamlakatimiz qadimiy obidalar, muqaddas ziyoratgohlar bilan bir qatorda, betakror madaniyati va anʼanalari, xushmanzara tabiati bilan sayyohlarni oʻziga rom etib kelayotganini yaxshi bilamiz. Bu borada ziyorat turizmi boʻyicha salohiyatli davlatlar fuqarolari uchun viza tizimini soddalashtirish yoʻlga qoʻyilishi ayni muddaodir.

Xulosa qilib aytganda, sayohat qilish insonni ruhlantiradi, dunyoqarashini kengaytiradi, eng muhimi, inson atrofga yangicha qaray boshlaydi. Shu jihatdan kelgusi yildan “Oʻzbekiston boʻylab sayohat qil!” nomli ichki turizm dasturining izchil davom ettirilishi muhim voqelikdir. Zotan, sayohat ortidan qancha tajriba, bilim orttirish mumkin.

Abdulla ROʻZMETOV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,
OʻzLiDeP fraksiyasi aʼzosi

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?