Sayxunobod, Uychi, Zarbdor va Gʻijduvon tajribalarining ijrosi tahlil qilindi

16:57 12 Avgust 2024 Siyosat
246 0

Foto: Prezident matbuot xizmati

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida boʻlib oʻtayotgan Buxoro viloyatiga qilingan tashrif natijadorligini oshirish, muqobil energiya manbalarini joriy etish hamda sanoat korxonalari uchun jozibador sharoitlarni yaratish chora-tadbirlari yuzasidan videoselektor yigʻilishida ayrim tuman hokimlari, iqtisodiy kompleks rahbarlari bu islohotlarni toʻliq tushunib yetmayotgani koʻrsatib oʻtildi.

Asosiy masalaga oʻtishdan avval Prezident yil boshida yaratilgan aholini band qilish va tadbirkorlikni rivojlantirishning mutlaqo yangi tizimi – Sayxunobod, Uychi, Zarbdor va Gʻijduvon tajribalarining ijrosini tahlil qildi.

Bu borada yaxshi natija koʻrsatayotgan tumanlar koʻp. Lekin ayrim tuman hokimlari, iqtisodiy kompleks rahbarlari bu islohotlarni toʻliq tushunib yetmayotgani koʻrsatib oʻtildi.

Masalan, Uychi tajribasi asosida respublika boʻyicha 500 mingta yangi ish oʻrinlari yaratildi. Lekin, 15 ta tuman va shahar rejasi 90 foizga yetmagan.

Yoki, Sayxunobod tajribasi asosida har bir mahallada 10 tadan mikroloyiha qilish zarur. Bu orqali respublikada jami 132 mingta mikroloyiha ishga tushirilib, 242 mingta yangi ish oʻrinlari yaratildi. Biroq 26 ta tumandagi 46 ta mahallada nomigagina 1-2 ta mikroloyiha qilingani tanqid qilindi.

Bir oy oldin Gʻijduvon tajribasi asosida tuman hokimlariga 1 mingta mahallani oʻzida “tepaga oʻsadigan” (vertikal) sanoat binolari tashkil qilish topshirilgan edi. Lekin, birorta tuman hokimi hisob-kitob qilib, nechta loyiha qilishi va qancha ish oʻrni yaratishi boʻyicha rejasini tasdiqlagani yoʻq.

Zarbdor tajribasi boʻyicha rahbarlar ijro muddati 1-oktyabr, deb xotirjam yurganiga qatʼiy eʼtiroz bildirildi.

Mutasaddilar ushbu 4 ta tuman tajribasi boʻyicha sustkashlikka yoʻl qoʻygan barcha rahbarlarga chora qattiq boʻlishi haqida ogohlantirildi.

Sayxunobod va Uychi tajribalarida kamchiliklarga yoʻl qoʻygan masʼullarga javobgarlik choralarini koʻrish, qoloqliklarni bartaraf etish topshirildi.

Zarbdor tajribasi asosida har bir tuman va shaharda kamida 5 tadan “drayver” loyihani shakllantirish, Gʻijduvon tajribasi asosida 1 mingta mahallani oʻzida “tepaga oʻsadigan” (vertikal) sanoat binolari loyihalarini tayyorlab, yil yakunigacha ishga tushirish vazifasi qoʻyildi.

Umuman, tajribalarning har biri boʻyicha masʼullarga aniq KPI belgilanib, ijrosi ustidan qatʼiy surov oʻrnatilishi belgilandi.

Kun tartibidagi asosiy masalalar – Buxoro viloyati misolida tadbirkorlarga koʻproq sharoit yaratish, har bir tumanni ixtisoslashtirish, energiyadan oqilona foydalanish, yashil manbalarni koʻpaytirish, tuman idoralarini samarali ishlashga oʻrgatish koʻrib chiqildi.

Ikki oy oldin Buxoroga tashrifda hamma muammolar yechimi koʻrsatib berilgan edi. Tashrifdan keyin viloyatga 1,4 trillion soʻm ajratildi. Bugun Prezident tomonidan imzolangan qarorlarga muvofiq viloyatga tadbirkorlik uchun qoʻshimcha 60 million dollar, infratuzilmaga 40 million dollar ajratiladi.

Viloyat hokimi, uni oʻrinbosarlari, tuman hokimlari shunga munosib ishlab, joylardagi tashkilotlar oldiga aniq vazifa, xodimlariga KPI belgilab, har kuni aniq natijaga ishlashi kerakligi koʻrsatib oʻtildi.

Kelgusida har bitta tarmoq va viloyatdagi haqiqiy ahvol shunday tahlil qilinib, muhokama oʻtkazilishi belgilandi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер