Savdodagi 8 nomdagi oziq-ovqat mahsulotlari amaldagi hujjatlarga nomuvofiq deb topdi

13:14 31 Iyul 2024 Iqtisodiyot
184 0

Foto: Raqobat qoʻmitasi

Oʻzbekiston doʻkonlarida sotilayotgan 8 ta oziq-ovqat mahsulotini laboratoriya sinovlari amaldagi hujjatlarga nomuvofiq deb topdi. Bu haqda Raqobatni rivojlantirish va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish qoʻmitasi axborot xizmati xabar berdi.

Maʼlum qilinishicha, Raqobat qoʻmitasi Oʻzbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi bilan hamkorlikda yangi loyiha boshlangan. Taʼkidlanishicha, loyihadan koʻzlangan maqsad sifatsiz mahsulotlardan isteʼmolchilarni himoya qilish, mahsulotlar sifatini nazorat qilish, isteʼmolga yaroqsiz hamda texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjat talablariga javob bermaydigan mahsulotlar aylanmasining oldini olish hisoblanadi.

Qayd etilishicha, nazorat xaridi uchun Toshkent shahridagi savdo shoxobchalaridan 9 nomdagi oziq-ovqat mahsulotlaridan namunalar xarid qilingan va belgilangan tartibda rasmiylashtirilib, akkreditatsiyadan oʻtgan laboratoriyalarga sinovdan oʻtkazish uchun taqdim etilgan.

Mahsulotlarning sifati va xavfsizligi boʻyicha Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qoʻmitasining Milliy “Referens” va “Texnostandart-NEO” MCHJ huzuridagi akkreditatsiyadan oʻtgan laboratoriyalar xulosasiga koʻra, 9 nomdagi oziq-ovqat mahsulotlaridan 8 nomdagisi yaʼni ularning 88 foizi amaldagi texnik jihatdan tartibga solish hujjatlariga nomuvofiqligi maʼlum boʻldi.

Jumladan, texnik reglament yoki standart talablari boʻyicha kamchiliklar mahsulotning tarkibi, yorliqlanishi va qadoqlanishi bilan bogʻliq boʻlib, quyidagi ishlab chiqaruvchi korxonalarga tegishli ekanligi aniqlandi:

  • “BRUNI” shokoladli keks mahsuloti — ishlab chiqaruvchi korxona “Almerro Group” MCHJ;
  • “SELLATILGAN MOL GOʻSHTI oliy nav” Konservalangan mol goʻshti mahsuloti — ishlab chiqaruvchi korxona “Marmaks” QK MCHJ;
  • “BIO KEFIR” kefir — ishlab chiqaruvchi korxona “DIL-BAH DAIRY GROUP” MCHJ;
  • “Qand” mahsuloti — ishlab chiqaruvchi korxona “Prima industries group” MCHJ;
  • “Chernogolovka” gazlangan salqin ichimlik — ishlab chiqaruvchi korxona “Aqua Products” MCHJ QK;
  • “Urussa” kungaboqar yogʻi — ishlab chiqaruvchi korxona “Resurs” moy ekstraksiya zavodi;
  • “Kunjutnoye maslo” yogʻ mahsuloti — ishlab chiqaruvchi korxona “Maxmadjon Nurafshon” XK;
  • “Sedana yogʻi” yogʻ mahsuloti — ishlab chiqaruvchi korxona “Maxmadjon Nurafshon” XKlar.

Raqobat qoʻmitasi nazorat xaridi davomida aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish va sifatsiz mahsulotlarning sotilishiga chek qoʻyish yuzasidan belgilangan tartibda choralar koʻrilayotganini qayd etgan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер