Reabilitatsiya menejmenti: Shvetsiya tajribasi koʻmak beradi
2020-yil 18-noyabr kuni «Reabilitatsiya markazlari (shelterlar) faoliyatini samarali yuritish va menejment. Shvetsiya tajribasi» mavzusida onlayn seminar-trening boʻlib oʻtdi. Tadbirda zoʻravonlikdan jabr koʻrganlar bilan ishlash va ularga oʻz vaqtida yordam koʻrsatishda ilgʻor xalqaro tajriba oʻrganildi.
Tadbir “Davlat boshqaruvida ishtirok etish uchun xotin-qizlar huquqlari va imkoniyatlarini kengaytirish hamda ijtimoiy-iqtisodiy hayotda ularning ishtirokini oshirish” loyihasi doirasida Shvetsiya hukumatining moliyaviy koʻmagida Oʻzbekiston Respublikasi Gender tenglikni taʼminlash masalalari boʻyicha komissiyasi, Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligi va BMT Taraqqiyot dasturi (BMTTD) tomonidan tashkil etildi.
BMT maʼlumotlariga koʻra COVID-19 pandemiyasi sharoitida xotin-qizlarga nisbatan zoʻravonlik tahdidi kuchaydi. Karantin cheklovlari tufayli koʻplab jabrlanuvchilar oʻz vaqtida kerakli yordam ololmagan boʻlishi mumkin. Bunday sharoitda zoʻravonlikdan jabrlanganlarni reabilitatsiya qilish institutlarining roli nihoyatda muhim, deb taʼkidladi tadbir ishtirokchilari.
Mamlakatimizda qanday ishlar olib borilmoqda? Zoʻrlik ishlatishdan jabr koʻrgan shaxslarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish boʻyicha respublikada faoliyat koʻrsatayotgan 200 ga yaqin markazga 2020-yil yanvar-sentyabr oylarida 14 849 ta murojaat kelib tushdi. 5796 ta holatda psixologik yordam koʻrsatildi, 3680 ta holatda huquqiy yordam koʻrsatildi, 503 ta holatda fuqarolar tibbiy yordam oldi, yana 1553 ta holatda ularga boshqa turdagi yordam koʻrsatildi.
Treningda zoʻrlik ishlatishdan jabr koʻrgan shaxslarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish hamda oʻz joniga qasd qilishning oldini olish markazlari rahbarlari va xodimlari hamda Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligi tizimi xodimlari ishtirok etdilar.
Tadbir davomida chet ellik hamkasblar bilan tajriba almashishga eʼtibor qaratildi. Jumladan, xotin-qizlar huquqlarini himoya qilish va jabrlanganlar bilan ishlash boʻyicha shvetsiyalik ilgʻor mutaxassislar va ekspertlar zoʻravonlikdan jabrlanganlar bilan aloqada boʻlish usullari, reabilitatsiya markazlari (shelterlar) faoliyatini tashkil etish, ijtimoiy yordam olish va mablagʻ jalb qilish haqida soʻzlab berdilar.
Xususan, Zoʻravonlikdan jabrlangan xotin-qizlar uchun shelterlar uyushmasining (UNIZON) xotin-qizlar huquqlari va ularni himoya qilish boʻyicha mutaxassisi Mariya Byorsson ishtirokchilarni Shvetsiyada faoliyat koʻrsatayotgan shelterlar, zoʻravonlikdan jabrlanganlarning yordam soʻrab murojaat qilish usullari, mamlakatdagi barcha shelterlarning faoliyatini muvofiqlashtirish va ulardagi uyushgan jamoaviy ishlar bilan tanishtirdi. Shu bilan birga, ekspert Shvetsiya qonunlariga koʻra mahalliy hokimiyat organlari zoʻravonlik jabr koʻrgan xotin-qizlar va bolalarga yordam va himoya koʻrsatishi shart ekanligini taʼkidladi.
Shelterlarni tashkil etish boʻyicha maslahatchi Ulrika Bodin esa Shvetsiyada zoʻravonlikdan jabr koʻrganlarni shelterlarga qabul qilish mexanizmi, jumladan, vaziyat xavflari tahlili oʻtkazilishi toʻgʻrisida soʻzlab berdi. Shundan soʻng zarur yordam va himoya turlarini koʻrsatish rejasi tuziladi.
Trening davomida uning ishtirokchilari shelterlardagi keys menejment prinsipi, ularni moliyalashtirish usullari, psixologik qoʻllab-quvvatlash boʻyicha Shvetsiya amaliyoti, zoʻravonlikdan jabr koʻrganlarga ijtimoiy va huquqiy yordam koʻrsatish amaliyoti toʻgʻrisida bilib oldilar.
— Bugungi seminar Oʻzbekistondagi shelterlar faoliyatini jahon standartlariga muvofiq tashkil etish boʻyicha xalqaro tajriba bilan tanishish, ijtimoiy qoʻllab-quvvatlashning yangi manbalarini izlash va mahalliy shelterlarni moliyalashtirish, zoʻravonlikdan jabr koʻrganlarga psixologik va huquqiy yordam koʻrsatish boʻyicha reabilitatsiya markazlari xodimlarining malakalari va bilimlarini oshirish uchun yaxshi imkoniyat boʻldi. Biz shelterlar faoliyatini tashkil etish boʻyicha tajriba, fikr va bilim almashish uchun ushbu mavzuda yangi seminarlar oʻtkazishni taklif etamiz, — dedi BMTTDning Oʻzbekistondagi doimiy vakili oʻrinbosari Doyna Muntyanu xonim.
Ishtirokchilar nafaqat tajriba almashdilar, balki mavzu boʻyicha masalalarni muhokama qilib, savollariga mutaxassislardan javob oldilar.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Tinchlik sulhi shartlari bajarilmoqda: Gʻazo 3 nafar, Isroil 90 nafar mahbusni vataniga qaytardi
- Shavkat Mirziyoyev aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirishga oid muhim qarorni imzoladi
- “Eng yaxshi maqolalar” tanlovi gʻoliblari aniqlandi
- Oʻzbekistonda 2025-yil 1-apreldan elektr energiyasi va gaz narxlari oshiriladi
- Harbiy xizmatni oʻtash bilan bogʻliq tartiblar yangilanadi
- Voyaga yetmaganlar o‘rtasida huquqbuzarliklar profilaktikasi tizimi takomillashtirilmoqda
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring