Samarqandda xayriya mablagʻlari hisobidan sport maydonchasi barpo etildi

11:28 15 Avgust 2025 Jamiyat
136 0

Samarqand shahridagi Nurafshon mahallasida “Samarqand marafon” Bolalar akademiyasi huzurida yangi sport maydonchasi foydalanishga topshirildi.

Umumiy maydoni 600 kvadrat metr boʻlgan ushbu maydoncha Madaniyat va sanʼatni rivojlantirish jamgʻarmasi hamda raqamli toʻlovlar sanoatining yetakchisi — Viza kompaniyasi tashabbusi bilan barpo etilgan.

Aytish joizki, “Samarqand marafon” Bolalar akademiyasi autizm spektri buzilishi, daun sindromiga chalingan, eshitish va koʻrish qobiliyati cheklangan bolalar va oʻsmirlarni qoʻllab-quvvatlab keladi.

Yangi sport maydonchasi “Samarqand marafon seriyasi” doirasida yigʻilgan xayriya mablagʻlari hisobidan qurildi. 20 ta sport anjomi va 17 turdagi jihozlar bilan taʼminlangan sogʻlomlashtirish inshootidan barcha fuqarolar bepul foydalanishi mumkin.

Samarqand marafon yugurish musobaqalari seriyasi shunchaki marafon emas, balki xayriya platformasi hamdir. Bu loyiha orqali ishtirokchilarning hissasi va toʻlovlari yordamida shaharlarda inklyuziv sport maydonlarini yaratishga koʻmaklashiladi.

Abdulaziz YOʻLDOSHEV,

“Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?