Samarqandda yangi muzeyda innovatsion koʻrgazmalar namoyish etilmoqda
Foto: Xalq so‘zi
Shanxay hamkorlik tashkilotining 22 sammiti kunlarida Samarqand shahrida “Xalqlar doʻstligi va diniy bagʻrikenglik” hamda Oʻzbekiston va Xitoy oʻrtasidagi “Doʻstlik” muzeyi ishga tushgan edi. Mana bir necha kundirki mazkur muzeylar tashrif buyuruvchilar uchun ochiq va ularda turli koʻrgazmalar namoyish etilmoqda.
Oʻzbekiston va Xitoy oʻrtasidagi “Doʻstlik” muzeyidagi innovatsion texnologiyalarga asoslangan “Buyuk ipak yoʻli: Oʻzbekiston va Xitoyning oltin merosi” nomli ekspozitsiya xalqimizning boy oʻtmishi, madaniyati va jahon mamlakatlari bilan oʻzaro hamkorlik aloqalarining tarixiga bagʻishlangan boʻlib, bu mahalliy va xorijiy sayyohlarga manzur boʻlyapti.
Ekspozitsiyada Oʻzbekistonning qadimiy shaharlari bilan ipakning asl vatani boʻlgan Xitoy oʻrtasidagi ijtimoiy-iqtisodiy munosabatlarga asosiy eʼtibor qaratilgan. Muzeyning kirish zalida atoqli Xitoy faylasufi Konfutsiy va Ulugʻ oʻzbek mutafakkir shoiri Alisher Navoiyning dono soʻzlariga guvoh boʻlishingiz mumkin. Unda keltirilgan har ikkala allomalarning fikrlari, hikmatli soʻzlari xalqlarimiz tarixiy donishmandligining ramziy ifodasi hisoblanadi.
Ekspozitsiyaning markazida ipak, ip va matolarning tabiiy manbai boʻlgan hayot daraxti — tut koʻrinishidagi kompozitsiya oʻrin olgan. Bu orqali ipak qurtidan mato olish, uning oʻziga xosliklari aks ettirilgan boʻlib, bu ham tomoshabinlarda katta qiziqish uygʻotmoqda.
Maʼlumki, Xitoy chinnisi Oʻzbekistonda sirlangan kulolchilik texnologiyasi va estetikasiga oʻzining paydo boʻlgan birinchi asrlaridan to hozirgi kungacha ijobiy taʼsir koʻrsatgan. Oʻrta Osiyodagi Xitoy chinni anʼanalari mintaqaning Xitoy bilan Buyuk Ipak yoʻlidagi savdo ayirboshlash aloqalari tufayli jadal rivojlangan.
— Ekspozitsiya zallarida asosiy eʼtibor Oʻzbekiston sivilizatsiyasining antik davrida erishgan asosiy yutuqlari va ilk Oʻrta asrlarda Xitoy bilan madaniy aloqalari aks ettirilgan, — deydi Samarqand davlat muzey qoʻriqxonasi boʻlim mudiri Safura Roʻzimurodova. — Ushbu ekspozitsiyada bronza davriga oid kulolchilik va bronza buyumlari, Oʻzbekiston va Xitoy oʻrtasidagi aloqalarni aks ettiruvchi bronza oyna namunalari namoyish qilingan. Oʻzbekiston janubidagi Sopollitepa va Jarqoʻton aholi punktlarida topilgan miloddan avvalgi 17 - 16 - asrlarga oid bronza ashyolari esa Oʻzbekiston hududida bronzadan yasalgan buyumlarning keng assortimenti va ilk shahar sivilizatsiyasining madaniyati rivojlanganligidan dalolat beradi.
Yana bir ekspozitsiyada Samarqandda ishlab chiqariladigan ipak gilamlar namoyishi oʻrin olgan. Shuningdek, ekspozitsiyadan “Ipak imperiyalari” tarixiy romani asosida yaratgan grafik va chinni asarlaridan iborat koʻrgazma ham oʻrin olgan.
Muzeylar tariximizni asl holida saqlash, oʻsib kelayotgan yosh avlodning milliy qadriyat va anʼanalarimizga hurmat ruhida kamol topishida muhim oʻrin tutadi. Shuningdek, xalqimiz va xorijlik sayyohlar uchun ham eng nodir, qiziqarli, boy oʻtmishimizdan soʻzlovchi noyob turistik obyekt hisoblanadi.
Samarqandda tashkil qilingan yangi uslubdagi ekspozitsiya ham ayni maqsadga qaratilgan boʻlib, kelgusida bu yoʻnalishdagi boshqa ekspozitsiyalarni ham tashkil etish rejalashtirilgan. Bu esa boqiy shaharga tashrif buyurayotgan mahalliy va xorijiy sayyohlar oqimini yanada oshishiga xizmat qiladi.
Abdulaziz Yoʻldoshev, “Xalq soʻzi”
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Shavkat Mirziyoyev aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirishga oid muhim qarorni imzoladi
- Oʻzbekistonda 2025-yil 1-apreldan elektr energiyasi va gaz narxlari oshiriladi
- “Eng yaxshi maqolalar” tanlovi gʻoliblari aniqlandi
- Harbiy xizmatni oʻtash bilan bogʻliq tartiblar yangilanadi
- Voyaga yetmaganlar o‘rtasida huquqbuzarliklar profilaktikasi tizimi takomillashtirilmoqda
- Namanganda 3 ta yirik institut bitta universitetga birlashtiriladi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring