Samarqand shahrida yoshlar festivali boʻlib oʻtmoqda

20:23 08 Iyun 2022 Jamiyat
452 0

Foto: Халқ сўзи

Shu kunlarda Samarqand viloyati boʻylab “Yangi Oʻzbekiston yoshlari, birlashaylik!” shiori ostida oʻtkazilayotgan festival bugun Samarqand shahriga koʻchdi.

Festival shaharning toʻrtta hududi – Kimyogarlar (“Nurafshon” madaniyat saroyi), Farhod hamda Xishrav qoʻrgʻonlari (2-madaniyat markazi) va Qorasuv maskanida oʻtkazilmoqda.

Asosiy tadbirlar bugun Kimyogarlar qoʻrgʻonida “Sogʻlom hayot uchun 5000 qadam” yurish marafoni bilan boshlandi va kuni bilan ushbu hudud hamda Xishrav qoʻrgʻonida davom etdi.

Festivalda musiqa, raqs, estrada xonandaligi hamda tasviriy sanʼat tanlovlari va harbiy-vatanparvarlik chiqishlari tashkil etildi.

Shuningdek, 11 ta sport turi boʻyicha bellashuvlar, kibersport va “Zakovat” intellektual musobaqasi, qoʻl jangi, harbiy orkestr, faxriy qorovul va 15 ta sport turidan koʻrgazmali chiqishlar, shu bilan birga mehnat va kitobxonlik yarmarkalari ham festival dasturidan joy oldi.

Tadbir poytaxtdan kelgan taniqli sanʼatkorlar ishtirokidagi galakonsert bilan yanada koʻtarinkilik kasb etdi.

Yoshlar festivali ertaga Samarqand shahridagi Farhod qoʻrgʻoni va Qorasuv maskanida davom etadi.

Abdulaziz Yoʻldoshev, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?