Samarqandlik rahbarlar Toshkent shahrida boʻlishdi

11:08 20 Noyabr 2020 Jamiyat
1235 0

Mamlakatimizda davlatimiz rahbari boshchiligida amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlar natijasida, ijtimoiy-iqtisodiy oʻsish kuzatilib, xalqimizning turmush darajasi yana-da oshib bormoqda. Bu borada poytaxtimizdagi yangilanish va oʻzgarishlar, bunyodkorlik ishlari bilan tanishish, shuningdek, zamonaviy infratuzilma obyektlari, ishlab chiqarish korxonalaridagi ish jarayoni, sohalarga joriy etilayotgan yangiliklar borasida maʼlumot olishi, oʻzaro tajriba almashish maqsadida, joriy yilning 14-15-noyabr kunlari viloyat hokimi Erkinjon Turdimov boshchiligidagi Samarqand viloyatining shahar va tuman hokimlari hamda turli tashkilotlar rahbarlaridan iborat delegatsiya aʼzolari Toshkent shahrida boʻlishdi.

Delegatsiyaning poytaxtdagi ilk tashrif manzili Tashkent City kompleksi hududidagi kongress-xoll majmuasi boʻldi. Mehmonlarga mazkur zamonaviy majmua haqida Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxoʻjayev maʼlumot berib oʻtdi.

Mazkur kongress-xollning umumiy maydoni 43 ming kvadrat metr boʻlib, unda yirik xalqaro anjumanlar, oliy darajadagi muzokaralar oʻtkazish uchun barcha sharoit yaratilgan. Delegatsiya aʼzolari birinchi qavatdagi 3,5 ming ishtirokchiga moʻljallangan konferensiyalar zali bilan yaqindan tanishib chiqishdi.

Toshkent shahar hokimi kongress hol MDH davlatlari orasida eng yirik majmualardan biri ekanligini bildirib oʻtar ekan, har bir xonalarning jihozlanishida asosiy eʼtibor milliylik va mebel jihozlarning shakli bir-biriga oʻxshamasligiga harakat qilingani qayd etib oʻtdi.

Delegatsiya aʼzolari Toshkent Citi bogʻini ham tomosha qilishdi. U xalqaro biznes markazining qoq oʻrtasida joylashgan. Bogʻning kattaligi 18,5 gektar. Bogʻ hududida mutlaqo yangi formatdagi turli xil koʻngilochar va hordiq chiqarish joylari yaratilgan.

Bogʻning eng asosiy va diqqatga sazovor joyi – bu uzunligi 200 metrga teng boʻlgan musiqali favvoradir. U koʻlning qoq markazida joylashgan boʻlib, jozibadorligi bilan hammani oʻziga maftun etadi. Ushbu favvora har kecha bogʻga tashrif buyuruvchi mehmonlarning davomli qarsaklari ostida lazerli effektga ega boʻlgan joʻshqin suvli shou namoyish qiladi.

15-noyabr kuni erta tongdan delegatsiya aʼzolari Toshkent shahar hokimligining gul xoʻjaligi faoliyati bilan shugʻullanuvchi davlat-xususiy sherikchilik asosidagi “Flowers garden” MCHJ faoliyati bilan tanishib chiqishdi.

Uchtepa tumanida joylashgan “Flowers garden” gullar olami issiqxonasida Toshkent shahar hokimiyati tomonidan salohiyatli investorlar jalb etilishi natijasida 17 milliondan ortiq gullar yetishtirilmoqda. Bu yerdagi qulay sharoit rang-barang gullar koʻpchilik hamyurtlarimiz va xorijiy mehmonlarni hayratga solib kelmoqda.

2018-yilda “Flowers garden” dekorativ oʻsimliklarni yetishtirish boʻyicha ulkan qadam tashladi. Qisqa vaqt ichida mazkur tashkilot mavsumiy gullar va butalarni yetishtirish boʻyicha Oʻzbekistondagi eng yirik ishlab chiqaruvchisiga aylanishga muvaffaq boʻldi. Turkiya, Latviya va Gollandiya kabi xorijiy davlatlar tomonidan “Flowers garden” uchun oʻsimliklar va oʻgʻitlar yetkazib beriladi. Mehmonlar bu yerdagi issiqxonalarda yetishtirilgan gullar va ularning parvarishlash usullarini koʻzdan kechirib chiqishdi.

Toshkent shahar Obodonlashtirish boshqarmasi, Toshkent shahar hokimligi huzuridagi davlat-xususiy sherikchilik asosida tashkil qilingan «Toshkent road» QK va Toshkent shahar Uy-joy kommunal xoʻjalik boshqarmasining faoliyatlari alohida tartibda tegishli rahbarlar tomonidan oʻrganildi. Ayniqsa, Toshkent shahar hokimligining davlat-xususiy sherikchilik asosida tashkil etilgan gul yetishtirish xoʻjaligi, yoʻllarni taʼmirlash qoʻshma korxonasi va boshqaruv servis kompaniyasining tajribalari boʻyicha zarur tavsiya va koʻnikmalar olindi.

Navbatdagi manzil “Flowers Garden Park” istirohat bogʻi boʻldi. Sergeli tumanidagi 10 gektar yashil hududda bogʻ hamda zamonaviy gullar markazi joylashgan. “Flowers Garden Park” da zarang, magnoliya, qora qaragʻay, fotiniya va yana 25 turdagi dekorativ daraxtlar ekilgan. Bundan tashqari bogʻda gazon yotqizilgan boʻlib, “yashil hayvonlar” oʻrnatilgan. Shuningdek, bogʻda koʻchatlar xiyoboni ham boʻlib, har bir koʻchat oldida u haqdagi maʼlumot yozib qoʻyilgan.

Delegatsiya aʼzolari tashrif doirasida «Xumo Arena» muz saroyida ham boʻlishdi. Bu yerda 12,5 ming oʻrinli muz arenasi, kichik mashgʻulotlar arenasi, sport muzeyi, mashgʻulot zallari, fitnes-markaz, restoran va sport anjomlari doʻkonidan iborat. Xokkey, kerling, figurali uchish, short-trek boʻyicha xalqaro turnirlardan tashqari, arena sportning basketbol, voleybol, gandbol futbol, boks, taekvondo, qilichbozlik va boshqa turlari boʻyicha musobaqalarni ham oʻtkazishga moʻljallanganligi delegatsiya aʼzolarida katta taassurot qoldirdi.

“Gʻalaba bogʻi” ham tashrif dasturidan oʻrin oldi. Oʻtgan yili Prezidentimiz tomonidan ulkan bogʻ barpo etib, xalqimiz qahramonligini abadiylashtirish tashabbusi ilgari surilgan edi. Shundan soʻng, ilmiy-ijodiy jamoatchilikning takliflari, xorijiy mamlakatlar tajribasi asosida badiiy-meʼmoriy konsepsiya ishlab chiqildi. Davlatimiz rahbari bu boradagi loyihalar bilan bir necha bor tanishdi. Toshkent shahrining Olmazor tumanida 12 gektardan ziyod joy ajratilib, ulkan qurilish-obodonlashtirish ishlari amalga oshirildi. Natijada bunyod etilgan Gʻalaba bogʻi Oʻzbekiston xalqining Ikkinchi jahon urushida gʻalabani taʼminlashga qoʻshgan ulkan hissasini, jasoratini bor koʻlami bilan koʻrsatib beradigan yaxlit majmuaga aylandi.

Shuningdek, Samarqand viloyati delegatsiyasi Toshkent shahri Mirzo Ulugʻbek tumanida zamonaviy ekobozorda boʻlishdi. Bu yerda fermer, dehqon xoʻjaliklari, tadbirkorlar uchun oʻz mahsulotlarini sotish imkoniyatlari oziq-ovqat, qishloq xoʻjaligi, maishiy-kimyo mahsulotlari savdosini koʻzdan kechirishdi.

Toshkentda dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalari parki — IT Park shahar va tuman hokimlari korxona va tashkilot rahbarlarida katta taassurotlar qoldirdi. Istiqbolli startap-loyihalarni ishga tushirish hamda ularni ichki va tashqi bozorlarga chiqarishga ixtisoslashgan IT Park “RevoTech” rezidenti Samarqandlik mehmonlarga oʻzining “Monterra” loyihasi haqida maʼlumot berib oʻtdi. Ushbu loyiha Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 28-apreldagi “Raqamli iqtisodiyot va elektron hukumatni keng joriy etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq amalga oshirilayotgan yirik loyiha hisoblanadi.

Loyihani sinovdan oʻtkazish maqsadida dastlabki bosqichda 20 ta fermer xoʻjaligining ekin ekilgan paxta yerlarining eksperimental asosda onlayn monitoringi tashkil etildi. Monitoring jarayonida ekinlarni yetishtirish, xorijiy ekinlar mavjudligi, kimyoviy, organik va mineral oʻgʻitlardan foydalanish, yerlarni suv bilan taʼminlash, ularning hosildorligini oshirish, shuningdek, resurslarni tejash masalalari boʻyicha muhim maʼlumotlarni taqdim etish va tahlil qilish boʻyicha tavsiyalar ishlab chiqildi.

Shuningdek, Samarqand viloyatidagi karyerlardan noqonuniy qum va toshlar noruda foydali qazilmalardan foydalanilayotganiga barham berish maqsadida ishlab chiqilgan MONTERRA dasturning taqdimoti oʻtkazildi.

Delegatsiya aʼzolari Toshkent metropolitenining Yunusobod yoʻnalishidagi “Turkiston”, “Yunusobod” va “Qoʻyliq” metro bekatlariga tashrif buyurib, mazkur bekatlar oraligʻida stansiyalarda yaratilgan sharoitlarni koʻzdan kechirishdi.

Tashrif doirasida shuningdek, “Bektemir metall konstruksiyalari” masʼuliyati cheklangan jamiyat ham koʻz kechirildi. 2018-yilda ishga tushirilgan korxona yiliga 65 ming tonna ruxlangan metall, 1600 kilometr yoʻl toʻsiqlari, 130 ming tonna payvandlangan quvur va 17 ming dona yoritish ustuni ishlab chiqarish quvvatiga ega.

Korxona vakillari metall konstruksiyalarni issiq haroratda ruxlash Italiyaning Bisol S.R.A. uskunasida, xalqaro meʼyorlar va sifat standartlari darajasida amalga oshirilayotgani, bunday mahsulotlarning chidamliligi, koʻrimliligi va oʻrnatish jarayonida qulayligi bilan afzal ekanligini bildirishdi. Shuningdek, bu yerda Xitoy, Janubiy Koreyadan keltirilgan zamonaviy texnologiyalar oʻrnatilgan.

Delegatsiya aʼzolari 2019-yilda asos solingan, umumiy qiymati 51,5 million AQSH dollari boʻlgan koʻp tarmoqli Texnopark ishlab chiqarish majmuasida ham boʻldi. Yashnobod tumanida joylashgan korxonada Janubiy Koreyaning “Samsung Electronics” kompaniyasi texnologiyasi oʻrnatilgan. Bu yerda maishiy sovutgichlar ishlab chiqarish zavodi ham faoliyat koʻrsatmoqda. Korxonada ishlab chiqarish jarayoni toʻliq avtomatlashtirilgani natijasida har 19 soniyada bitta mahsulot tayyorlash mumkin. Yuqori qoʻshimcha qiymatga ega bu sovutgichlar eksportbop hisoblanadi.

Mazkur texnopark 2019-yil avgustda tashkil etilgan. Bu yerda 2020-2021-yillarda 15ta investitsiya loyihasi amalga oshirilishi rejalashtirilgan. Barcha loyihalar bajarilgandan keyin jami ishlab chiqarish hajmi yiliga 800 million dollar boʻlishi moʻljallangan.

Xulosa qilib aytganda, mazkur xizmat safari davomida toʻplangan tajribalar asosida Samarqand viloyati hamda hududlarini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish boʻyicha alohida-alohida chora-tadbirlar ishlab chiqilib, amaliyotga tatbiq etilishi rejalashtirildi.

Abdulaziz Yoʻldoshev
(Xalq soʻzi)



Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?