Samarqandda 2,2 million AQSH dollarlik shaxmat turniri oʻtkaziladi

16:41 20 Yanvar 2025 Sport
253 0

Shaxmat olamining eng nufuzli musobaqalaridan biri boʻlgan “FIDE Grand Swiss” turniri ilk bor Oʻzbekistonda, Samarqand shahrida tashkil etiladi. FIDE rasmiy sayti maʼlumotiga koʻra, ushbu musobaqa 2025-yil 3-15-sentyabr kunlari boʻlib oʻtishi rejalashtirilgan.

Musobaqa nafaqat oʻzining yuqori saviyadagi ishtirokchilari bilan, balki uning natijalari kelgusi shaxmat toji uchun kurashuvchi “Nomzodlar turniri” uchun yoʻllanmalar taqdim etishi bilan ham alohida ahamiyat kasb etadi.

“FIDE Grand Swiss” musobaqasida dunyoning eng kuchli shaxmatchilari ishtirok etib, 1-2 oʻrinni qoʻlga kiritgan shaxmatchilar toʻgʻridan-toʻgʻri “Nomzodlar turniri”da ishtirok etish imkoniyatiga ega boʻladi.

Oʻzbekistonda shaxmat sporti soʻnggi yillarda jadal rivojlanmoqda. 2026-yilda mamlakatimiz shaxmat boʻyicha eng yirik tadbirlardan biri — Shaxmat Olimpiadasini oʻtkazish huquqini qoʻlga kiritgani ham buning yorqin dalilidir. Olimpiada Jahon shaxmat federatsiyasi (FIDE) tomonidan har ikki yilda oʻtkaziladigan va 190 dan ortiq davlatlar vakillari ishtirok etadigan musobaqadir.

2025-yilda Samarqandda oʻtkaziladigan “FIDE Grand Swiss” turniri nafaqat Oʻzbekiston, balki butun dunyo shaxmatchilari uchun katta imkoniyatlar eshigini ochadi. Turnir nafaqat musobaqa sifatida, balki turizm rivojiga hissa qoʻshadigan tadbir boʻlishi kutilyapti.

Musobaqaning mukofot jamgʻarmasi 1 milliondan 2,2 million AQSH dollarigacha boʻlishi kutilmoqda. Bu uchun alohida tenderlar oʻtkazilishi ham mumkin.

Oʻzbekistonda shaxmat sporti rivojlanishiga qaratilgan chora-tadbirlar, hukumatning qoʻllab-quvvatlovi va yosh shaxmatchilarning xalqaro maydondagi muvaffaqiyatlari mamlakatning shaxmat sohasidagi yetakchi oʻrinlardan birini egallashga intilayotganini koʻrsatadi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер