Samarqandda 307 mingdan ortiq xonadonlarga “Aqlli gaz” hisoblagichi o‘rnatildi
Foto: Xalq so'zi
Samarqand viloyatidagi 307 mingdan ortiq aholi xonadonlariga “Aqlli gaz” (ASKUG) hisoblagichi o‘rnatildi. Viloyatda avtomatlashtirilgan tizimga, asosan “Aqlli” hisoblagichlar to‘liq o‘rnatib bo‘lingan 281 ming 750 ta hovli uylar o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Hozirga qadar 58 ming 269 ta aholi xonadonlari, yangi, shaffof tizimga o‘tkazildi.
Shundan, 17 ming 534 tasi Samarqand shahriga, 8 ming 762 tasi, Kattaqo‘rg‘on shahri, 5 ming 917 tasi Samarqand tumani hamda 4 ming 123 tasi Jomboy tumanida o‘rnatildi.
- Bu tizimning ahamiyati shundaki, yuqori bosimni o‘rta bosimga aylantirishga xizmat qiladigan tabiiy gaz qurilmalari demontaj qilinib, aholi xonadonlari yuqori bosimli gaz quvuridan to‘g‘ridan-to‘g‘ri tabiiy gaz bilan ta’minlanadi, - deydi “Hududgaz Samarqand” gaz ta’minoti filiali direktorining birinchi o‘rinbosari Vaxobjon Halimov. - Buning uchun har bir xonadonga maromlash qurilmalari maromlash qurilmalari (regulyator) o‘rnatiladi, bu esa gaz bosimini avtomatik ravishda nazorat qiladi. Hududlardagi gaz maromlash punktlarini joriy ko‘rikdan o‘tkazish, xavfsizligini ta’minlash, bo‘yoqlash kabi tadbirlarning olib borilmasligi evaziga ish unumdorligi va samaradorlik oshadi.
Tejab qolingan vaqt, mablag‘larni esa tizimni rivojlantirish va boshqa maqsadlarga yo‘naltirish imkoniyati mavjud bo‘ladi. Eng muhimi, yangi tizimga o‘tilganidan keyin debitor qarzdorlikka barham berildi
- Gaz ta’minoti ikki bosqichli tizimga o‘tgan mahallalarda tabiiy gaz bosimi yilning har qanday faslida bir me’yorda bo‘ladi. Chunki, gaz bosimi hududlardagi gaz maromlash punktlari orqali nazorat qilinmaydi, bu vazifani maromlash qurilmalari bajaradi, - deydi “Pastdarg‘omtumangaz” gaz ta’minoti bo‘limi boshlig‘i Sherali Doniyorov. - Bugungi kunda Pastdarg‘om tumanidagi Chortut, Nayman, Furqat, Kamolot singari 9 ta mahalla fuqarolar yig‘inidagi 10 ming 300 ta aholi xonadonlari uch bosqichlidan, ikki bosqichli tizimga o‘tkazildi.
Tumanning Balxiyon mahallasidagi aholi xonadonlari tabiiy gaz tizimida yangi, shaffof tizimga o‘tkazilib, turar joylarga zamonaviy elektron gaz hisoblagichlar o‘rnatilgach, tabiiy gaz ta’minoti to‘g‘ridan-to‘g‘ri iste’molchiga yetkazib berilmoqda.
Ikki bosqichli tizimga o‘tgandan so‘ng, tabiiy gaz sarfi sezilarli tarzda kamayib, ta’minot yaxshilandi. Natijada mahalladagi mavjud gaz taqsimlash qurilmalari demontaj qilinmoqda.
- Avvalgi vaqtlarda aholi xonadonlarida tabiiy gaz bosimi o‘zgarib turar, ayniqsa qishli-qirovli kunlarda bu holat ko‘pchilikni tashvishlantirardi, - deydi Balxiyon MFY faoli Mixliboy Vaziyev. - Mahallamizga zamonaviy gaz xisoblagichlar o‘rnatilib, gaz ta’minoti uch bosqichdan ikki bosqichli tizimga o‘tkazilgach, tabiiy gaz ta’minoti yaxshilandi. Har bir xonadonga gaz maromlash uskunasi qo‘yilishi bois, bosim pasayishi kabi holatlarga barham berildi. Xalqimizning turmush farovonligi uchun yaratilgan qulayliklardan mamnunmiz. Biz ham iste’mol qilingan tabiiy gaz to‘lovlarini bajonidil o‘z vaqtida to‘lab boryapmiz.
Ushbu tizim avtomatik rejimda ishlaydi. Unda inson omili yo‘q va to‘liq kompyuterlashgan tizim orqali boshqariladi. Natijada har bir xonadonga qish-qirovli kunlarda ham bir me’yorda gaz yetib boradi.
Tabiiy gaz ta’minotidagi yangi, shaffof tizimdan ko‘zlangan asosiy maqsad, tabiiy gaz bilan iste’molchilarni bir maromda ta’minlash, inson omilisiz masofadan boshqaruv tizimiga o‘tish va eng muhimi mablag‘ va tabiiy gazni iqtisod qilish evaziga, yangi barpo etilayotgan aholi yashash maskanlaridagi iste’molchilarni tabiiy gaz bilan ta’minlashdan iborat.
Abdulaziz Yo‘ldoshev, “Xalq so‘zi”
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Shavkat Mirziyoyev aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirishga oid muhim qarorni imzoladi
- Oʻzbekistonda 2025-yil 1-apreldan elektr energiyasi va gaz narxlari oshiriladi
- “Eng yaxshi maqolalar” tanlovi gʻoliblari aniqlandi
- Harbiy xizmatni oʻtash bilan bogʻliq tartiblar yangilanadi
- Voyaga yetmaganlar o‘rtasida huquqbuzarliklar profilaktikasi tizimi takomillashtirilmoqda
- Namanganda 3 ta yirik institut bitta universitetga birlashtiriladi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring