Samarqandda millatlararo bagʻrikenglik va maʼrifat tadbiri oʻtkazildi

13:42 17 Noyabr 2025 Jamiyat
193 0

Samarqand azal-azaldan madaniyatlar, ilm-fan va diniy bagʻrikenglik chorrahasi boʻlib kelgan. Pushkin nomidagi viloyat axborot-kutubxona markazida 16-noyabr — Xalqaro bagʻrikenglik kuni hamda “INFOLIB UZBEKISTAN-2025” haftaligi doirasida maʼnaviy-maʼrifiy tadbir oʻtkazildi.

Tadbirda Din ishlari boʻyicha qoʻmitaning viloyat hududiy boshqarmasi, viloyatda faoliyat yuritayotgan milliy-madaniy markazlar, nodavlat-notijorat tashkilotlar, Oʻzbekiston Jurnalistlar va Yozuvchilar uyushmalari viloyat boʻlimlari aʼzolari, kitobxonlar va ijodkor yoshlar ishtirok etdi.

Soʻzga chiqqanlar yurtimizda millatlararo totuvlik va diniy bagʻrikenglikni taʼminlash borasida amalga oshirilayotgan islohotlarga alohida toʻxtalib, viloyatda 11 ta milliy-madaniy markaz va 1 ta doʻstlik jamiyati faoliyat yuritishi, shuningdek, 22 ta noislomiy ibodatxonalarda turli millat vakillariga oʻz milliy anʼana va qadriyatlarini ado etish imkoniyati yaratilganini taʼkidladi.

Tadbirda Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi aʼzolari turli tillarda sheʼrlar oʻqidilar. Shuningdek, milliy-madaniy markazlar vakillari, viloyat sanʼat ustalari, havaskor xonadalar va maktab oʻquvchilari vatan, tinchlik va doʻstlik tarannumiga bagʻishlangan qoʻshiqlar ijro etdilar.

Shuningdek, tadbir doirasida tojik tilida chop etilgan “Ovozi Samarqand: az didaho, shunidaho” kitobi taqdimoti ham oʻtkazildi.

— “INFOLIB UZBEKISTAN-2025” haftaligi doirasida markazimizda har kuni turli yoshdagi kitobxonlar uchun tematik oʻqishlar, mualliflar bilan uchrashuvlar, kitob taqdimotlari, interaktiv oʻyinlar va kitobxonlik fleshmoblari tashkil etildi, — deydi Pushkin nomidagi viloyat axborot-kutubxona markazi rahbari Zebiniso Shodiyeva. — Ushbu kitob taqdimoti ham ana shu tadbirlarimizning uzviy davomi, deyishimiz mumkin. Maqsadimiz — kitob mutolaasini har bir xonadon, har bir yoshning kundalik hayotiga aylantirishdir. Quvonarlisi, hafta davomida kitobxonlar soni ortdi, ayniqsa yoshlar oʻrtasida zamonaviy adabiyotga qiziqish kuchaymoqda.

Shu bilan birga, ulugʻ doʻstlik va birodarlik ramzi sifatida “Yashil makon” umummilliy harakati doirasida Samarqand shahri oʻrtasidan oqib oʻtadigan Siyob kanali yonida yangi “Doʻstlik bogʻi” tashkil etildi. Tadbirda turli millat vakillari, yozuvchi va shoirlar, sanʼatkorlar, jurnalistlar va viloyat hokimligi vakillari ishtirokida manzarali hamda mevali daraxt koʻchatlari ekildi.

Abdulaziz YOʻLDOSHEV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?