Rossiya IIV Vladimir Putinni “qamoqqa olish” uchun order bergan Xalqaro jinoiy sud sudyasini qidiruvga berdi

21:54 14 Noyabr 2023 Dunyo
499 0

Foto: Reuters

Rossiya ichki ishlar vazirligi (IIV) Ukrainadagi vaziyat yuzasidan prezident Vladimir Putin va bolalar ombudsmanı Mariya Lvova-Belovani hibsga olish uchun order bergan Xalqaro jinoiy sud (XJS) sudyasi Serxio Godinezni qidiruvga berdi.

XJSning 17-martdagi bayonotida aytilishicha, bu qaror “bolalar noqonuniy olib ketilishi” bilan bogʻliq.

Rossiya IIVga koʻra, sudya Godinez Serxio Xerardo Ugalde Rossiya Jinoyat kodeksining moddasi bilan qidiruvga berilgan.

Ammo rasmiy idora sudya Rossiya Jinoyat kodeksining qaysi moddasi boʻyicha qidiruvga berilganini aniq aytmagan.

Shu yilning 11-may kuni Rossiya Tergov qoʻmitasi mamlakat prezidentini “hibsga olishga” sanksiya bergan XJS sudyalari Serxio Godinez, Tomoko Akane va Rosario Salvatore Aitala qidiruvga berilishini vaʼda bergandi.

Rossiya Tergov qoʻmitasiga koʻra, Vladimir Putinni jinoiy taʼqib qilish shubhasiz noqonuniydir, chunki davlat rahbarlari xorijiy davlatlar yurisdiksiyasidan mutlaq immunitetga ega — bu qoida Xalqaro himoyalangan shaxslarga qarshi jinoyatlarning oldini olish va jazolash toʻgʻrisidagi konvensiyada mustahkamlangan.

Tergov qoʻmitasiga koʻra, XJS prokurori va sudyalarining harakatlarida bila turib begunoh shaxsni jinoiy javobgarlikka tortish, xalqaro munosabatlarni murakkablashtirish maqsadida xalqaro himoyaga ega boʻlgan xorijiy davlat vakiliga hujum qilishga tayyorgarlik koʻrish kabi jinoyat belgilari mavjud.

Rossiyada XJSning yana toʻrt nafar aʼzosi qidiruvga berilgan

2023-yil 19-maydan beri Rossiya Ichki ishlar vazirligi XJSning yana toʻrt nafar aʼzosini qidiruvga bergan. Ular prokuror Karim Xon, sudyalar Rosario Aitala va Tomoko Akane hamda sud rahbari Petr Xofmanskidir. Ularning barchasi Putinni “hibsga olish” uchun orderni tayyorlash va berishda qatnashgan.

XJS Rim nizomiga aʼzo davlatlar assambleyasi Rossiya Ichki ishlar vazirligining harakatlarini qoʻrqitishga urinish sifatida baholadi. Ular sodir boʻlayotgan voqealardan chuqur xavotirda ekanliklarini taʼkidlab, “Xalqaro jinoyatlarni tergov qilish, ruxsat berish va oldini olish boʻyicha XJSning vakolatlarini buzishga yoʻl qoʻyib boʻlmaydigan urinishlar”dan afsusda ekanliklarini bildirdilar.

XJS, shuningdek, Rim nizomiga aʼzo mamlakatlarni sud, uning mansabdor shaxslari va xodimlarini himoya qilish va tashkilotning mustaqil mandatini bajarishda davom etish qobiliyatini taʼminlash boʻyicha saʼy-harakatlarini faollashtirishga chaqirdi.

Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov fikricha, XJSning hujjati absurd. Uning taʼkidlashicha, bu order “barcha normalar va qoidalarni chetlab oʻtgan holda oʻylab topilgan”.

Shu oʻrinda Sergey Lavrov davlat rahbarlarining daxlsizligi xalqaro huquq va tegishli konvensiyalar bilan kafolatlanganini qoʻshimcha qildi.

Rossiya tashqi ishlar vaziri, XJS “soxta sud” ekanligini taʼkidladi, shuningdek, uni oʻzining tarafkashligi tufayli qonuniy organ, deb hisoblash mumkin emas.

Rossiya xalqaro tribunal, deb ataladigan Gaagadagi Xalqaro jinoiy sudni tashkil etgan xalqaro shartnoma — Rim nizomini tan olmaydi.

Rossiya nizomni 2000-yil 13-sentyabrda imzolagan boʻlsa-da, mamlakat rasmiylari uni ratifikatsiya qilmagan. Rossiya prezidenti Vladimir Putin sudning yurisdiksiyasini tan olmaslik va Rim nizomi ishtirokchisi boʻlmaslik toʻgʻrisidagi farmoyishni imzolagan — 2016-yilgacha Rossiya XJSda kuzatuvchi boʻlib qolgan.

Rasmiylar oʻz qarorlari sabablarini izohlamagan. Rossiya prezidentining matbuot kotibi Dmitriy Peskov esa bunday qaror mamlakat milliy manfaatlarini hurmat qilish uchun qabul qilinganini taʼkidladi.

XJSning order berish haqidagi qarori prezidentning xorijiy tashriflariga taʼsir qiladi

Xalqaro jinoiy sudning Rim nizomi yaratilganidan to 2003-yil boshigacha hujjat 139 davlat tomonidan imzolangan. Ammo 2023-yilga kelib, 123 ta davlat uning qonuniy kuchini tan oldi. Rim nizomining ratifikatsiya qilinishi XJSning yurisdiksiyasini qabul qilgan mamlakatlarni sud qarorlarini, shu jumladan, boshqa davlatlar rahbarlarini hibsga olishga majbur qiladi.

Shu bois Rossiya prezidenti 2023-yilning avgust oyida Janubiy Afrika Respublikasida tashkil etilgan BRIKS sammitida ishtirok eta olmadi. Chunki u yerda uni “hibsga olish” bilan tahdid qilishdi. Vladimir Putin oʻrniga Rossiya delegatsiyasiga tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov boshchilik qildi.

Janubiy Afrika hukumati Vladimir Putinning BRIKS sammitida xavfsiz ishtirok etishini taʼminlaydigan boʻshliqlarni qidirishga majbur boʻldi. Hatto xalqaro sudga nisbatan mamlakat suverenitetini mustahkamlovchi maxsus qonun qabul qilish haqida ham muhokama qilindi.

“Biz Rim nizomi bilan bogʻlanganligimizni tushunamiz, lekin kimnidir taklif qilib, keyin uni hibsga ololmaymiz. Kelmasa xursand boʻlardik”, degandi oʻshanda Janubiy Afrika vitse-prezidenti Pol Mashatil.

Vladimir Putinning XJS “hibsga olish” orderi chiqarilgandan keyin Rossiya prezidentining birinchi xorijiy tashrifi shu yilning 18-oktyabr kuni boʻlib oʻtdi. U Xitoyda boʻlib oʻtgan “Bir makon, bir yoʻl” sammitida ishtirok etdi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?