Samarqandda yashil toifadagi maktablar soni koʻpaydi

17:51 04 Sentyabr 2024 Jamiyat
145 0

Abdulaziz YOʻLDOSHEV/“Xalq soʻzi”. Samarqand viloyatidagi 1263 ta umumtaʼlim maktabi, 42 ta nodavlat taʼlim muassasasida “Birinchi qoʻngʻiroq” tadbiri koʻtarinki ruhda oʻtdi. Samarqand shahridagi 64-umumiy oʻrta taʼlim maktabida tashkil etilgan tadbirda viloyat hokimi maktab jamoasi, oʻquvchi va ota-onalarni yangi oʻquv yili bilan tabrikladi. Viloyatdagi maktablarning 1-sinfiga qabul qilingan bolalarga oʻquv qurollaridan iborat “Prezident sovgʻalari” yetkazib berildi.

Oʻtgan oʻquv yilida mavjud maktablarni 49315 nafar bitiruvchi tugatgan boʻlsa, 2024-2025 oʻquv yilida 81 ming nafarga yaqin bolalar 1-sinfga qabul qilindi. Ayni paytda viloyatda 4 ta maktab yangidan qurilib, 90 ta maktabda rekonstruksiya, 12 tasida mukammal taʼmirlash ishlari amalga oshirildi. Buning uchun 446,8 milliard soʻm mablagʻ yoʻnaltirilgan. Yangi oʻquv yili uchun “Zoʻr” loyihasi asosida 42 nafar xorijlik mutaxassis jalb etildi. Ular taʼlim beradigan maktablarda mahalliy oʻqituvchilar uchun mahorat darslari tashkil etilishi rejalashtirilgan.

Shu paytga qadar har bir tuman va shaharning kasb-hunar turiga boʻlgan ehtiyoji, moslashuvi hamda ixtisoslashganligini inobatga olgan holda, viloyatdagi 16 ta maktabda 14 ta yoʻnalishda kasblar oʻrgatilayotgan edi. Endi har bir tuman va shaharda yana 5 tadan, jami 80 ta maktabda 24 yoʻnalish boʻyicha kasb-hunarga oʻrgatish yoʻlga qoʻyiladi. Yangi oʻquv yilidan boshlab jami 96 ta maktabda yuqori sinf oʻquvchilariga kasb-hunar oʻrgatiladi.

Qoʻshrabot, Nurobod, Kattaqoʻrgʻon tumanlarining olis hududlarida boshqa viloyatdan kelib dars berayotgan tajribali oʻqituvchilar faoliyati ham yaxshi samara beryapti. Masalan, Nurobod tumanidagi 55-, Qoʻshrabotdagi 19-maktablar bundan ikki yil avval qizil toifada edi. Boshqa viloyatdan kelib faoliyat boshlagan ustozlar saʼy-harakati bilan bu taʼlim muassasalari bugungi kunda yashil toifadagi maktablarga aylandi.

Oʻtgan oʻquv yilida 68 ta maktab yangi baholash tizimiga oʻtkazilgandi. Natijada, taʼlim sifati oshgan va yuqori natijalarga erishgan ushbu maktab jamoalariga 40 foizgacha ustamalar belgilanishi maktablar oʻrtasida sogʻlom raqobatni yuzaga keltirdi. Yangi oʻquv yilidan yana 50 ta maktabda yangi baholash tizimi joriy etiladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?