Samarqand sammiti barqarorlik, xavfsizlik va uzluksiz taraqqiyotni taʼminlash manfaatlari yoʻlida koʻp tomonlama hamkorlikni mustahkamlashning yangi yoʻnalishlarini belgilash imkonini berdi

18:51 11 Noyabr 2022 Jamiyat
640 0

Foto: Xalq so‘zi

Turkiy davlatlar tashkiloti sammiti yakunlari boʻyicha matbuot anjumani boʻlib oʻtdi. Unda Oʻzbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri Vladimir Norov Turkiy davlatlar tashkiloti sammiti yakunlari boʻyicha jurnalistlarga maʼlumot berdi.

Qayd etilganidek, “Turkiy sivilizatsiyaning yangi davri: umumiy taraqqiyot va farovonlik sari” shiori ostida oʻtkazilgan sammit turkiy davlatlar oʻrtasidagi amaliy hamkorlik uchun yangi ufqlar va istiqbollarni ochdi.

Davlatimiz rahbari taʼkidlaganidek, bu safargi sammitning oʻziga xos jihatlaridan biri shundaki, turkiy oila koʻp asrlik tariximizda ilk bor yangilangan tashkilotimiz doirasida toʻliq yigʻildi.

Turkmaniston Xalq Maslahati «Milliy Gengesh» raisi Gurbanguli Berdimuhamedov va Turkiya Prezidenti Rejep Tayyip Erdoʻgʻonning Turk dunyosining eng oliy ordeni bilan taqdirlanishi Sammitning muhim voqeasi boʻldi.Oʻzbekiston rahbari ushbu mukofotlar ikki qardosh davlatning xalqlarimiz birligini mustahkamlash yoʻlidagi saʼy-harakatlariga berilgan yuksak baho ekanini taʼkidladi.

Shu bilan birga tomonlarning yakdillik bilan qabul qilgan qarori asosida oʻtgan yili Oʻzbekiston tomoni tashabbusi bilan taʼsis etilgan Turkiy dunyo birligini taʼminlashga qoʻshgan hissasi uchun Alisher Navoiy nomidagi xalqaro mukofot buyuk qirgʻiz yozuvchisi, davlat va jamoat arbobi, shuningdek, turkiy xalqlar tarixi va madaniyatini butun dunyoga yoyishda beqiyos hissa qoʻshgan betakror shaxs Chingiz Aytmatovga (abadiy) berildi.

Sammit chogʻida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti “Turkiy davlatlar tashkiloti oʻz taraqqiyotining yangi, yanada muhim bosqichiga qadam qoʻymoqda, u hamkorlikning koʻplab ustuvor vazifalarini hal qilishi kerak”, deya taʼkidladi. Shu nuqtayi nazardan tashkilot doirasidagi koʻp qirrali hamkorlikning dolzarb masalalari boʻyicha qator aniq taklif va amaliy tashabbuslarni ilgari surdi.

Avvalo, oʻzaro tovar ayirboshlashni koʻpaytirish, “yashil” iqtisodiyot, axborot texnologiyalari va transport kommunikatsiyalarini rivojlantirish orqali savdo-iqtisodiy aloqalar asoslarini mustahkamlash muhimligi qayd etildi.Ushbu gʻoyalarni amalga oshirish maqsadida TDT shafeligida “Yangi iqtisodiy imkoniyatlar makonlari”ni shakllantirish, xalqaro turkiy iqtisodiy forumni oʻtkazish, transport sohasida hamkorlik strategiyasini ishlab chiqish taklif etildi.

Oʻzbekiston Prezidenti, shuningdek, tashkilot makonida oziq-ovqat mahsulotlarini yetkazib berishning samarali mexanizmlarini shakllantirish boʻyicha bitim tuzish va ushbu hujjat orqali oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash maqsadida qishloq xoʻjaligi sohasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlash muhimligiga alohida urgʻu berdi. Tashkilotning institutsional islohotlarini amalga oshirishga chaqirdi. Xususan, xavfsizlik, savdo, investitsiya, transport, qishloq xoʻjaligi, energetika, turizm, fan va texnologiya, sogʻliqni saqlash va boshqa sohalarda qoʻmitalar tashkil etish taklifini ilgari surdi.

Sammit kun tartibiga koʻra, davlatlar rahbarlari doʻstona va konstruktiv ruhda oʻtgan muzokaralar chogʻida TDT doirasidagi hamkorlikning bugungi holati va uni yanada rivojlantirish istiqbollarini muhokama qildi, mintaqaviy va xalqaro vaziyat yuzasidan fikr almashdilar.

Turkiy davlatlar yetakchilari jahonda roʻy berayotgan voqealarning jadallashuvi va xalqaro munosabatlardagi oʻzgarishlar Turkiy davlatlar tashkilotini zamonaviy voqelikka doimiy moslashtirish zarurligini taqozo etishini aytib oʻtdilar.

Ishtirokchilar eʼtiborni zamonamizning kuchayib borayotgan tahdid va tahlikalarini yengish boʻyicha saʼy-harakatlarni birlashtirish maqsadida strategik masalalar boʻyicha tizimli muloqotni yoʻlga qoʻyish zarurligiga qaratishdi. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan ilgari surilgan tinchlik va barqarorlikni, keng xalqaro hamkorlikni taʼminlash va insoniyatning barqaror rivojlanishiga koʻmaklashishga qaratilgan “Umumiy xavfsizlik va farovonlik uchun Samarqand birdamlik tashabbusi”ni olqishladilar.

Xalqaro kun tartibidagi dolzarb masalalar yuzasidan aʼzo davlatlarning kelishilgan pozitsiyalari sammitning asosiy yakuniy hujjati sifatida qabul qilingan Samarqand deklaratsiyasida qayd etildi. Shuningdek, u mintaqaviy va global muammolarni hal qilishda tomonlarning umumiy yondashuvlarini aks ettiradi va Tashkilotni rivojlantirishning ustuvor yoʻnalishlarini belgilab beradi.

Muzokaralar yakunlari boʻyicha oʻndan ortiq koʻp tomonlama hujjat qabul qilindi. Bu esa, shubhasiz, tashkilot faoliyatining istiqbolli yoʻnalishlari boʻyicha hamkorlikni sifat jihatidan yangi amaliy mazmun bilan toʻldirishga xizmat qiladi.

“Turkiy nigoh - 2040” konsepsiyasini amalga oshirish doirasida 2022-2026-yillarga moʻljallangan Turkiy davlatlar tashkiloti strategiyasining qabul qilinganini alohida qayd etish lozim.Bu hujjatning amalga oshirilishi mamlakatlarimiz oʻrtasida turli sohalarda oʻzaro hamkorlikni yoʻlga qoʻyish imkonini beradi.

Pandemiyadan keyingi davrda va jahon iqtisodiyotidagi notinchlikning kuchayishi sharoitida TDT makonida iqtisodiy tiklanishni jadallashtirish maqsadida aʼzo davlatlar oʻrtasida Savdoni yengillashtirish strategiyasi tasdiqlandi va Soddalashtirilgan bojxona koridorlari tizimini shakllantirish toʻgʻrisidagi bitim imzolandi.

Turkiy investitsiya fondini qisqa muddatlarda tashkil etish toʻgʻrisidagi qaror oʻziga xos bir yutuq boʻldi deb aytish mumkin. Bu tashkilotga aʼzo davlatlar oʻrtasidagi oʻzaro manfaatli loyiha boʻyicha hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishda va real sektorlarda hamkorlikni rivojlantirishda umumiy kuchli siyosiy-huquqiy irodani namoyon etdi.

Bundan tashqari sammit doirasida Xalqaro aralash yuk tashishlar toʻgʻrisidagi bitim va Transport bogʻliqligi dasturi imzolandi.

Tashkilot faoliyatini takomillashtirish, uning institutsional asoslarini mustahkamlash maqsadida Naxichevan bitimiga oʻzgartirishlar kiritish toʻgʻrisidagi Protokol va Tashkilotning yangi tahrirdagi ichki qoidalari qabul qilindi. Ular tashkilot faoliyatida tenglik, oʻzaro hurmat va barcha qarorlarni konsensus asosda qabul qilish kabi hamkorlikning asosiy qadriyatlariga sodiqlikni tasdiqlaydi.

Samarqand sammiti barqarorlik, xavfsizlik va uzluksiz taraqqiyotni taʼminlash manfaatlari yoʻlida koʻp tomonlama hamkorlikni mustahkamlashning yangi yoʻnalishlarini belgilash imkonini berdi.

Sammit Turkiya Respublikasining muvaffaqiyatli raisligini yakunladi va bu davlat rahbarlari tomonidan yuqori baholandi.

Raislik Oʻzbekiston Respublikasiga oʻtdi va u, albatta, samaradorlik va amaliy natijalarga qaratiladi.

Aʼzo davlatlar Oʻzbekiston Prezidentining 2023-yilni “Turkiy sivilizatsiyaning yuksalish yili” deb eʼlon qilish toʻgʻrisidagi taklifini bir ovozdan qoʻllab-quvvatlashdi.

Qozogʻiston tomonining taklifiga koʻra, tashkilotning navbatdagi sammitini 2023-yilda ushbu davlatda oʻtkazishga qaror qilindi.

OAV xodimlari Turkiy davlatlar tashkiloti Samarqand sammiti yakunlari boʻyicha oʻzlarini qiziqtirgan savollarga javob oldilar.

Abdulaziz Yoʻldoshev, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер