“Samarqand-2020” tibbiyot oliygohlari talabalarining VI -Xalqaro olimpiadasi oʻtkazildi

19:07 24 Dekabr 2025 Jamiyat
300 0

Har yili anʼanaviy tarzda Samarqand davlat tibbiyot universitetida oʻtkazilib kelinayotgan mazkur nufuzli musobaqa nafaqat talabalar va yosh tadqiqotchilarning bilim va malakalarini sinovdan oʻtkazish va ularni munosib taqdirlashga, balki xalqaro doʻstona munosabatlarning yanada mustahkamlanishi hamda tibbiyot sohasida jahonning bir qator mamlakatlari bilan yangidan-yangi hamkorlik aloqalarining oʻrnatilishiga ham turtki boʻlmoqda.

Yuqori saviyada tashkil etilgan olimpiadada yurtimiz hamda Germaniya, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Xitoy, Janubiy Koreya, Tojikiston, Rossiya, Turkiya, Ozarbayjon, Belarus kabi jahonning oʻttizdan ortiq davlatlarining oltmishdan ziyod tibbiyot oliygohlaridan 500 dan ortiq talabalar, shuningdek, xorijiy tibbiyot muassasalari rektorlari hamda koʻplab professor-oʻqituvchilar ishtirok etdi.

Olimpiadaning tantanali ochilish marosimida videokonferensaloqa orqali Sogʻliqni saqlash vaziri Asilbek Xudoyorov, Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vaziri Kongratbay Sharipov hamda bir qator xorijiy tibbiyot oliygohlari rektorlari soʻzga chiqib, oltinchi bora tashkil etilayotgan xalqaro musobaqaning ahamiyati haqida fikr yuritib, barcha ishtirokchilarga omad tiladi.

Qayd etilganidek, yurtimizda barcha sohalar singari sogʻliqni saqlash tizimini isloh qilish va tibbiy taʼlim sifatini oshirishga katta eʼtibor qaratilmoqda. Bu esa mamlakatimizda bir qator yetakchi davlatlarning rivojlangan tibbiyoti bilan tanishish va ular bilan yaqin hamkorlik aloqalarini oʻrnatishga hamda yurtimizda tibbiyotning zamonaviylashuviga xizmat qilyapti.

Turli tillarda oʻtkazilgan xalqaro olimpiadaning asosiy qismida ishtirokchilar 43 ta yoʻnalish boʻyicha ikki bosqichda test sinovlari va amaliy koʻnikmalarini namoyish etish orqali bellashdilar. Shu bilan bir qatorda talabalar jahon standartlariga javob beruvchi 7-avlod simulyatsion robotlar orqali oʻz amaliy koʻnikmalarini sinovdan oʻtkazdilar. Olimpiada doirasida Oʻzbekistonning Abu Ali Ibn Sino nomidagi jamoat salomatligi texnikumi va xorijiy tibbiyot kollejlarining oʻquvchilari oʻrasida ham xalqaro olimpiada tashkil qilindi.

Shuningdek, talabalar uchun chet ellik va respublikamizning yetakchi mutaxassislari tomonidan zamonaviy tibbiyotda fundamental fanlar, ilmiy tadqiqot usullari va boshqa dolzarb masalalarga bagʻishlangan mahorat darslari, bakalavr, magistr hamda klinik ordinatorlar uchun xorijiy tibbiy OTMlari rektorlarining maʼruzalari ham tashkil etildi.

Olimpiada doirasida talabalar uchun startap loyihalar tanlovi, “Yosh olimlar” toʻgaraklari hamda turli sport musobaqalari ham tashkil etildi.

Bundan tashqari, Samarqand davlat tibbiyot universiteti huzurida xorijiy tillarni oʻqitishga moslashgan “Til akademiyasi” markazining tantanali ochilish marosimi tashkil etilib, uning faoliyati haqida maʼlumotlar berildi.

Mazkur markaz dunyo tillarini oʻrganish barobarida tibbiyot xodimlari uchun ushbu tillarda oʻz kasbiy faoliyatlarini professional tarzda olib borishlari uchun imkon yaratadi.

Abdulaziz YOʻLDOSHEV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?