Samarqandda hududiy tarmoqlararo sanoat yarmarkasi va sanoatchilar forumi boʻlib oʻtdi
Abdulaziz YOʻLDOSHEV/“Xalq soʻzi”. Samarqanddagi “SOF EXPO SAMARKAND” koʻrgazmalar majmuasida gastronomik turizm, toʻqimachilik, charm-poyabzal, qurilish materiallari, oziq-ovqat, elektrotexnika, farmatsevtika sanoati, mebelsozlik va gilam mahsulotlari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan hududiy tarmoqlararo sanoat yarmarkasi boʻlib oʻtdi.
Yarmarkaning ochilishida Prezident maslahatchisi oʻrinbosari G.Saidova, Bojxona qoʻmitasi raisining birinchi oʻrinbosari I.Muxtorov va viloyat hokimi E.Turdimov, tuman-shaharlar hokimlari va sohaga masʼul oʻrinbosarlar ishtirok etishdi.
Sanoat yarmarkasida viloyat ishlab chiqaruvchilari bilan birgalikda Buxoro, Toshkent, Fargʻona viloyatlari va rossiyalik tadbirkorlar ham qatnashdi. Koʻrgazmada 2500 ta sanoat korxonasi 7,5 mingdan ortiq import oʻrnini bosuvchi mahsulotlari bilan ishtirok etdi. Bu galgi koʻrgazmada korxonalar tomonidan elektr radiatorlar va konvektorlar, elektr jihozlar, yangi turdagi TMG rusumli transformatorlar, oʻsimliklarni himoyalash uchun kimyoviy vositalar, gipsokarton uchun qogʻoz, avtomobil ehtiyot qismlari, avtomobillarga yoqilgʻi quyish moslamalari kabi 80 turdan ortiq raqobatbardosh mahsulotlar namoyish qilindi.
Yarmarkada oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarish va qayta ishlashga katta ahamiyat berilgan. Viloyatdagi oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqaradigan va qayta ishlaydigan 22 ta yirik va kichik korxona uchun alohida joylar ajratilib, ular tomonidan import qilinayotgan va mahalliylashtirishga tavsiya etilayotgan xomashyo namoyish etildi.
— Korxonamiz qishloq xoʻjalik mahsulotlarini qayta ishlash va eksport qilish bilan shugʻullanadi, — deydi “Bulungʻur Sandvik” masʼuliyati cheklangan jamiyati ish yurituvchisi Abbos Moʻminov. — Korxonamiz tasarrufidagi 300 gektar yerda va fermer xoʻjaliklari bilan shartnoma asosida yetishtirilgan mahsulotlardan kuniga 15 tonnadan 70 tonnagacha qayta ishlab, AQSH, Yevropa va Osiyo davlatlariga eksport qilamiz. Har bir davlatning muvofiqlik sertifikati olingan va shu asosda mahsulot sotamiz. Hamkorlik doirasida joriy yilning birinchi choragida 2,5 million dollarlik mahsulot eksportini amalga oshirdik. Koʻrgazmaga quritib qayta ishlangan 20 ga yaqin turdagi mahsulotlarimizdan namunalar olib keldik va yangi hamkorlik kelishuvlariga erishdik.
Forum doirasida panel sessiya va muhokamalar ham oʻtkazildi. Jumladan, oziq-ovqat mahsulotlari importini qisqartirish, mavjud ishlab chiqarish quvvatlaridan samarali foydalanish va mahalliylashtirishni chuqurlashtirish mavzusidagi muhokamada sanoati rivojlanmagan davlat boy boʻla olmasligiga taʼkidlandi.
— 2022-yilda viloyatimizda 65 million dollarlik oziq-ovqat mahsuloti import qilingan, — dedi viloyat hokimi E.Turdimova. — Hozirda viloyatimizda oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqaruvchi 2200 ta korxona bor va ularning 1966 tasi faoliyat yuritmoqda. Bu yoʻnalishdagi korxonalar soni keyingi besh-olti yilda qariyb ikki barobar oshdi. Sektor rahbarlari va iqtisodiy blok masʼullari bilan birgalikda vaqtincha ishlamasdan turgan 234 ta korxona oʻrganilib, faoliyatini tiklash choralarini koʻryapmiz. Ishlab turgan korxonalarni esa toʻliq quvvatda ishlashini taʼminlash va asosiysi ilmga asoslangan ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyib, talabga mos mahsulot taqdim qilishga eʼtibor qaratishimiz kerak.
Koʻrgazma doirasida alohida pavilyonda viloyatdagi oliy taʼlim muassasalarining 70 ga yaqin innovatsion startap loyihalari namoyish etildi. Jumladan, Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti Samarqand filiali raqamli kutubxona, Tailandcha muzqaymoq, kapideim sanʼati (kapalakli buket), rezinart sanʼati (chiqindidan suviner ishlab chiqarish), 3D printerda mahalliy va xorijiy sayyohlar uchun binolar maketlari, esdalik sovgʻalar va suvinerlar ishlab chiqarish va mobil telefon orqali boshqariladigan uydagi is gazining meʼyorini oʻlchovchi qurilmalar namoyish etildi. Samarqand agroinnovatsiyalar va tadqiqotlar instituti talabalari esa oʻrik turshagini qayta ishlab, maydalagan holda bir marta foydalanishga moslab qadoqlash texnologiyasini taqdim etishmoqda. Shuningdek, institut talabasi Sevinch Alibekova matsarella pishlogʻini ishlab chiqarishda katta miqdorda ajralib chiqadigan zardobdan sifatli va isteʼmolga yaroqli sariyogʻ ishlab chiqarish texnologiyasini taqdim etdi. Bu loyiha viloyat hokimligi huzuridagi tadbirkorlar kengashi tomonidan 45 million soʻm miqdorida moliyalashtirilgan va oliygohning oʻzida mahsulot ishlab chiqarish uchun zarur uskunalar xarid qilinib, 3 ta ish oʻrni yaratilgan. Hozirda barcha tekshiruvlardan oʻtgan va sifat sertifikatiga ega boʻlgan, isteʼmolga yaroqli matsarella pishlogʻi, yogurt va boshqa mahsulotlar ishlab chiqarilib, savdo doʻkonlariga yetkazib berilmoqda.
Koʻrgazma doirasida tarmoq va hududiy korxonalar oʻrtasida hamkorlikni yoʻlga qoʻyish va kengaytirish uchun V2V, V2G formatidagi uchrashuvlar ham tashkil etildi.
Ikki kunlik hududiy tarmoqlararo sanoat yarmarkasi davomida ishtirokchilar oʻzaro hamkorlik va mahsulotlar xaridi borasida bir qator yirik kelishuvlarga erishdi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Sobiq bosh vazir uzoq muddatga qamaldi
- Tinchlik sulhi shartlari bajarilmoqda: Gʻazo 3 nafar, Isroil 90 nafar mahbusni vataniga qaytardi
- “Eng yaxshi maqolalar” tanlovi gʻoliblari aniqlandi
- Shavkat Mirziyoyev aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirishga oid muhim qarorni imzoladi
- Turkiyada qalbaki alkogoldan yana 3 nafar oʻzbekistonlik hayotdan koʻz yumdi
- Oʻzbekistonda 2025-yil 1-apreldan elektr energiyasi va gaz narxlari oshiriladi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring