Samarqandda mavjud imkoniyatlar toʻliq ishga solinadi
Abdulaziz YOʻLDOSHEV/“Xalq soʻzi”. Joriy yilda Samarqand viloyatida hududiy dasturlar doirasida kamida 1 milliard 850 million dollar investitsiyalarni oʻzlashtirish hisobiga qoʻshimcha 1,2 trillion soʻmlik mahsulot ishlab chiqarish, bu orqali 20 mingdan ziyod yangi ish oʻrni yaratish rejalashtirilgan.
Bugungi kunda “Urgut” erkin iqtisodiy zonasidagi “Asia Fiber” korxonasi ikkilamchi plastik idishlarni qayta ishlab, barcha turdagi poliester, poliefir tola va polimer lenta mahsulotlarini ishlab chiqarmoqda. Yiliga 5 ming tonna mahsulot ishlab chiqarish quvvatiga ega korxonada 200 nafarga yaqin ishchi-xizmatchilar faoliyat koʻrsatadi. Korxonada oʻtgan yilda qiymati 1,8 million AQSH dollarlik mahsulotlar Rossiya va Markaziy Osiyo davlatlariga eksport qilindi.
Shuningdek, “Kattaqoʻrgʻon elektrotexnika zavodi”da yiliga 1200 dona import oʻrnini bosuvchi transformatorlar ishlab chiqarilmoqda. Bu yerda 120 nafarga yaqin ishchi, jumladan, 50 nafar ayollar ish bilan taʼminlangan. Kelgusida tumanning Melixoʻja mahallasida ham zamonaviy va energiya tejamkor transformatorlar ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyiladi.
Viloyatda aholi va tadbirkorlar bilan oʻtkazilgan uchrashuvlar davomida 4,1 milliard dollarlik 120 ta loyihani amalga oshirish imkoniyati aniqlandi. Pastdargʻom tumani “Chimboyobod” hududida hokimlik zaxirasida turgan 234 gektar yerda maxsus sanoat zonasini tashkil qilish imkoniyati mavjud. Tadbirkorlar u yerga 500 million dollar investitsiya kiritib, farmatsevtika, kimyo, elektrotexnika, qurilish materiallari va oziq-ovqat loyihalarini boshlashga tayyorligini bildirdi. “Zarafshon” daryosi atrofidagi 25 gektar toshloq yer “Urgut” erkin iqtisodiy zonasiga qoʻshilsa, 30 million dollarlik loyihaga joy boʻladi. Dargʻom kanali boʻyida 35 kilometrli turistik yoʻlak, Narpay kanalida gastronomik koʻprik tashkil etish orqali birinchi bosqichda 500 milliard soʻmlik loyihalar amalga oshiriladi.
Bulungʻurning tuprogʻi, iqlimi meva-sabzavotchilikka qulay. Tumandagi 6 ming gektar samarasi kam gʻalla maydonlari meva-sabzavot yetishtirishga ixtisoslashtirilsa, gektaridan daromad 10 ming dollardan oshishi hisob-kitob qilingan. Natijada mahsulotlarning yarmi eksportga chiqarilib, qoʻshimcha 52 million dollar eksport tushumi taʼminlanadi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Tinchlik sulhi shartlari bajarilmoqda: Gʻazo 3 nafar, Isroil 90 nafar mahbusni vataniga qaytardi
- Shavkat Mirziyoyev aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirishga oid muhim qarorni imzoladi
- “Eng yaxshi maqolalar” tanlovi gʻoliblari aniqlandi
- Oʻzbekistonda 2025-yil 1-apreldan elektr energiyasi va gaz narxlari oshiriladi
- Voyaga yetmaganlar o‘rtasida huquqbuzarliklar profilaktikasi tizimi takomillashtirilmoqda
- Harbiy xizmatni oʻtash bilan bogʻliq tartiblar yangilanadi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring