Samarqandda Turkiy Davlatlar Tashkiloti Tashqi ishlar vazirlari kengashi yigʻilishi boʻlib oʻtdi

07:25 11 Noyabr 2022 Siyosat
982 0

Foto: Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati

2022-yilning 10-noyabr kuni Samarqand shahrida Turkiy Davlatlar Tashkiloti Tashqi ishlar vazirlari kengashi yigʻilishi boʻlib oʻtdi.

Tadbirda Oʻzbekiston, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Ozarbayjon, Turkiya, Vengriya va Turkmaniston tashqi ishlar vazirlari, TDT Bosh kotibi hamda TDT tuzilmalari – TURKSOY, TurkPA, Xalqaro turkiy akademiya, Xalqaro turkiy madaniyat va merosi fondi rahbarlari ishtirok etdilar.

Vazirlar doʻstona va konstruktiv ruhda Tashkilot doirasidagi hamkorlikning bugungi holati va uni yanada rivojlantirish istiqbollarini muhokama qildilar, shuningdek, mintaqaviy va xalqaro kun tartibidagi dolzarb masalalar yuzasidan fikr almashdilar. Turkiya tomonining oʻtgan yilda Tashkilotdagi raisligi samarali va muvaffaqiyatli boʻlgani qayd etildi.

Ishtirokchilar 2022-yil 11-noyabr kuni Samarqand shahrida “Turkiy sivilizatsiyaning yangi davri: umumiy taraqqiyot va farovonlikka birgalikda” mavzusida boʻlib oʻtadigan TDT Davlat rahbarlari kengashi yigʻilishi kun tartibi va koʻrib chiqish uchun taqdim etilayotgan hujjatlar loyihalarini koʻrib chiqib, kelishib oldilar.

Oʻzbekiston Tashqi ishlar vaziri ishtirokchilarni 2021-yilda Turkiy kengash nomi Turkiy davlatlar tashkilotiga oʻzgartirilgandan keyingi birinchi sammit boʻladigan davlat rahbarlarining uchrashuviga tayyorgarlik haqida maʼlumot berdi.

Davlat rahbarlarining boʻlajak uchrashuvi turkiy davlatlar oʻrtasidagi amaliy hamkorlikning yangi ufqlari va istiqbollarini ochishga xizmat qiladi. “Turkiy dunyo nigohi – 2040” konsepsiyasini amalga oshirish doirasida 2022-2026-yillarga moʻljallangan TDT strategiyasining qabul qilinishi ushbu tadbirning muhim voqeasi boʻladi. Hujjatning amalda tatbiq etilishi TDT mamlakatlari oʻrtasida turli sohalarda oʻzaro hamkorlikni yoʻlga qoʻyish imkonini beradi.

Uchrashuvda tashqi ishlar vazirlari jahonda roʻy berayotgan voqealarning jadalligi va xalqaro munosabatlardagi oʻzgarishlar TDTni zamonaviy voqelikka doimiy moslashtirish zaruriyatini taqozo etishini taʼkidladilar. Ishtirokchilar bugungi kunning tobora kuchayib borayotgan tahdidlarini bartaraf etish boʻyicha saʼy-harakatlarni birlashtirish maqsadida strategik masalalar boʻyicha tizimli muloqotni yoʻlga qoʻyish zarurligiga eʼtibor qaratdilar.

Vazirlar oʻz nutqida ochiqlilik, tenglik va oʻzaro hurmat tamoyillariga, shuningdek, TDT doirasidagi koʻp qirrali munosabatlarni kengaytirishning mutlaq tarafdori ekanliklarini taʼkidladilar. Ular TDT makonida xavfsizlik va barqarorlikni saqlash va mustahkamlashning eng muhim omillaridan biri Afgʻonistondagi vaziyatni tez fursatlarda tartibga solish haqidagi pozitsiyani yana bir bor tasdiqladilar.

Vazirlar TDT Bosh kotibi va tashkilotga qarashli xalqaro tuzilmalar rahbarlarining oʻtgan yildagi maʼlumotlarini tingladilar.

Tadbir doirasida bir qator muhim hujjatlar imzolandi.

Yigʻilishda TDTning joriy faoliyatining boshqa dolzarb masalalari ham muhokama qilindi.

Tadbir yakunida TDTga aʼzo davlatlar Tashqi ishlar vazirlarining navbatdagi yigʻilishini 2023-yilda Qozogʻistonda oʻtkazish toʻgʻrisida qaror qabul qilindi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер