“Sarchashma” olmalari xorijda ham xaridorgir

18:04 12 Oktyabr 2023 Jamiyat
443 0

Foto: “Xalq soʻzi”

Sarchashma mahallasi Dehqonobod tumanining eng olis va chekka aholi yashash manzillaridan biri hisoblanadi. Purviqor togʻlar bagʻrida joylashgan bu hududning musaffo havosi, zilol suvi, unumdor tuprogʻi ayniqsa, bogʻdorchilik uchun juda qulay.

Mehnatkash, tashabbuskor qishloq odamlari esa bu imkoniyatdan toʻlaqonli foydalanmoqda. Aholi tomorqasida ham, dehqon va fermer xoʻjaliklarining yer maydonlarida ham shovullagan bogʻlarni uchratasiz.

— Odamlarimiz, ayniqsa, olma yetishtirishning hadisini olgan, — deydi Sarchashma mahallasidagi hokim yordamchisi Sayriddin Koʻchimov. — Bugungi kunda faqat olmaning oʻzidan 300 — 400 millionlab daromad topayotgan oilalarimiz koʻp.

Shu yerlik tajribali bogʻbon Qurbonnazar Norqobilov ham mahalla ahli olmadan yaxshi daromad topayotgani va shuning ortidan turmushi farovon ekanini taʼkidladi.

— Oʻzim qariyb 50 yildan buyon olma yetishtirish bilan shugʻullanaman, — deydi u. — Hozir oʻgʻlimning nomiga bogʻdorchilik fermer xoʻjaligini tashkil qilganmiz. Xoʻjalik tasarrufidagi 1,2 gektar 350 tup olma daraxtimiz bor. Oʻtgan yili 30 tonnadan oshiq hosil olgandik. Bu yil yanada koʻprogʻini chamalab turibmiz.

Endi hisob-kitob qilib koʻring, ayni vaqtda bir kilo sara olmaning oʻrtacha ulgurji bahosi 10 ming soʻmdan kam emas. Buni 30 tonnaga koʻpaytirsak, 300 million soʻm mablagʻ, degani. Bu fermer uchun kam daromad emas. Sarchashmalik oilalarning bugungi farovon hayoti zamirida ham ularning ana shu tadbirkorligi, mehnatlari hosilasi mujassam.

Mahalla ahlining aytishicha, mahsulotni sotishda umuman muammo yoʻq. Har yili hosil yigʻimi vaqtida bu yerga koʻplab tadbirkorlarning oʻzlari kelib, olma sotib olishadi. Soʻng ular “Sarchashma” olmalarini mamlakatimizning barcha hududlari hamda xorij bozorlariga yetkazib berishadi.

Jahongir BOYMURODOV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?