“Samarqand kitobxon yoshlari marafoni” o‘tkazildi

17:23 20 Aprel 2023 Jamiyat
949 0

Foto: «Xalq so‘zi»

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi va Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazining viloyat bo‘limlari, Samarqand Davlat Universiteti bilan hamkorlikda “Samarqand kitobxon yoshlari marafoni” o‘tkazildi. Ushbu tadbirdan ko‘zlangan maqsad yoshlar o‘rtasida kitobxonlikni yanada rivojlantirish, mutolaa madaniyatini yuksaltirish, yangi badiiy asarlar haqida ma’lumotlar berish, taniqli yozuvchi va shoirlar bilan uchrashuvlar tashkil etish, viloyatdagi  ijodiy muhitni yanada jonlantirishdan iborat.

Marafon davomida A.S.Pushkin nomidagi viloyat axaborot-kutubxona markazida O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, shoira Jumagul Suvonovaning yangi “Samarqandnoma” nomli kitobi taqdimoti, “Sharq yulduzi” jurnalining 90 yilligi munosabati bilan jurnal muxlislari muloqoti, ta’lim muassasalari kutubxonalarida viloyatning tumanlaridan kelgan yosh kitobxonlar ishtirokida adabiy asarlar taqdimoti, “Men o‘qigan kitob”, “Mening sevimli yozuvchim”, “Men sevgan qahramon”  kabi loyihalar amalga oshirildi.

Shundan so‘ng yosh kitobxonlarning universitet xiyobonidan boshlab Registon maydoni bo‘ylab yurishi bo‘lib o‘tdi. Mazkur tadbir davomida suhbat-mushoira, yosh ijrochilar chiqishi, ijodiy muloqotlar tashkil etildi.

Yosh kitobxonlar marafonida faol ishtirok etgan kitobsevarlarga Yozuvchilar uyushmasi tomonidan “Sharq yulduzi” jurnali va badiiy asarlar jamlanmasi, shuningdek, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi va Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazining viloyat bo‘limlari tomonidan tashakkurnomalar topshirildi.

Abdulaziz Yo‘ldoshev, “Xalq so‘zi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?