“Samarqand suv taʼminoti” AJ isteʼmolchilari soni 376 ming nafarga yetdi

15:48 20 Yanvar 2026 Jamiyat
261 0

Samarqand viloyatida oʻtgan yili ichimlik suvi taʼminoti sohasida bir qator loyihalar doirasida katta ishlar amalga oshirildi.

Oʻtgan yilgacha hatto viloyat markazi Samarqand shahrida ham koʻp qavatli uylarda istiqomat qiluvchi aholi uchun ichimlik suvi katta muammo edi. Eng katta oʻzgarishlardan biri shu paytgacha soatbay suv bilan taʼminlangan Samarqand shahrida yashovchi 42 ming aholining tunu-kun uzluksiz toza ichimlik suvi taʼminoti bilan qamrab olinishi boʻldi.

Soʻnggi yillarda sohaga davlat tomonidan qaratilgan eʼtibor, yirik dasturlar doirasida amalga oshirilgan ishlar natijasida vaziyat mutlaqo oʻzgardi. Endilikda Farhod shaharchasidagi 2 ta mahallada joylashgan koʻp qavatli uy-joylarda istiqomat qiluvchi 1021 nafar aholining ichimlik suv taʼminotini uzluksiz rejimga oʻtkazish choralari koʻrilmoqda.

Viloyat aholisining ichimlik suv taʼminotini yaxshilash maqsadida yil davomida shahar va tumanlarda 59,3 kilometr ichimlik suv tarmoqlari tortildi. Mahalliy byudjet mablagʻlari hisobidan 8 ta suv inshooti qurilib, 4 tasi rekonstruksiya qilindi hamda 51,6 kilometr yangi ichimlik suv tarmoqlari tashkil etildi. Suv inshootlariga 104 dona yangi nasos uskunalari oʻrnatildi.

Natijada oʻtgan yil “Samarqand suv taʼminoti” korxonasi xizmatidan foydalanadigan isteʼmolchilar soni qariyb 20 ming nafarga koʻpayib, viloyat boʻyicha 376 ming nafarga yetdi. Isteʼmolchilarning debitor qarzdorligi esa 2025-yil boshida 42 milliard 647 million soʻmni tashkil etgan boʻlsa, yil yakuni bilan 11 milliard 870 million soʻm (28 foiz)ga kamayishiga erishildi.

Bugungi kunda tizimda muqobil energiya manbalaridan foydalanish, suv va oqova inshootlariga quyosh panellari oʻrnatish orqali elektr energiyasi ishlab chiqarish boʻyicha manzilli dasturlar amalga oshirilmoqda.

- Viloyatimizning barcha tuman va shaharlarida quyosh panellari orqali olingan elektr energiyasidan foydalanish va buning natijasida toza ichimlik suvi va oqova uchun elektr energiyasi xarajatlarini kamaytirishni asosiy ustuvor vazifalardan biri sifatida belgilaganmiz, - deydi “Samarqand suv taʼminoti” aksiyadorlik jamiyati rahbari Tolib Boboyev. - Bu borada oʻtgan yil Jomboy tumanida tajriba-sinov tarzida barcha suv inshootlarimizda quyosh panellari va zarur uskunalar oʻrnatdik. Buning uchun oʻz mablagʻimiz ham kredit hisobidan qariyb 1 milliard soʻm sarflandi. Natija juda yaxshi boʻldi va isteʼmolchilarga ichimlik suvi yetkazib berish va oqova xizmatlari uchun sarf boʻladigan elektr energiyasi sarfi kamaydi. Eng muhimi, xizmat koʻrsatish sifati oshdi. Endi boshqa tuman va shaharlarni ham shu tarzda navbati bilan toʻliq muqobil energiya manbalariga oʻtkazish boʻyicha ish olib boryapmiz.

Sohaning moddiy texnik holatini yaxshilash hamda xizmatchilarga qulaylik yaratish maqsadida oʻtgan yili jami 28 ta maxsus-texnikalar harid qilindi. Buning natijasida jamiyatning shahar va tumanlar filiallari tasarrufidagi obyektlarda nosozliklarni qisqa muddatlarda bartaraf etishda bir qator qulayliklar yaratilishiga erishildi.

Abdulaziz YOʻLDOSHEV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?