Samarqanddagi “Afrosiyob” muzeyi restavratsiya qilindi

10:47 20 Fevral 2024 Jamiyat
227 0

Foto: “Xalq soʻzi”

Abdulaziz Yoʻldoshev/“Xalq soʻzi”. 2019-yilda Janubiy Koreya Respublikasining Madaniy meros jamgʻarmasi bilan Samarqand davlat muzey-qoʻriqxonasi va Oʻzbekiston Fanlar Akademiyasi oʻrtasida “Ipak yoʻli madaniy merosini tadqiq etish va saqlash”ga doir memorandum imzolangan edi.

Loyiha “Ipak yoʻli” madaniy merosining saqlanishi va tadqiq etilishi boʻyicha maʼlumot hamda koʻnikma almashinuvi, shu bilan birga, arxeologik tadqiqotlar orqali turizmni rivojlantirish, Samarqand davlat muzey-qoʻriqxonasi fondida saqlanayotgan etnografik va arxeologik topilmalarni restavratsiya va konservatsiya qilishga yoʻnaltirilgan.

— Shu asosda Janubiy Koreya Respublikasi Koreya hukumati madaniy meros sohasida ODA (Official Development Assistance) loyihasini amalga oshirib, 2019-2021-yillarda Samarqand davlat muzey-qoʻriqxonasi tarkibidagi Oʻzbekiston madaniyati tarixi davlat muzeyida zamonaviy konservatsiya va restavratsiya laboratoriyasini oʻrnatgan edi, — deydi Samarqand davlat muzey-qoʻriqxonasi bosh muhofizi Mahmudxon Yunusov. — Ayni paytda Oʻzbekiston Madaniy meros agentligi, Janubiy Koreya Respublikasining Madaniy meros jamgʻarmasi va soha mutaxassislari hamkorligida Samarqand viloyatidagi tarixiy obidalarni, xususan, “Afrosiyob” muzeyini asrab-avaylash va turizm markaziga aylantirish boʻyicha amaliy ishlar davom etmoqda.

Foto: “Xalq soʻzi”

Jumladan, ODA dasturi asosida Janubiy Koreya Respublikasining Madaniy meros jamgʻarmasi tomonidan 2022-2026-yillarga moʻljallangan “Samarqand viloyatining tarixiy-madaniy turizm salohiyatini oshirish” loyihasi doirasida “Afrosiyob” muzeyining restavratsiya ishlari uchun 33 ming AQSH dollariga yaqin mablagʻ ajratildi. Natijada muzeyning birinchi qavati ekspozitsiyasi zamonaviy texnologiyalar bilan jihozlandi, koʻrgazmalar zali, yoʻlaklar yangilandi. Ikkinchi qavatning shifti va tomi ham qayta taʼmirlandi.

Hozirgi kunda muzey ekspozitsiyasidagi eksponatlar soni 2000 dan ziyodni tashkil etadi va ularning sonini oshirish, konservatsiya va restavratsiya qilish ishlari davom etmoqda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?