Sayyor qabulda 28 nafar shaxs muddatidan avval ozod etildi

18:39 20 Noyabr 2023 Jamiyat
89 0

Foto: “Xalq soʻzi”

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasining topshirigʻiga koʻra Navoiy viloyat sudlari rahbariyati tomonidan viloyatda sayyor qabullar oʻtkazilib, 66 nafar fuqaroning murojaatlari tinglandi.

Ushbu murojaatlarning 23 tasi jinoyat ishlari boʻyicha boʻlsa, 32 tasi fuqarolik ishlar boʻyicha sudlarga tegishli. 4 nafar fuqaro esa iqtisodiy ishlar, 7 nafar yurtdoshimiz maʼmuriy sudlarga oid muammolari bilan ogʻzaki shaklda murojaat qilishdi.

— Jinoyat sudlari tomonidan qabul davomida 28 nafar shaxs sud hukmi bilan tayinlangan jazodan muddatidan avval shartli ozod qilindi, — deydi viloyat sudining matbuot xizmati rahbari Aziza Roʻziyeva. — Shuningdek,11 nafar shaxsga nisbatan tayinlangan jazo yengilrogʻi bilan almashtirilib, 80 nafar mahkumning jazoni oʻtash tartibi yengilrogʻiga oʻzgartirildi. Bundan tashqari 2 ta jinoyat ishi JK 661-moddasi tartibida, 1 ta maʼmuriy huquqbuzarlikka oid ish MJtK 212-moddasi tartibida taraflarning yarashganligi munosabati bilan tugatildi.

Sayyor qabulda fuqarolik sudlari tomonidan 3 nafar fuqaroning yuridik faktni belgilashga oid daʼvo arizasi hamda aliment undirish boʻyicha 9 ta ariza qanoatlantirilib, voyaga yetmagan fuqarolarning sharoiti yaxshilandi. Olti nafar fuqaroning qatʼiy summadagi mablagʻini undirish toʻgʻrisidagi talablari qanoatlantirilib, bola tarbiyasi bilan band boʻlgan onalarning taʼminoti kafolatlandi.

Qabul jarayonida 9 nafar fuqaroning imtiyozli pensiyaga chiqish huquqlari tiklanib, shahodatlash koʻrigidan oʻtmagan ish davrlarini tiklash boʻyicha arizalari qanoatlantirildi. 2 nafar fuqaroga ish joyidan toʻlanmagan ish haqlarini undirish yuzasidan sud qarorlari qabul qilindi.

Iqtisodiy sudlar tomonidan koʻrilgan ishlar boʻyicha tadbirkorlar foydasiga 201 856 548 soʻm pul mablagʻlari undirildi.

Mazkur sayyor qabullarda 34 nafar jazoni oʻtab turgan mahkumlar tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti nomiga tashakkurnoma bildirildi.

Temur ESHBOYEV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?