Quvondiq Sanaqulov Navoiyda OʻzLiDePdan Prezidentlikka koʻrsatilgan nomzodning ishonchli vakili sifatida ish boshladi

17:14 21 Sentyabr 2021 Siyosat
1007 0

Foto: OʻzLiDeP matbuot xizmati

Navoiy shahridagi «Kavorking» markazida ommaviy axborot vositalari vakillari, jurnalist va blogerlar uchun Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentligiga OʻzLiDePdan koʻrsatilgan nomzod Shavkat Mirziyoyevning Navoiy viloyatidagi ishonchli vakili Quvondiq Sanaqulov bilan “Ishonchli vakil ishining boshlanishi, uning maqsad va vazifalari” mavzusida OAV vakillari, jurnalistlar va blogerlar uchun matbuot brifingi boʻlib oʻtdi. 

Bu haqda “Xalq soʻzi”ga OʻzLiDeP Navoiy viloyati Kengashi matbuot kotibi M. Pirnafasova maʼlum qildi.

Brifingni OʻzLiDeP Navoiy viloyati Kengashi apparat rahbari M. Eshniyozov ochib, yigʻilganlarni Respublika Prezidentligiga OʻzLiDePdan koʻrsatilgan nomzod Shavkat Mirziyoyevning Navoiy viloyati boʻyicha ishonchli vakili, Oʻzbekiston Qahramoni Quvondiq Sanaqulov faoliyati bilan tanishtirdi hamda ishonchli vakillarning ishlash mexanizmi toʻgʻrisida maʼlumot berib oʻtdi.

Shundan soʻng, Prezidentlikka nomzod Shavkat Mirziyoyevning ishonchli vakili soʻzga chiqib, barchani saylov jarayonlarida oʻz vakolati doirasida rejalashtirgan ishlari bilan tanishtirdi.

Shuningdek, ishonchli vakil oʻz soʻzida rejaga koʻra, joylarda, ayniqsa, eng chekka hududlarda aholi bilan yuzma-yuz uchrashuvlar tashkil etish, viloyatning biror nuqtasini ham eʼtibordan chetda qoldirmay, mahallama-mahalla yurib tashviqotlar tashkil qilish, mamlakatning besh yillik kelajagini belgilab bera oladigan kuchga ega boʻlgan nomzodlik dasturini jonli muloqotlar orqali aholiga yetkazib berish kabi ishlarni amalga oshirish belgilanganligi toʻgʻrisida aniq maʼlumotlar berdi.

— Bu mening ishonchli vakil sifatida ikkinchi bor ish olib borishim. Bu gal oʻtgan safargiga nisbatan ham kuchliroq masʼuliyat his etyapman, — deydi Quvondiq Sanaqulov. — Ishonchli vakil sifatida aholi bilan saylovoldi uchrashuvlar jarayonining oʻzida bir yoʻla yechilmay qolgan muammolar, yoʻl qoʻyilgan xatolarni ham birday oʻrganib bormoqchiman. Shu bilan birga aholini uchrashuvlarga sohalarga boʻlib jalb qilmoqchimiz. Yaʼni tadbirkorlar, tibbiyot xodimlari, oʻqituvchilar, talabalaru, nuroniylar bilan alohida-alohida muloqotlarga kirishmoqchimiz.

Prezidentlikka nomzodning ishonchli vakili vakolati doirasidagi masalalarni amalga oshirish boʻyicha ish rejasini batafsil tushuntirish barobarida saylov jarayonlari borishini qonun doirasida, shaffof va xolisona yoritishda jurnalistlar va blogerlarni yaqin hamkorlikka chaqirdi.

 

 

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?