Samarqandda Xitoy texnologiyasi asosida baliqlar intensiv usulda boqilmoqda
Abdulaziz YOʻLDOSHEV/“Xalq soʻzi”. Baliqchilik – yetti xazinaning biri. Buni suvda xazina yaratayotganlar yaxshi biladi. Qolaversa, mamlakatimizda baliq yetishtirish bilan shugʻullanuvchi korxonalar uchun yetarli sharoitlar yaratib berilgan.
Birgina, Samarqand viloyatida 500 dan ortiq baliqchilik xoʻjaliklari mavjud boʻlib, jami, suv havzalari 10 ming gektardan ziyod.
Viloyatda baliq yetishtirish hajmi 31608 tonnani tashkil etadi. Shundan tabiiy havza va suv omborlarda 500 tonna, qafas (sadok) moslamalarida 480 tonna, aholi xonadonlarida 1920 tonna, intensiv usulda 24240 tonna va Sloveniya usulida 300 tonna.
Pastdargʻomdagi “Poʻlat baliq havzasi” baliqchilik klasterida bugungi kunda Vyetnam sazani, Afrika laqqasi, Oq amur kabi jahon bozorida savdosi yuqori boʻlgan 8 turdagi baliq yetishtirilmoqda. Umumiy maydoni 15 gektarni tashkil etadigan havzalarda 1-yilda 1000-1200 tonna baliq yetishtiriladi.
Baliqlar Xitoy texnologiyasi bilan intensiv usulda boqiladi. Ozuqalar Eron va Daniyadan keltiriladi. Chunki ushbu ozuqalar baliq goʻshti sifati va taʼmida muhim rol oʻynaydi. Mazkur havzada baliqlarning boqilish davri 4 oy boʻlib, shu muddatda 3 kilogacha boʻlgan baliqlar sotuvga chiqariladi va yangi baliqlar parvarishi boshlanadi.
— Intensiv usulning qulayligi shundaki, bunda suv va maydon tejaladi, — deydi xoʻjalik rahbari Umid Obloqulov. — Masalan, anʼanaviy usulda 1 gektarda yiliga oʻrtacha 3-5 tonna baliq yetishtirasiz. Intensiv usulda esa xuddi shuncha maydonda, aytaylik, Afrika laqqasidan 200-250 tonna olish mumkin. Suv va boshqa resurslarni tejash hisobiga intensiv usul oʻzini bir necha barobar oqlaydi.
Bugungi kunda viloyatda ishlab chiqarish quvvati 609 tonna boʻlgan 12 ta baliqchilik loyihalarini amalga oshirish belgilangan. Ushbu loyihalarning amaliyotga tatbiq etilishi natijasida 50 ga yaqin yangi ish oʻrinlari yaratilishi koʻzda tutilgan.
Payariq va Samarqand tumanlarida baliqni qayta ishlash yangi quvvatlarini tashkil etish rejalashtirilgan boʻlib, qayta ishlash sexining quvvati 400 tonna etib belgilangan.
Bundan tashqari, kelgusida viloyatdagi kam hosildor sunʼiy suv havzalariga aerator moslamalarini oʻrnatish orqali suv havzalari bosqichma-bosqich intensivlashtiriladi va hosildorligi uch, toʻrt barobarga oshiriladi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Shavkat Mirziyoyev aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirishga oid muhim qarorni imzoladi
- Oʻzbekistonda 2025-yil 1-apreldan elektr energiyasi va gaz narxlari oshiriladi
- “Eng yaxshi maqolalar” tanlovi gʻoliblari aniqlandi
- Harbiy xizmatni oʻtash bilan bogʻliq tartiblar yangilanadi
- Voyaga yetmaganlar o‘rtasida huquqbuzarliklar profilaktikasi tizimi takomillashtirilmoqda
- Namanganda 3 ta yirik institut bitta universitetga birlashtiriladi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring