Samarqandda inson huquqlari va erkinliklarining ishonchli himoyasi borasida oʻzaro hamkorlik masalalari muhokama qilindi

21:21 25 Fevral 2023 Siyosat
1063 0

Samarqand shahridagi “Silk Road Samarkand” majmuasi Kongress-markazida Oliy Majlisning Inson huquqlari boʻyicha vakili (ombudsman) institutiga asos solinganligining 28 yilligi munosabati bilan “Inson huquqlari va erkinliklarining ishonchli himoyasi borasida oʻzaro hamkorlik” mavzusida xalqaro konferensiya oʻtkazildi.

Oliy Majlisning Inson huquqlari boʻyicha vakili Axborot xizmati maʼlumotiga koʻra, Ombudsmanning 28 yilligiga bagʻishlangan tadbirni tashkil etishdan koʻzlangan asosiy maqsad inson huquq va erkinliklarini taʼminlashda xorijiy davlatlar Ombudsmanlari, milliy institutlari, vakolatli davlat organlari va xalqaro tashkilotlar bilan oʻzaro tajriba almashish va chet davlatlarida mehnat qilayotgan hamyurtlarimiz manfaatlarini himoya qilishda hamkorlikni kuchaytirishdan iborat.

Shuningdek, yoshlar, ayollar, nogironligi boʻlgan shaxslar hamda jazoni ijro etish muassasalarida saqlanayotgan shaxslar huquqlarini himoya qilish va ragʻbatlantirish yuzasidan mamlakatimizda olib borilayotgan keng qamrovli islohotlar mazmun-mohiyatini xalqaro hamjamiyatga yetkazish maqsad qilingan.

Konferensiya Oliy Majlisning Inson huquqlari boʻyicha vakili (ombudsman), Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining Oʻzbekistondagi loyihalari muvofiqlashtiruvchisi, AQSH xalqaro taraqqiyot agentligining (USAID) huquqiy islohotlar dasturi bilan hamkorligida tashkil etildi. Unda 20ga yaqin xorijiy mamlakatlarning inson huquq va erkinliklarini himoya qiluvchi vakolatli organlari hamda xalqaro birlashma vakillari, jumladan, Portugaliya, Serbiya, Vengriya, Turkiya, Ozarbayjon, Rossiya, Tailand, Marokash qirolligi, Qozogʻiston, Tojikiston, Qirgʻiziston davlatlari Ombudsmanlari hamda xalqaro tashkilotlar va diplomatik korpus vakillari ishtirok etishdi.

Ombudsman soʻzi – butun dunyoda “inson huquqlarini himoya qiluvchi” sifatida tushuniladi. Ombudsmanlarning asosiy vazifasi fuqarolar murojaatlari tahlilidan kelib chiqib, jamiyatda qanday muammolar borligi haqida hukumatni xabardor qilishdan iborat. Tegishli tashkilotlar esa Ombudsman tavsiyalaridan kelib chiqib, tizimdagi kamchiliklarni bartaraf etish orqali faoliyat samaradorligini oshiradi. Hozirgi vaqtda dunyoning 180 ga yaqin mamlakatlarida Ombudsman institutlari joriy etilgan.

1995-yil 23-fevralida Ombudsman instituti MDH davlatlari orasidan Oʻzbekistonda birinchilardan boʻlib joriy etildi. Oʻtgan davr mobaynida Oliy Majlisning Inson huquqlari boʻyicha vakili (ombudsman) koʻplab fuqarolarning jumladan harakatlanish erkinligi cheklangan yopiq muassasalarda saqlanayotgan shaxslarning huquq va erkinliklarini himoya qilishda oʻzining munosib oʻrniga ega boʻldi. Bir qancha xorijiy mamlakatlarning inson huquqlari boʻyicha milliy institutlari bilan oʻzaro hamkorlik toʻgʻrisida 20 dan ortiq memorandumlar imzolandi. Xalqaro Ombudsman instituti, Yevropa Ombudsman instituti, Osiyo Ombudsmanlar Assotsiatsiyasi, Turkiy tilli davlatlar va Inson huquqlari boʻyicha milliy institutlar Assotsiatsiyasi hamda Yevroosiyo Ombudsmanlari Alyansi kabi xalqaro birlashmalarning toʻla qonli aʼzosiga aylandi.

Qolaversa, 2022-yildan Oʻzbekiston Prezidentining tegishli Farmoniga muvofiq, Ombudsmanning hududlarda doimiy asosda ishlovchi mintaqaviy vakillari ish boshladi. Bu esa fuqarolar himoyasini tezlik bilan taʼminlash, ularning markazga kelish vaqtlari va xarajatlarini tejash, murojaatlarni tezlik bilan joyiga chiqib oʻrganish, monitoring tashriflari qamrovini kengaytirish imkonini berdi.

Xalqaro konferensiya oʻz ishini sessiyalarga boʻlingan holda olib bordi. Unda xotin-qizlar va yoshlar, nogironligi boʻlgan shaxslar hamda jazoni ijro etish muassasalarida saqlanayotgan shaxslar huquqlarini himoya qilishning dolzarb jihatlari hamda Ombudsmanning davlat idoralari hamda fuqarolik jamiyati vakillari bilan oʻzaro hamkorligi masalalarini muhokama qilindi va oʻzaro tajriba almashildi.

Ilk sessiyada xalqaro tadbir ishtirokchilari xotin-qizlar hamda yoshlar huquqlariga rioya etilishi va ular manfaatlarini taʼminlashdagi ilgʻor tajribalar bilan tanishishdi.

Tadbirda qayd etilishicha, insonning huquq va erkinliklarini amalga oshirishda imkoniyatlar tengligini taʼminlash nogironligi boʻlgan shaxslarga yetarli sharoitlar yaratish dolzarb masalalardan hisoblanadi. Ombudsman oʻz faoliyati davomida imkoniyati cheklangan shaxslar tomonidan yuborilayotgan murojaatlarga alohida eʼtibor qaratadi. Murojaatlar tahlili asosida 2022-yilda Ombudsman tashabbusi bilan jamoat joylarida nogironligi boʻlgan shaxslar uchun yaratilgan sharoitlar hamda nogironligi tufayli erkin harakatlana olmaydigan mahkumlarning (mahbuslarning) huquqlari taʼminlanishi boʻyicha respublika boʻylab monitoring oʻrganishlari olib borilgan va aniqlangan kamchiliklar boʻyicha parlament va tegishli davlat idoralariga axborot kiritilgan.

2022-yilda Ombudsman va uning huzuridagi Jamoatchilik guruhlari tomonidan harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslar saqlanadigan joylarga 381 ta (2020-yilda 76 ta, 2021-yilda 177 ta) monitoring tashriflari amalga oshirildi. Ularda 6,0 mingdan ortiq mahkum (mahbus) bilan jamoaviy va 1657 nafar mahkum (mahbus) bilan yakka tartibda suhbatlar oʻtkazilgan. Ushbu monitoringlarda jamoatchilik vakillari va OAV ishtirok etishgan.

Tadbir doirasida Vengriya va Serbiya davlatlari Ombudsmanlari bilan Oliy Majlisning Inson huquqlari boʻyicha vakili oʻrtasida ikki tomonlama hamkorlik memorandumlari imzolandi.

Xalqaro konferensiya yakunlariga koʻra, Samarqand rezolyutsiyasi qabul qilindi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?