Samarqand global ekologik muloqot markaziga aylanmoqda

15:51 12 Fevral 2024 Siyosat
552 0

Samarqandda boʻlib oʻtayotgan COP14 xalqaro konferensiyasi doirasida Oʻzbekiston ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vaziri Aziz Abduhakimov BMT Bosh kotibi oʻrinbosari va tashkilotning Atrof-muhit dasturi (UNEP) ijrochi direktori Inger Andersen bilan uchrashdi.

Aziz Abduhakimov yuqori martabali mehmonga Samarqandga tashrifi va CMS COP14 da ishtirok etayotganligi uchun minnatdorlik bildirdi. Shuningdek, Samarqand global ekologik muloqotlar markaziga aylangani, oʻtgan yilning kuzida oziq-ovqat xavfsizligi boʻyicha xalqaro konferensiya (ICFS, FAO), soʻng CRIC21 sessiyasi (UNCCD)ga mezbonlik qilganini taʼkidladi. Aprel oyida esa aynan Samarqandda xalqaro iqlim forumi oʻtkazilishini aytib, UNEP vakillarini tadbirga taklif qildi.

Qolaversa, vazir COP14 xalqaro konferensiyasi katta ahamiyatga ega ekanligini qayd etdi.

“Ushbu tadbir 130 mamlakatdan 1800 dan ortiq ishtirokchilarni, atrof-muhitni muhofaza qilish boʻyicha konvensiyalarni va butun dunyo boʻylab yetakchi mutaxassislarni birlashtirdi. Konferensiya shiori “Tabiat chegara bilmaydi”, chunki rostdan ham koʻchib yuruvchi hayvonlar uchun hech qanday chegara boʻlishi mumkin emas. Shuning uchun ham transchegaraviy hamkorlikni kuchaytirish va tabiatni muhofaza qilish boʻyicha saʼy-harakatlarni birlashtirish tarafdorimiz. Markaziy Osiyo mintaqaviy hamkorligini rivojlantirish ustuvor vazifamizdir, chunki ekologik muvozanat, ekotizim va migratsiya turlari mintaqaviy va global hamkorlikni talab qiladi”, — dedi u.

Uchrashuvda davlatimiz rahbari tomonidan ekologiyani asrash borasida qilinayotgan ishlar, xususan, “Yashil makon” loyihasi, Orol dengizi tubida keng koʻlamli oʻrmonzorlar barpo qilinayotgani alohida eʼtirof etildi. Shu bilan birga, atrof-muhitni muhofaza qilish mexanizmlarini yanada qattiqroq qoʻllash, muqobil energiya manbalariga oʻtish va ekologik taʼlimni kuchaytirish muhim ekanligi taʼkidlandi.

Vazir 2024–2032-yillarga moʻljallangan koʻchib yuruvchi turlar boʻyicha CMS strategik rejasining qabul qilinishini qoʻllab-quvvatladi. Uchrashuv yakunida UNEP bilan havo sifati monitoringi, ekologik standartlarni takomillashtirish, choʻllanish va yer degradatsiyasiga qarshi kurash, plastik ifloslanish va ogʻir pestitsidlarni boshqarish, ekologik taʼlim va xabardorlikni oshirish kabi yoʻnalishlarda hamkorlik qilish muhim ekanligi qayd etildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?