Ravon yoʻlda kelajak sari qoʻyilgan qadamlar ham zalvorli boʻladi

17:07 07 Fevral 2024 Jamiyat
168 0

Yaqinda ish yuzasidan Qoʻrgʻontepa tumanida boʻldim. Sodda, samimiy, begʻubor odamlarning yurtimizda xalq farovonligi yoʻlida amalga oshirilayotgan ishlarga iliq munosabatlaridan dilim yayradi. Binobarin, hayotbaxsh oʻzgarishlar, izchil islohotlar aholi koʻz oʻngida amalga oshirilmoqda. Ayniqsa, ichki yoʻllarning kaftdek tekis boʻlgani odamlarni juda mamnun etmoqda.

— Avvallari sharoit ogʻir edi, — deydi ushbu tumandagi “Gʻayrat” koʻchasida istiqomat qiluvchi mehnat faxriysi Saidolim ota Noʻmonov. — Nolish emasu, ammo, umrimiz yozda chang, qishda loy koʻchalarni yurib oʻtdi. Yogʻingarchilik kunlari koʻchaga chiqqani yuragimiz bezillar edi. Bugun yoʻlga qarab, koʻzim quvnaydi. Ikki chetiga oʻrnatilgan chiroqlar tunimizni kunduzdek charogʻon etmoqda.

Tan olish kerak, yaqin oʻtmishda ham ichki yoʻllarning ahvoli abgor edi. Zero, 2007-yilga qadar Andijon viloyatida ichki yoʻllarga umuman eʼtibor qaratilmagan. Aholi turmush sharoitini yaxshilashga doir saʼy-harakatlar natijasida 2016-yilga qadar 1000 kilometrdan iborat koʻchalarda taʼmirlash ishlari bajarildi. Shunda ham bu kabi jarayonni tumanlar miqyosida koʻrishning imkoni boʻlmagan. 2017-yilga qadar bitta tumanda nari borsa 5-6 kilometr yoʻl asfaltlangan, xolos. Soʻnggi yillarda inson qadr-qimmatiga boʻlgan eʼtibor tufayli bu yoʻnalishdagi ishlar koʻlami keskin ortdi. Natijada 2023-yilning oʻzida 1123 kilometr ichki yoʻllarda taʼmirlash ishlari olib borildi.

— Mahallamiz tashkil topganiga 20-yildan oshdi, — deydi Andijon tumanidagi T. Mirzayev nomli koʻchada istiqomat qiluvchi Abdullajon Abdurahimov. — Bizning koʻcha shundoqqina dala bilan yonma-yon boʻlgani sababli asfalt tugul shagʻallanib qolsa ham mayli edi, deya orzu qilardik. Oʻtgan yili koʻchamizni betonlash ishlari amalga oshirilgach, armonimiz ortda qoldi. Eng chekka hududlarda ham shunday xayrli ishlar yoʻlga qoʻyilganligi xalqimiz uchun barcha sharoitlar yaratilayotganligi ifodasidir.

Abdullajon ota kabi mahalladoshlarning koʻzini quvnatgan beton yoʻl Andijon viloyatida dastlab, 2022-yilda paydo boʻlgandi. Oʻshanda sinov tariqasida Andijon shahridagi Shifokorlar koʻchasida 500 metrdan iborat yoʻlda betonlash ishlari tashkil etildi. Uning hatto ogʻir hajmli yuk mashinalariga ham chidamliligi isbotlangach, asta-sekin ommalashtirila boshlandi. Bunga sabab nima? Ana shu savol bilan “Andijon mintaqaviy yoʻllarga buyurtmachi xizmati davlat unitar korxonasi bosh muhandisi Farhodbek Qayumovga yuzlandik.

 

— 1 kilometr uzunlikda, kengligi 4,5 metrli koʻchani asfalt qilish uchun 600 mln. soʻm mablagʻ sarflanadi, — deya tahlil qiladi mutaxassis suhbat chogʻida. — Ushbu loyihada asfalt oʻrniga sementdan foydalanilsa 527 mln. soʻm mablagʻ ishlatiladi. Natijada 73 mln. soʻmni tejab qolish imkoni yaratiladi. Bu masalaning bir jihati. Ikkinchidan, ushbu uslubdagi yoʻlning chidamlilik muddati bir necha barobarga ortadi. Yaʼni, 15-20 sm. qalinlikdagi beton qorishmasi asfaltga nisbatan besh-olti barobar chidamliroqdir. Amalga tadbiq etilayotgan yangi tajriba nafaqat, mablagʻni iqtisod qilmoqda, balki ish koʻlamini ham oshirmoqda. Masalan, 800 kilometr yoʻlni asfalt qilish uchun 480 mlrd. soʻm mablagʻ sarflash oʻrniga 422 mlrd. soʻm evaziga beton qorishmali yoʻl barpo etish orqali 58 mlrd soʻmni iqtisod qilish mumkin. Bu esa yana 110 kilometr yoʻlni taʼmirlash imkonini beradi. Bugungi kunda viloyatda 10 883 kilometrdan iborat ichki yoʻl mavjud boʻlib, shundan 1123 kilometr qismi 2023-yilda taʼmirlandi. Joriy yilda 949,9 kilometrdan iborat koʻchalarda taʼmirlash va rekonstruksiya qilish ishlari bajariladi.

Shuni alohida eʼtirof etish joizki, bir paytlar qarovsizlikdan abgor holatga kelib qolgan ichki yoʻllar endilikda eʼtibordan chetda qolayotgani yoʻq. Bu albatta, odamlarning ogʻirini yengil, uzogʻini yaqin qilmoqda. Zero, ravon yoʻlda kelajak sari qoʻyilgan qadamlar ham zalvorli boʻladi.

Saminjon HUSANOV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?