Sayyor qabul: aholi murojaatlari oʻrganilib, hal etilmoqda

16:29 07 Aprel 2022 Jamiyat
1395 0

Fuqarolarning sud-huquq sohasidagi murojaatlariga samarali yechim topish uchun yanada qulay sharoit yaratish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi, Xalq qabulxonalari, Oliy sud, Bosh prokuratura, Ichki ishlar vazirligi va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi idoralar rahbar xodimlari ishtirokida Samarqand viloyatida ommaviy qabullar tashkil etilyapti.

Dastlabki kuni Oliy sud, Sudyalar oliy kengashi, Bosh prokuratura, Ichki ishlar vazirligi mutasaddilari tomonidan Urgut tumanida Urgut va Toyloq tumanlari aholisining muammolari oʻrganilib, ularga yechim topish choralari koʻrildi.

Xalq bilan ochiq muloqotlar davomida Prezident maslahatchisining birinchi oʻrinbosari, Respublika ishchi guruhi rahbari Ulugʻbek Muhammadiyev yurtimizda “Inson qadri uchun!” tamoyili asosida amalga oshirilayotgan islohotlar jarayonida aholining huquq hamda manfaatlarini himoya qilish eng muhim vazifalardan biri ekanligini taʼkidladi.

Sayyor qabullarda fuqarolardan koʻplab murojaatlar kelib tushdi. Xususan, Kamoliddin Xoʻjamov jinoyat ishlari boʻyicha Urgut tuman sudining 2013-yil 19-fevraldagi hukmi bilan Jinoyat kodeksining tegishli moddasida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda ayblanib, oʻn yilga ozodlikdan, shuningdek, ikki yil huquqni muhofaza qiluvchi idoralarda ishlash huquqidan mahrum qilingan edi. U jazoni oʻtab keldi. Keyin yillar davomida nohaqdan jazolanganini isbotlash, nomini oqlash uchun haqiqat izlab ovorayu sarson boʻldi.

Urgut tumanida oʻtkazilgan sud-huquq masalalari boʻyicha sayyor qabulda Oliy sud raisi qabuliga kirib, murojaat qildi. Shundan soʻng, vaziyat oʻzgardi. Sayyor sud natijasida adolat qaror topdi.

Shuningdek, sodir qilgan jinoiy qilmishi uchun sud hukmi bilan jazosini oʻtayotgan 13 nafar mahkum sayyor qabulda Oliy sud raisi oʻrinbosariga murojaat qilib, tegishli xulosa chiqargani, bundan buyon sogʻlom turmush tarzida hayot kechirishini bildirib jazoning oʻtalmay qolgan qismidan ozod qilishni soʻradi. Ularning murojaatlari asosida shu yerning oʻzida jinoyat ishlari boʻyicha Urgut va Tayloq tuman sudlarining sayyor sud majlislari tashkil etilib, Urgut tumani IIB Probatsiya guruhi hisobida turgan 13 nafar mahkumga nisbatan toʻplangan materiallar koʻrib chiqildi va ular muddatidan ilgari shartli ravishda jazodan ozod qilindi.

Orifboy Hamroyev Urgut tumanining “Mirzaqishloq” qishlogʻidan. 2016-yili bosgan qaltis qadami uchun Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan 12 yilga ozodlikdan mahrum qilingan edi. Shu davrda uning koʻzi ochildi, qilmishidan pushaymon boʻldi. Qonunlarga boʻysunib, tinch va toʻgʻri yashashning qadriga yetdi. Uning sayyor qabulda qilgan murojaatidan soʻng unga ham izdan chiqqan hayotini oʻnglab olishi uchun yana bir imkoniyat berildi. U ham tegishli tartibda muddatidan oldin jazodan shartli ravishda ozod etildi.

— Mamlakatimizda insonparvarlikka yoʻgʻrilgan adolatli siyosat tufayli men kabi hayotda adashgan, bilib-bilmay jinoyat sodir etgan boʻlsada, xatosini tushunib, chin koʻngildan pushaymon boʻlganlarning kechirilayotganligi tufayli muddatidan oldin jazodan ozod etilib, oilam bagʻriga qaytdim, — deydi Orifboy Hamroyev. — Ushbu imkoniyatdan foydalanib, bildirilgan ishonchni oqlayman.

Urgut tumanida oʻtkazilgan sayyor qabulda Oliy sud va Sudyalar oliy kengashiga qirqdan ortiq murojaatlar kelib tushdi. Unga asosan, ikki nafar fuqaroning kassatsiya shikoyatlari Oliy sudda koʻrishga qabul qilindi. Uch nafarining arizasi qabul qilinib, oʻndan ortiq fuqarolarga tegishli huquqiy tushuntirishlar berildi. 13 nafar sudlanuvchiga nisbatan tayinlangan jazo turlari Jinoyat kodeksining tegishli moddasi tartibida muddatidan oldin shartli ravishda ozod etildi.

Albatta, qonun, adolat ustuvor boʻlgan jamiyatda xalqning davlat idoralariga boʻlgan ishonchi ortadi. Ommaviy qabulda Bosh prokuratura masʼullari ham kelib tushgan har bir murojaatni atroflicha oʻrganib, uni hududiy mutasaddilar bilan hal etishdi.

Urgut tumanining Jayratepa mahallasida yashovchi Dilorom Boymatova birinchi guruh nogironi, oilasi “temir daftar”ga kiritilgan. Onaxonning Bosh prokuratura masʼullariga qilgan murojaati shu joyning oʻzida hal qilinib, u kishiga nogironlik aravachasi topshirildi.

Shu bilan birga, qabul davomida prokuratura organlariga murojaat qilgan oʻndan ziyod xotin-qizlarning muammolari oʻrganilib, ularga amaliy yordamlar koʻrsatildi. Xususan, 5 nafarini ishga joylashtirish, 2 nafariga ishsizlik nafaqasi tayinlash, 5 nafarini tibbiy koʻrikdan oʻtkazish, 4 nafarini kasbga oʻqitish choralari koʻrildi. Yakka tartibda tadbirkorlik qilish istagida boʻlganlarga esa tikuv mashinalari topshirildi.

Sayyor qabulda Ichki ishlar vazirligi masʼullari ham murojaatchilardan tizim bilan bogʻliq kelib tushgan muammolarni tinglab, ularning aksariyatini joyida hal etishdi. Hadicha Haitova Urgut tumani “Bunyodkor” mahalla fuqarolar yigʻinida istiqomat qiladi, 2 nafar voyaga yetmagan farzandi bor. Turmush oʻrtogʻining tazyiqlaridan charchagan Hadicha Haitova ommaviy qabulga najot izlab keldi. Bu borada amaliy yordam soʻrab masʼullarga murojaat qildi. Sayyor qabulda fuqaroning murojaati oʻrganildi va unga himoya orderi berildi.

Sayyor qabul davomida jinoyat sodir etib, bugungi kunda ichki ishlar organlari nazoratida turgan hamda qilgan qilmishidan chin koʻngildan pushaymon boʻlgan 7 nafar fuqaroga qoʻllanilgan jazoni yengillashtirish boʻyicha sud idoralariga taqdimnoma ham kiritildi.

Bu hali hammasi emas. Ommaviy qabullar davomida Urgut va Toyloq tumanlarida istiqomat qiluvchi 15 nafar yoshga Oʻzbekiston Respublikasining fuqarolik pasportlari va ID-kartalar ham topshirildi. Shuningdek, ommaviy qabul oʻtkazilayotgan joyda boʻsh ish oʻrinlari yarmarkasi tashkil etildi. Davlat xizmatlari markazi tomonidan sayyor davlat xizmatlari koʻrsatildi.

Respublika ishchi guruhining Samarqand viloyatida toʻrt kundan buyon davom etayotgan ommaviy sayyor qabullari davomida viloyatning boshqa tuman hamda shaharlari ham qamrab olindi.

Abdulaziz YOʻLDOSHEV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?