Saudiya Arabistonining ishbilarmon doiralari vakillari bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi

23:23 18 Avgust 2022 Siyosat
520 0

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Jidda shahrida Saudiya Arabistoni Podshohligining yetakchi kompaniyalari va moliyaviy tuzilmalari rahbarlari bilan uchrashuv oʻtkazdi.

Tadbirda investitsiyalar vaziri Xolid al-Falih hamda podshohlikning “ACWA Power”, “SABIC”, “Saudi National Bank”, “Al Rajhi Capital”, “Maʻaden”, “Petromin” “Jamjoom Pharma”, “SEDCO”, “Salic”, “Albawani”, “Ajlan & Bros”, “Desert Technologies” kabi yigirmaga yaqin eng yirik kompaniya va korporatsiyalari rahbarlari ishtirok etdi.

Davlatimiz rahbarining xorijga tashriflari davomida ishbilarmon doiralar vakillari bilan uchrashuvlar oʻtkazish anʼanaga aylangan. Bunday muloqotlar manfaatlar tutashgan nuqtalarni aniqlash, sanoat kooperatsiyasi va investitsion hamkorlik istiqbollarini belgilab olish uchun yaxshi imkoniyat.

Oʻzbekiston va Saudiya Arabistoni oʻzaro munosabatlarni, eng avvalo, savdo-iqtisodiy sohada sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqish uchun ulkan salohiyatga ega. Keyingi yillarda Hukumatlararo komissiya va Ishbilarmonlar kengashining yigʻilishlari muntazam oʻtkazilmoqda. Tovar ayirboshlash hajmi ortib, qoʻshma korxonalar ochilmoqda.

Prezidentimiz kecha Valiahd shahzoda bilan muzokaralarda ikki tomonlama savdo aylanmasini bir necha karra koʻpaytirish, tadbirkorlarning tashabbuslarini har tomonlama qoʻllab-quvvatlash va investitsiya loyihalarini moliyalashtirish boʻyicha kelishuvga erishilganini taʼkidladi.

Bu hamkorlikdagi biznes uchun qulay imkoniyat. Xususan, Oʻzbekistonda tadbirkorlik bilan shugʻullanish, xorijiy sarmoya ishtirokini kengaytirish uchun eng qulay sharoitlar yaratilmoqda.

Mamlakatimizda muvaffaqiyatli ish yuritayotgan Saudiya kompaniyalarining tajribasi koʻrsatib oʻtildi. Masalan, “ACWA Power” kompaniyasi bilan hamkorlikda 2 milliard 600 million dollarlik yirik energetika loyihalari boshlangan.

Ishtirokchilarning eʼtibori tashrif arafasida oʻtgan Oʻzbekiston-Saudiya ishbilarmonlar kengashi yigʻilishining misli koʻrilmagan natijalariga qaratildi. Jumladan, uning yakunida umumiy qiymati 14 milliard dollardan ziyod loyihalarni amalga oshirish toʻgʻrisida bitimlar imzolandi.

Oʻtgan 30 yilda bunday ulkan kelishuvlarga erishilmagani, saudiyalik hamkorlar uchun eng yaxshi sharoitlar yaratish ishlari davom ettirilishi taʼkidlandi.

Davlatimiz rahbari Saudiya kompaniyalarini yangi loyihalarni ishlab chiqish va amalga oshirishda yanada yaqindan hamkorlik qilishga chaqirdi.

Uchrashuvda Prezident Shavkat Mirziyoyev ikki tomonlama sheriklikni rivojlantirishga doir fikrlarini bayon qildi. Xususan, saudiyalik ishbilarmonlar Oʻzbekistondagi yirik banklar, sanoat va infratuzilma obyektlarini xususiylashtirish jarayonlarida ishtirok etishga taklif etildi. Qoʻshma loyihalarni amalga oshirish uchun eng istiqbolli sohalar sifatida “yashil” energetika va “yashil” iqtisodiyot koʻrsatib oʻtildi.

Oʻzbekiston shamol elektr stansiyalarini barpo etish, “yashil” vodorod ishlab chiqarish, muqobil energetikani rivojlantirish, sanoatda raqamlashtirishni chuqurlashtirish va qoʻshma ilmiy tadqiqotlar bilan shugʻullanish borasida faol hamkorlikka tayyor ekani taʼkidlandi.

Mamlakatimiz yetakchisi yurtimiz raqamli iqtisodiyot, bio va nanotexnologiyalar, dasturiy taʼminot, innovatsiyalar va sunʼiy intellekt sohalarida sheriklikni kengaytirishdan manfaatdorligini qayd etdi.

Oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarish, sogʻliqni saqlash va turizm loyihalarini amalga oshirishga alohida eʼtibor qaratish taklif qilindi.

Shuningdek, mamlakatimizda Saudiya taraqqiyot fondi ishtirokida suv va elektr taʼminoti borasidagi infratuzilmaviy loyihalarni takomillashtirish ishlarini davom ettirish rejalashtirilgan.

Hamkorlik qilish taklifiga javob berar ekan, Saudiya Arabistoni kompaniya, xolding va korporatsiyalari rahbarlari Oʻzbekistonda faol biznes uchun yaratilgan sharoitlarni yuksak baholadilar. Oʻz chiqishlarida ular qoʻshma loyihalarni amalga oshirish rejalarini bayon qilib, turli xil yoʻnalishlarda oʻzaro aloqalar va sheriklikni rivojlantirishga doir nuqtayi nazari bilan boʻlishdilar.

Prezident Shavkat Mirziyoyev saudiyalik hamkorlarning taklif va fikr-mulohazalarini diqqat bilan tinglab, barcha loyihalarning amalga oshirilishi ustidan qatʼiy nazorat oʻrnatilishini qayd etdi.

Mutasaddilarga taʼsirchan mexanizmlar va aniq ijro muddatlari koʻrsatilgan kompleks “Yoʻl xaritasi”ni qabul qilish topshirildi. Shu orqali tashrif doirasida erishilgan barcha kelishuvlar ijrosi uchun tegishli vazirlik va idoralar rahbarlari shaxsan javobgar boʻladilar.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер