Raqamli texnologiyalar va taʼlim uygʻunligi

Har bir mamlakat taraqqiyoti, eng avvalo, uning ilm-fan, taʼlim va innovatsiyalarni qay darajada jadal rivojlantirayotganiga bogʻliq. Shu bois soʻnggi yillarda raqamli texnologiyalarni taʼlim jarayoniga keng tatbiq qilish, oʻquv jarayonini zamonaviy usullar asosida yoʻlga qoʻyish borasida tub oʻzgarishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, 2019-yilda qabul qilingan “Raqamli Oʻzbekiston – 2030” strategiyasi mamlakatimizda raqamlashtirish siyosatining asosiy hujjati sanaladi. Unda barcha sohalar qatori taʼlim tizimini ham zamonaviy texnologiyalar asosida rivojlantirish, elektron taʼlim platformalarini yaratish, onlayn kurslar, virtual kutubxonalar va raqamli oʻquv resurslarini keng joriy etish belgilab berilgan.
Bugungi kunda yurtimizda ZiyoNet portali, Elektron hukumat tizimi, MyGov, Onlayn kutubxonalar kabi raqamli platformalar taʼlim sohasiga keng joriy etilgan. Ular oʻquvchi va talabalarning bilim olish jarayonini sezilarli darajada yengillashtirmoqda. Institutimizda ham bu borada muayyan ishlar amalga oshirilyapti. “Elektron universitet va institut” tizimi bosqichma-bosqich yoʻlga qoʻyildi. Talabalar dars jadvalini onlayn koʻrishi, reyting tizimidan foydalanishi, fanlar boʻyicha topshiriqlarni masofadan topshirish imkoniyatiga ega. Axborot-resurs markazida elektron kitoblar fondi shakllantirilgan. Foydalanuvchilar darsliklarni onlayn tartibda oʻqish va yuklab olishi mumkin. Oʻquv jarayonida virtual laboratoriyalar faoliyati yoʻlga qoʻyilib, zamonaviy simulyatsiyalar asosida fizika, kimyo, informatika kabi fanlarga oid tajribalar oʻtkazilyapti. Xalqaro Coursera, Moodle, Google Classroom kabi platformalardan foydalanib, darslarga zamonaviy metodlar tatbiq etilmoqda.
Oʻtgan yildan boshlab institutda sunʼiy intellekt asosidagi baholash tizimi sinov tariqasida joriy qilindi. Natijada talabalar bilimini aniqroq va shaffof baholash imkoniyati yuzaga keldi. Institutda registrlar ofisi faoliyati ham yoʻlga qoʻyildi. Bu tizim talabalarning akademik faoliyatini yagona markazda boshqarish imkonini beradi. Endilikda talabalar reytinglari, kredit-modul tizimidagi fanlar, davomat va imtihon natijalari registrlar ofisi orqali avtomatlashtirilgan holda yuritilmoqda. Har bir talaba oʻz shaxsiy kabineti orqali baholarni kuzatishi, shikoyat yoki murojaatlarini elektron shaklda topshirishi mumkin. Shu tariqa taʼlim jarayonida shaffoflik, adolat va aniqlik taʼminlanmoqda. Oʻqituvchilar uchun dars yuklamasi, mashgʻulotlar jadvali va elektron hujjatlar aylanishi raqamli tizim asosida boshqarilyapti.
Shular bilan bir qatorda raqamli texnologiyalarni yanada keng tatbiq etish imkoniyati bor. Chunonchi, barcha oliy taʼlim muassasalari uchun yagona mobil ilovalar ishlab chiqilsa va milliy onlayn kurslar platformasi yaratilsa ayni muddao boʻlardi. Stipendiya va shartnoma toʻlovlarini onlayn boshqarish tizimini joriy etish ham foydadan xoli emas. Institutimizda registrlar ofisi faoliyatini yanada kengaytirish maqsadga muvofiq. Talabalar murojaatini koʻrib chiqish uchun onlayn call-markaz yaratilsa, institut kutubxonasi toʻliq raqamlashtirilsa yaxshi boʻlardi.
Hayot koʻrsatmoqdaki, raqamli texnologiyalarni taʼlimga keng joriy etish nafaqat bilim olish jarayonini yengillashtiradi, balki shaffoflikni taʼminlaydi, talaba va oʻqituvchi faoliyatini zamon talablariga moslashtiradi. Zero, raqamli texnologiyalar va taʼlim uygʻunligi – davlat hamda jamiyat taraqqiyotining mustahkam poydevoridir.
Asrorbek AHROROV,
Buxoro davlat pedagogika instituti magistranti.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻzbekistonda dollar kursi pastladi
- “Bunyodkor” murabbiyi Sergey Arslanov vafot etdi
- Qondagi glyukozani pasaytirish uchun kechki ovqatlanishning ideal vaqti maʼlum boʻldi
- Sardobaning siri nimada?
- Kamchatka sohillaridagi kuchli zilziladan soʻng Oʻzbekiston Konsulligi vatandoshlarimizga murojaat qildi
- Buxorolik doktorant nimaning evaziga Prezident sovgʻasi – avtomobilga ega boʻldi?
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring