SamDUda rektor va ota-onalar uchrashuvi boʻlib oʻtdi
Samarqand davlat universitetida Biokimyo, Muhandislik fizikasi institutlari, tarix, filologiya, matematika fakultetining 1-bosqich iqtidorli talabalar va ularning ota-onalari bilan uchrashuv tashkil etildi.
Tadbir avvalida ota-onalar farzandlari tahsil olayotgan institut va fakultetlarda boʻlishdi. Oʻquv jarayonlari, laboratoriyalar, muzeylar faoliyati bilan tanishdi. Oʻquv xonalari, maʼruzalar zali, kutubxona, oshxona va yotoqxonalarga kirib, yaratilgan sharoitlarni koʻzdan kechirdi.
Samarqand davlat universiteti rektori, Oʻzbekiston Respublikasi fan arbobi, Oliy Majlis Senati aʼzosi Rustam Xolmurodov gʻoyasi asosida yaratilgan film ota-onalar eʼtiboriga havola qilindi. Filmda oddiy oiladan chiqib, bilim, taʼlim olish orqali yuqori natijalarga erishgan qahramonlarning hayot yoʻli aks ettirilgan.
«Oʻzingizga ishoning! Siz ular kabi kuchlisiz. Bilim egallang. Umidsizlikka tushmang. Faqat oldinga, faqat olgʻa…» shiori asosida tayyorlangan mazkur film tadbir ishtirokchilarida katta taassurot qoldirdi.
— Universitet rahbariyatining ota-onalar bilan uchrashuvi biz uchun manfaatli boʻldi, — deydi talabaning otasi Shahobiddin Yaxshiboyev. — Farzandim matematika fakultetida oʻqiydi. Men ham matematikman. Bu yerdagi oʻqituvchilarni yaxshi bilaman. Biz oʻqigan davr bilan hozirgi sharoitlarni taqqoslasam, toʻgʻrisi, farzandlarimizga havas qilaman. Bugun namoyish etilgan filmda ham chuqur maʼno bor. Farzandning tarbiyasida ota-onaning oʻrni muhim boʻlishi kerak.
— Farzandim Abdumannon joriy yilda SamDUning Muhandislik fizikasi institutiga oʻqishga qabul qilindi, — deydi Gulnoza Joʻrayeva. — Oʻgʻlimning iqtidorli guruhda tahsil olishi meni quvontirdi. Bugun ertalabdan Muhandislik fizikasi institutida boʻldim. Farzandim shunday hashamatli binolarda, zamonaviy laboratoriyalar, shinam xonalarga ega dargohda oʻqishidan faxrlandim. Universiteti rahbariyati bilan uchrashuvimiz ota-onalar uchun ayni muddao boʻldi. Domla maxsus fanlarni oʻqitishdan tashqari, chet tillarni bilish afzalliklari haqida toʻxtaldi. Bugundan boshlab farzandlarimni til oʻrganishi uchun barcha choralarni koʻraman.
— Bugungi uchrashuvdan xursandman. Yigirma yil oldin shu universitetni tamomlaganman, — deydi Maxsuma Karimova. — Jonajon universitetimni bugun yana bir bor koʻrdim. Qizim filologiya fakultetida oʻqiydi. Bugungi majlisda namoyish etilgan filmdan rosa taʼsirlandim. Talaba va ularning ota-onalari uchun ibrat boʻladigan film boʻlibdi. Film qahramonlari hayotini soʻzlab berar ekan, ota-onamni yodga oldim. Bugun universitetni koʻrib shunga amin boʻldimki, davlat bolalarimizning oʻqishi uchun barcha sharoitni yaratib bergan. Farzandlarimizning qanday oʻqishi esa oʻzlarining qoʻllarida.
Tadbir davomida SamDU rektori Rustam Xolmurodov ota-onalarga farzandlarini oʻqitishi uchun qator tavsiyalar berdi. Ishonchimiz komilki, ushbu tavsiyalarga amal qilinsa, yoshlarning kelajagi porloq boʻladi.
Samarqand davlat universiteti axborot xizmati.
Shavkat AKRAMOV olgan suratlar.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Tinchlik sulhi shartlari bajarilmoqda: Gʻazo 3 nafar, Isroil 90 nafar mahbusni vataniga qaytardi
- Shavkat Mirziyoyev aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirishga oid muhim qarorni imzoladi
- “Eng yaxshi maqolalar” tanlovi gʻoliblari aniqlandi
- Oʻzbekistonda 2025-yil 1-apreldan elektr energiyasi va gaz narxlari oshiriladi
- Voyaga yetmaganlar o‘rtasida huquqbuzarliklar profilaktikasi tizimi takomillashtirilmoqda
- Harbiy xizmatni oʻtash bilan bogʻliq tartiblar yangilanadi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring