Samarqandda “Xitoy energiya texnologiyalari instituti” tashkil etiladi

12:39 14 Aprel 2023 Jamiyat
682 0

Foto: Xalq so'zi

Samarqand xalqaro texnologiya universiteti tashkil etilgandan keyin o‘tgan qisqa bir yil davomida o‘ttizga yaqin nufuzli xorijiy oliygohlar va ta’lim tashkilotlari bilan xalqaro hamkorlik aloqalarini o‘rnatdi.

Jumladan, joriy yilning 4-11-aprel kunlari Samarqand xalqaro texnologiya universiteti rahbariyatining Xitoy xalq respublikasiga tashrifi chog‘ida bu mamlakatning yetakchi ta’lim muassasalaridan “Northeast Electric Power University” (Shimoliy-Sharqiy elektr energetika Universiteti) va “Tianjin University of Science and Technology” universitetlari bilan hamkorlik to‘g‘risida memorandumlar tuzildi.

Samarqand Xalqaro texnologiya universiteti rektori, professor Yusuf Abdullayevning “Northeast Electric Power University” prezidenti Janob Cai Guowei bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvida ikki tomon o‘rtasidagi o‘zaro ishonch va manfaatlar asoslangan ta’lim va madaniyatni rivojlantirishga ko‘maklashish, ta’lim sohalarida hamkorlik qilish va talabalar almashinuvini kengaytirish yuzasidan hamkorlik shartnomasi imzolandi.

Mazkur hamkorlik shartnomasiga asosan, kelgusida tomonlar o‘rtasida professor-o‘qituvchilar almashinuvini yo‘lga qo‘yish, ularning tajribasini oshirish, bakavariat, magistratura va doktoranturada  “2+2”, “3+1”, “1+1” ta’lim tizimlarini joriy etish va eng asosiysi, O‘zbekistonda birinchi marta Xitoy xalq respublikasi bilan hamkorlikda  yangi ta’lim yo‘nalishi “Chinese institute of Energy Technology” fakultetini tashkil etishga kelishildi. Xitoy energiya texnologiyalari institutida darslar dastlab ingliz tilida olib boriladi va talabalar keyinchalik ikki yil davomida jaddalashtirilgan tarzda xitoy tilini ham o‘rganadilar. Talabalar ham Samarqand Xalqaro texnologiya universitetida, ham Xitoy universitetida ta’lim olgan holda “double diploma”  diplom sohibiga aylanish imkoniyatiga ega bo‘ladilar. Mazkur fakultetda 2023-o‘quv yilida 40 nafar talaba ta’lim olishi rejalashtirilmoqda.

Bundan tashqari, sun’iy intellekt maktabi rivojlangan Xitoydagi eng yetakchi oliygohlardan biri “Tianjin University of Science and Technology” (Tianjin Fan va Texnologiya) universiteti  bilan olib borilgan muzokaralar natijasida matematika, fizika, mashinasozlik, kimyo muhandisligi va energetika dasturlarini amalga oshirishda hamkorlik qilish bo‘yicha ham universitet vise prezidenti Gao Faming bilan kelishuvga erishildi.

Shuni alohida qayd etish joizki, Tianjin Fan va Texnologiya universiteti   AQSH, Avstraliya, Yaponiya, Kanada, Germaniya, Fransiya, Buyuk Britaniya, Rossiya, Shvesiya, Finlyandiya, Janubiy Koreya kabi mamlakatlarning 40 dan ortiq universitetlari bilan yaqin hamkorlik aloqalarini o‘rnatgan. Quvonarlisi, endi hamkor mamlakatlar orasida  O‘zbekiston ham bor  va mazkur universitet Markaziy Osiyo bo‘yicha birinchi marta Samarqand xalqaro texnologiya  universiteti bilan memorandum imzoladi.

Abdulaziz Yo‘ldoshev, “Xalq so‘zi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?