Romitanda inson organizmiga 95 foizi soʻriladigan mahsulot yetishtirish yoʻlga qoʻyildi
Istam IBROHIMOV/“Xalq soʻzi”. Davlatimiz rahbarining “2022–2026-yillarda Oʻzbekiston Respublikasining innovatsion rivojlanish strategiyasini amalga oshirish boʻyicha tashkiliy chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq, mamlakatimizning bir qator shahar va tumanlarida innovatsion hududlar tashkil etilgan. Shulardan biri Romitan innovatsion hududidir.Mazkur zonada yaqinda mamlakatimizda birinchilardan boʻlib inson organizmiga 95 foizi soʻriladigan spirulina kukuni ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyildi.
— Dunyo oziq-ovqat sanoatiga nazar tashlansa, biologik faol qoʻshimchalar odamlarning kunlik isteʼmol mahsulotiga aylanib borayotganini sezish qiyin emas, — deydi respublika Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi hududiy boshqarmasi bosh mutaxassisi Ikrom Murodov. — Soha mutaxassislarining taʼkidlashicha, ular ovqatlanishdagi kamchiliklarni bartaraf etib, sogʻlom moddalar oʻzlashtirilishiga koʻmaklashadi. Tananing ichki quvvatini yaxshilaydi, koʻplab kasalliklar xavfini kamaytiradi. “Greenvit Bukhara” masʼuliyati cheklangan jamiyati tomonidan amalga oshirilgan bu loyiha shu jihati bilan ahamiyatlidir.
Sir emas, sayyoramizda ekologiya yomonlashmoqda. Biologik faol qoʻshimchalarga ehtiyoj oshayapti. Negaki, odamlar organizmida mikroelementlar, nutiyentlar, mineral moddalar, oqsillarning tanqisligi kuzatilmoqda. Biologik faol qoʻshimchalar shu tanqislikka barham beradi. Negaki, kamqonlik, yod tanqisligi, suyaklarning moʻrt boʻlib qolishi kabi qator xastaliklar bevosita mineral moddalar, nutriyentlarning yetishmasligi bilan bogʻliq.
Loyiha tashabbuskorlarining taʼkidlashlaricha, tabiiy spirulina yer yuzida 3,5 milliard yil davomida mavjud boʻlgan. Undagi protein miqdori 60-70 foizga yetadi. Tarkibi vitaminlarga boy. Toʻyinmagan yogʻli kislotasi qon bosimini meʼyorga keltirish va xolesterinni tushirish uchun ideal modda sanaladi. Organik spirulina kukuni immun tizimiga ham ijobiy taʼsir koʻrsatadi. Oqsil miqdori 60 dan 70 foizgacha. Bu soya fasulyasidan ikki, mol goʻshtidagidan uch yarim, tuxumdagidan toʻrt baravar yuqori.
Spirulina tarkibidagi biologik sink va temirning nisbati inson tanasining fiziologik ehtiyojlariga mos keladi, organizmda oson soʻriladi. Spirulina kukuni shuningdek, oqsil manbaidir.Sportchilar va fitnes ixlosmandlariga maʼqul tushishi tayin. Chunki intensiv mashgʻulotlardan soʻng u mushaklarni tiklaydi.
Korxonada yiliga 10 000 dona flakon va xuddi shu miqdorda paketda qadoqlangan spirulina kukuni ishlab chiqarish rejalashtirilmoqda. Hozirdayoq buyurtmachilar bilan mahsulot yetkazib berish yuzasidan salkam bir milliard soʻmlik shartnomalar imzolandi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Sobiq bosh vazir uzoq muddatga qamaldi
- Tinchlik sulhi shartlari bajarilmoqda: Gʻazo 3 nafar, Isroil 90 nafar mahbusni vataniga qaytardi
- “Eng yaxshi maqolalar” tanlovi gʻoliblari aniqlandi
- Shavkat Mirziyoyev aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirishga oid muhim qarorni imzoladi
- Turkiyada qalbaki alkogoldan yana 3 nafar oʻzbekistonlik hayotdan koʻz yumdi
- Oʻzbekistonda 2025-yil 1-apreldan elektr energiyasi va gaz narxlari oshiriladi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring