Samarqand viloyati hokimi yoshlarning innovatsion gʻoyalari va startap loyihalari bilan tanishdi

13:09 31 May 2024 Jamiyat
176 0

Abdulaziz YOʻLDOSHEV/“Xalq soʻzi”. Viloyat hokimi Erkinjon Turdimov tashabbusi bilan viloyat hokimligi, viloyat oliy taʼlim fan va innovatsiyalar hamda Yoshlar ishlari agentligi boshqarmalari hamkorligida samarqandlik yoshlarning innovatsion gʻoyalari va startap loyihalarini qoʻllab-quvvatlash maqsadida “Startap loyihalar tanlovi” eʼlon qilingan edi.

Samarqand shahridagi yoshlar markazida viloyat hokimi, mutasaddi boshqarma va tashkilotlar rahbarlari hamda tadbirkorlar ishtirokida tanlovda ishtirok etish istagini bildirgan 70 nafardan ziyod yoshlarning innovatsion gʻoya va startap loyihalari taqdimoti koʻrib chiqilib, saralash bosqichidan oʻtgan istiqbolli loyihalar moliyalashtirishga yoʻnaltirildi.

Jumladan, Samarqand davlat universitetining Biokimyo instituti molekulyar biotexnologiya va zamonaviy botanik tadqiqotlar ilmiy laboratoriyasi mudiri Farrux Abdurasulov xalq talabida boʻlgan va yangi taʼsirga ega “Dorivor oʻsimliklar plantatsiyasini yaratish hamda fitopreparatlar va biologik faol oziq-ovqat qoʻshimchalarini ishlab chiqarish” loyihasi uchun 100 million soʻm mablagʻ va dorivor oʻsimliklarni yetishtirish uchun yer maydoni soʻradi.

Loyihaning asosiy maqsadi sunʼiy sintetik dori vositalari oʻrnini bosuvchi zararsiz sifatli fitopreparatlar va biofaol qoʻshimchalar ishlab chiqarish hamda universitet oshxonalariga doimiy fitobarlar faoliyatini yoʻlga qoʻyish boʻlib, viloyat hokimi yosh olimning taklifini maʼqulladi. Jomboy tumanida dorivor oʻsimliklar yetishtirish uchun yer ajratish boʻyicha masʼullarga topshiriq berildi va Samarqand davlat tibbiyot universiteti rektori Jasur Rizayev moliyaviy tomondan qoʻllab-quvvatlaydigan boʻldi.

Payariqlik Shahzod Rahmonov esa koʻzi ojizlar uchun “Aqlli koʻzoynak” loyihasini ishga tushirmoqchi ekanligi va 40 million soʻm mablagʻ kerakligini aytdi. Ushbu loyiha sunʼiy intellekt orqali quloqchinlar yordamida atrof-muhitdagi obyektlar haqida ovozli tarzda maʼlumot beradi. Ushbu loyihaga ham amaliy yordam beriladigan boʻldi.

— Qadimiy obida va yodgorliklar haqida maʼlumot beruvchi “Gid robot” loyihasini ishlab chiqqanman, — deydi Samarqand davlat universiteti intellektual tizimlar va kompyuter texnologiyalari fakulteti talabasi Abdujalil Bobomalikov. — Gid robotdan bank va yirik korxonalar ham foydalansa boʻladi. Ammo bu loyiha koʻproq yurtimizga kelayotgan xorijlik sayyohlar uchun juda qulay. Robotni yasash uchun 30 million soʻm mablagʻ kerak edi. Viloyat hokimi loyihani ishga tushirishga Registon majmuasi rahbari Xonqul Samarov yordam berishini maʼlum qildi.

Erkinjon Turdimov har bir yoshning taqdimoti bilan tanishib, istiqbolli loyihalarni qoʻllab-quvvatladi va ularni amalda tatbiq qilish uchun masʼullar biriktirildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер