Rossiyaning vositachilik roli va Rossiya—Ukraina urushining yangi tafsiloti (+video)

22:21 20 Avgust 2024 Dunyo
49 0

Ukraina yurishining kengayishi va urushning 907 kun tafsilotlari

Hujumlar

Ukraina Kursk viloyatidagi Seym daryosi orqali oʻtadigan uchinchi va oxirgi koʻprikka hujum qilganini maʼlum qildi Rossiya tomoni.

Ukraina kuchlari Kursk viloyatidagi hujumlaridan “bufer zona” yaratish va Rossiyaning Ukrainaga uzoq masofadan hujumlar uyushtirish imkoniyatini cheklash ekanini aytdi. Hozirga kelib Kiyev 1250 kvadrat kilometrdan ortiq quruqlik va 92 ta aholi punktini nazorat qilmoqda.

Ukraina Rossiya qoʻshinlari oldinga siljishi munosabati bilan bolali oilalarga Donesk viloyatining sharqiy qismidagi Pokrovsk shahrini zudlik bilan tark etishni buyurdi. Taxminan 53 mingga yaqin odam hamon ushbu shaharda yashamoqda.

Pokrovsk frontida Ukraina harbiylari dushanba kuni 63 ta, Toresk viloyatida esa 21 ta otishmada qatnashgan.

Rossiya Mudofaa vazirligi esa oʻz kuchlari Toresk yaqinidagi Zalizne shahrini egallab olganini maʼlum qildi. Rossiya 2022-yil fevralida Ukrainaga keng koʻlamli bostirib kirishi boshlanishidan oldin Zalizneda 5 mingga yaqin odam yashagan.

Jahon sogʻliqni saqlash tashkilotining Yevropa boʻlimi aytishicha, Rossiyaning keng koʻlamli bosqini boshlanganidan buyon Ukrainadagi sogʻliqni saqlash muassasalariga jami 1940 ta hujum qayd etilgan.

Siyosat va diplomatiya

Hindiston bosh vaziri Narendra Modi juma kuni Ukrainaga tashrif buyuradi va Zelenskiy bilan uchrashadi. Bu Hindiston rahbarining 30-yildan ortiq vaqtdan beri birinchi tashrifidir. Modi oʻtgan oy Moskvada boʻlgan va Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan uchrashgan.

Rossiya 2022-yilda “Shimoliy oqim” gaz quvurlarini buzgan portlashlar boʻyicha olib borilayotgan tergov yuzasidan Germaniyaga shikoyat qildi. Gumonlanuvchi ukrainalik boʻlib hibsga olinishidan oldin Polshani tark etgan.

Prezident Aleksandr Lukashenko mamlakat armiyasining deyarli uchdan bir qismini chegara boʻylab joylashtirishini eʼlon qilganidan bir kun oʻtib Belarus Ukraina bilan chegarasiga samolyot va havo hujumidan mudofaa qoʻshinlarini joylashtirdi.

Rossiya Kurskka aerokosmik kuchlari polkini joylashtirdi

Rossiya Ukrainadan Kursk viloyatini himoya qilish uchun oʻzining Aerokosmik kuchlari polkini joylashtirdi. Kiyevning hujumlari kuchayishi Moskvani havo va kosmik operatsiyalar uchun masʼul boʻlgan armiyaning boʻlinmasini “maxsus” topshiriq bilan joʻnatishga majbur qilgan.

Ushbu polk mudofaani kuchaytirish uchun Kurskka joylashtirilgan. Boʻlim may iyun oylari orasida tashkil etilgan boʻlib, unga xavfsizlik va logistika kompaniyalari hamda avvallari Rossiyaning yadroviy operatsiyasi bilan shugʻullangan xodimlari bilan tashkil qilingani aytilmoqda.

AQSHning Urushni oʻrganish instituti Rossiya Kursk mudofaasini mustahkamlash uchun Ukrainadagi front chizigʻidan qoʻshinlarini qayta joylashtirishga majbur boʻlganini yangicha urush strategiyasi bilan bogʻlashyapti.

Putin Ozarbayjon—Armaniston tinchlik kelishuviga vositachilik qilishni taklif qildi

Rossiya prezidenti Vladimir Putin Bokuga ikki kunlik tashrifi chogʻida Ozarbayjon—Armaniston tinchlik kelishuviga vositachilik qilishni taklif qildi. Moskva Ukrainadagi urushga qaramay, Ozarbayjon va Armaniston oʻrtasidagi tinchlik muzokaralarida vositachilik qilishdek tarixiy roliga sodiqligini aytgan.

Putin 2022-yilda Moskva Ukrainaga bostirib kirganidan keyin va sentyabr oyida Boku Togʻli Qorabogʻ anklavini etnik arman boʻlginchilaridan qaytarib olganidan beri neftga boy boʻlgan ushbu mamlakatga ilk bor tashrif buyurdi.

Rossiya oʻnlab yillar davomida Kavkaz dushmanlari oʻrtasida doimiy vositachi boʻlib kelgan, ikkalasi ham sobiq sovet respublikalari, ammo soʻnggi ikki yil ichida Moskva Ukraina bilan urush botqogʻiga tushib qolganidan soʻng Gʻarb davlatlari bu masala boʻyicha rolini kengaytirdi.

“Rossiya ham Ukraina yoʻlida inqirozlarga duch kelmoqda. Ammo Rossiyaning Janubiy Kavkazdagi voqealarga tarixiy aralashuvini hisobga olsak, soʻnggi yillarda muzokaralarda ishtirok etishimizni zarur qilib qoʻydi”, dedi Putin Ilhom Aliyev bilan qoʻshma nutqida.

Boku kampaniyasi Togʻli Qorabogʻda oʻttiz yillik arman separatistik hukmronligiga barham berdi. Yerevan va uning anʼanaviy ittifoqchisi Moskva oʻrtasidagi munosabatlarni yomonlashtirdi. Armaniston Rossiyani harakatsizlikda aybladi va shundan beri Gʻarb davlatlari bilan aloqalarini mustahkamladi. Rossiya Yerevan tomoniga aralashishdan bosh tortdi va Ozarbayjon uzoq vaqtdan beri bahsli mintaqani qaytarib oldi. Koʻp yillik toʻqnashuvlardan soʻng, arman aholisi repressiyalardan qoʻrqib, togʻli hududni tark etdi. 100 mingdan ortiq odam qochib ketgani maʼlum.

“Agar Ozarbayjon va Armaniston oʻrtasida tinchlik shartnomasini imzolash uchun nimadir qila olsak, biz bundan juda xursand boʻlamiz”, degan Putin. Shuningdek, u Bokuga tashrifidan soʻng Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyan bilan bogʻlanib, muzokara natijalarini gapirib bermoqchi. Aliyevning aytishicha, mintaqa xavfsizligi koʻp jihatdan Ozarbayjon va Rossiya oʻrtasidagi yaqin hamkorlikka bogʻliq.

Putinning aytishicha, muzokaralardan soʻng yetakchilar qoʻshma tashabbuslarni, jumladan, Kaspiy va Qora dengiz mintaqalaridan neftni Oʻrta yer dengiziga tashish uchun moʻljallangan kichik tankerlar qurilishini muhokama qilgan. Kaspiy dengizida joylashgan Ozarbayjon Yevropa Ittifoqi uchun muhim energiya yetkazib beruvchi hisoblanadi.

AQSHning Isroilga sulh boʻyicha soʻzi oʻtmadimi?

Gʻazodagi oʻt ochishni toʻxtatish kelishuvlariga oʻzgartirilishlar kiritilar ekan, HAMAS buni Qoʻshma Shtatlarning Isroilga genotsidni davom ettirish uchun vaqt sotib olgan ishi deb biladi. Guruh shu vaqtga qadar dunyoni bitimni imzolash uchun Netanyahuga bosim oʻtkazishga chaqirib kelar edi.

“Isroilliklar Bayden taklifiga kiritilgan masalalardan chekinishdi. Netanyahuning yangilangan taklifga rozi boʻlish haqidagi gapi AQSH maʼmuriyati uni avvalgi kelishuvni qabul qilishga koʻndira olmaganidan dalolat beradi”, dedi Hamas guruhi.

Seshanba kuni Bayden HAMAS Isroil tomonidan kelishilgan kelishuvdan ortga chekinayotganini aytgan edi. AQSH oxirgi taklifni oʻtgan hafta Qatar poytaxti Dohadagi yangi muzokaralardan soʻng ilgari sura boshladi.

HAMASning aytishicha, yangi taklif Netanyahuning oʻt ochishni toʻxtatishni rad etishi, Gʻazodan qoʻshinlarni toʻliq olib chiqib ketishi va anklavning shimoli-janubini ajratib turuvchi Netzarim koridori, Rafah chegara punkti va Filadelfiya yoʻlagi ustidan nazoratni saqlab qolish talabi kabi shartlariga javob beradi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер