Samarqandda taʼlim sohasida Singapur tajribasi qoʻllaniladi

11:29 09 Avgust 2024 Jamiyat
155 0

Abdulaziz YOʻLDOSHEV/“Xalq soʻzi”. Samarqand viloyat pedagogik mahorat markazida Singapurning Marshall Cavendish Edication tashkiloti bilan hamkorlikda “Muvaffaqiyatli islohotlar yuqori natijalar” mavzusida seminar-trening boʻlib oʻtdi.

Tadbir Singapur tajribasi asosida maktab rahbarlari va oʻqituvchilar malakasini oshirish, ularni kasbiy rivojlantirish, ilgʻor tajribalar bilan tanishtirish, oʻquvchilar bilimi va koʻnikmalarini baholash hamda rivojlantirish maqsadida tashkil etildi.

Uni Toshkent shahrida malaka oshirib kelgan 25 nafar murabbiy olib bordi. Seminar-treningda 50 nafar maktab direktori, 50 nafar aniq fanlar va 80 nafar tabiiy fanlar oʻqituvchilarining xalqaro taʼlim dasturlari asosida malakasi oshirildi.

— Yangi oʻquv yilidan Singapur tajribasi maktablarda qoʻllaniladi, — deydi viloyat maktabgacha va maktab taʼlimi boshqarmasi boʻlim boshligʻi Joʻrabek Eshmurodov. — Masalan, oʻqituvchining dars tahlilida oʻquvchini xato va kamchiliklari metodik yoʻl bilan tushuntiriladi. Yoki maktab direktorlari oʻqituvchi va oʻquvchilarga faqat rahbar emas, har bir xodim va oʻquvchi bilan doʻstona samimiy muloqot qiladi.

Seminar-trening davomida “Zamonaviy taʼlimning tuzilishi”, “Singapur taʼlim tizimining samarali tomonlari”, “Istiqbolli oʻquv dasturi”, “Mening maktabim uchun XXI asr natijalarini aniqlash” va boshqa mavzularda mahorat darslari ham tashkil etildi.

Ushbu jarayon 19-24-avgust kunlari tuman (shahar)lardagi 16 ta tayanch maktablarida kaskad usulida davom ettirilib, 3816 nafar pedagoglar master-trenerlar tomonidan oʻqitiladi.

Bunda maktablarda taʼlim sifatini yangi bosqichga olib chiqish, kaskad usulida aniq va tabiiy fanlar yoʻnalishida faoliyat yurituvchi pedagoglarning malakasini oshirish, maktab direktorlari tomonidan boshqaruv tizimini yaxshilash, xalqaro tajribalar asosida tabiiy va matematika fanlari boʻyicha oʻquvchilarning bilimlarini sunʼiy intellektga asoslangan raqamli taʼlim platformasi orqali baholash asosiy maqsad qilib olingan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер