Quva anorlari eskport qilinmoqda
Botir MADIYOROV/“Xalq soʻzi”. Oltin kuz ona zaminga oʻz sepini dasturxon qilib toʻshaydigan tarovatli oqshomlarda Quva bogʻlarida anorlar “tars, tars...” yoriladi. Bu jannatmakon diyorimiz mevalari kuzgi shudringda yanada sharbatga toʻlib yetilganidan dalolatdir.
Masturaxon Sayfuddinova qirq besh yildirki, kuz mavsumining ushbu yoqimli voqeasiga oshufta boʻlib yashaydi. Opaning qayd etishicha, bu anorzorlarning mangu barhayot qoʻshigʻi, bogʻbonlar mehnatiga minnatdorlik simfoniyasidir. Bunday xonishlarga quloq tutish, rohatlanib tinglash xuddi chaqaloq tovushiga mahliyo boʻlishdek gap. Oniy lahzada qalbingiz eng pokiza va bokira tuygʻularga oshno boʻladi.
Oʻz vaqtida taniqli adib, yirik davlat arbobi Sharof Rashidov Quva anor bogʻlariga tashrif buyurib, Fargʻonaning dilbar qizi Masturaning bogʻdorchilikdagi dastlabki yutuqlarini yuksak eʼtirof etgan edi. Oʻshanda bundan hayotiy saboqlar olgan anorzorlar malikasi mehnati orqali oʻtgan yillarda chinakam baxtga erishdi.
Bevosita Masturaxon Sayfuddinovaning saʼy-harakati bilan Quvaning qurib-qaqshab yotgan asriy dasht yerlarida anorzorlar barpo etildi. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Fargʻona viloyatiga tashriflari davomida ushbu bogʻlarda boʻlib, Quva anorchiligini ilm-fan yutuqlari asosida rivojlantirish boʻyicha bir qator tashabbuslarni ilgari surdi.
Shu tariqa deyarli zavolga yuz tutayotgan anorchilik tarmogʻiga, taʼbir joiz boʻlsa, ikkinchi umr baxsh etildi. Ayni paytda tumandagi 373 ta fermer xoʻjaligida 2 ming 100 gektar anor bogʻlari mavjud. Shuningdek, aholi tomorqalarida 2,5 ming gektar yerda anorzorlar tashkil etildi. Birgina joriy yilning oʻzida quvalik mirishkorlar 25 ming tonnadan ortiq anor mahsulotini eksport qilishni rejalashtirgan.
Aytish joiz, keyingi yillarda eksport geografiyasi ham tobora kengayib bormoqda. Yaqingacha anor asosan MDH davlatlariga eksport qilingan boʻlsa, bugungi kunda darmondorilarga boy anor Osiyo, Yevropa qitʼasi, hatto okean orti mamlakati — AQSHda ham maʼlum va mashhur boʻlib ulgurdi.
—Eng quvonarlisi, endilikda shunchaki tabiat hodisalariga qarab emas, ilm-fan, innovatsiya gʻoyalari asosida dehqonchilik qilishni oʻrgandik, — deydi “Quva anori” agrofirmasi rahbari, Fargʻona va Termiz davlat universiteti faxriy professori Mastura Sayfuddinova.—Bugungi kunda 10 nafarga yaqin yosh olimlar anorchilik sohasida ilmiy izlanishlar olib bormoqda.
Quvalik yosh olim Husniddin Samiyev anorning turli kasalliklarga qarshi foydali xususiyatlari mavzusida tibbiyot xodimlari bilan hamkorlikda ilmiy izlanishlarini yakuniga yetkazib, PsD doktorligini yoqlash arafasida turibdi. Toshkent davlat agrar universiteti hamda Fargʻona davlat universiteti oʻqituvchilari, mustaqil tadqiqotchilar tomonidan danaksiz, mahalliy iqlim sharoitiga mos va eksportbop anor navlarini koʻpaytirish ustida olib borilayotgan ilmiy izlanishlar eʼtiborga loyiq.
Quva tumanidagi “Nasimxon Mohinur baraka” fermer xoʻjaligidagi 4 gektar anor bogʻida joriy yilda yosh olimlar koʻmagida “Qayum”, “Ozarbayjon shirin”, “Oltiariq achchiq” kabi navlardan moʻl hosil yetishtirildi. Fermer xoʻjaligi boshligʻi Akramjon Sulaymonov 4 tonnadan ziyod mahsulotni eksportga joʻnatish taraddudida. Hosilning bir qismi kish-bahor mavsumida sotish uchun muzlatgichli omborxonaga joylashtirilmoqda.
— Quva va Dashnobod tajribasi asosida 43 gektar yerda anor plantatsiyasi tashkil etildi, — deydi Surxondaryo viloyatining Sherobod tumanidagi “Sultonbek Samir dalasi” agrofirmasi rahbari Sardorbek Allanazarov. — Anor bogʻi gurkirab rivojlanishi uchun Mastura opa tez-tez kelib, oʻz maslahatini berib turadi. Bu yil bahorda opaning tavsiyasi asosida anor paykallari orasiga qovun ekib, 30 tonna hosil oldik. Asosan eksportga moʻljallangan anor navlaridan bu yil 50 tonna hosil olish harakatidamiz. Yaqin istiqbolda qayta ishlash tarmogʻini yoʻlga qoʻyish ham rejalashtirilyapti.
Aytgancha, endilikda Quva tajribasi boʻyicha mamlakatimizning koʻplab viloyatlarida zamonaviy mezonlar asosida anor plantatsiyalari barpo etilyapti. Bu ishlarda Qishloq xoʻjaligi vazirligi mutaxassislari, ixtisoslashgan oliy taʼlim muassasalari professor-oʻqituvchilari bilan birga Mastura Sayfuddinova ham bosh-qosh. Anorchilik sohasida ilmiy qoʻllanma sifatida opaning hammuallifligida kitob ham nashr etildi. Maqsad – anorchilik tarmogʻiga ilm-fanni keng joriy etish, anorchilikni qishloq xoʻjaligining serdaromad sohalaridan biriga aylantirishga qaratilgan.
Mirishkorlarning eʼtirof etishicha, anorning yaxshisi yorilganidir. Shu bois bozor yoki savdo doʻkonlaridan anor sotib olishda ana shu jihatga eʼtibor berish foydadan xoli boʻlmaydi...
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Sobiq bosh vazir uzoq muddatga qamaldi
- Tinchlik sulhi shartlari bajarilmoqda: Gʻazo 3 nafar, Isroil 90 nafar mahbusni vataniga qaytardi
- “Eng yaxshi maqolalar” tanlovi gʻoliblari aniqlandi
- Shavkat Mirziyoyev aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirishga oid muhim qarorni imzoladi
- Turkiyada qalbaki alkogoldan yana 3 nafar oʻzbekistonlik hayotdan koʻz yumdi
- Oʻzbekistonda 2025-yil 1-apreldan elektr energiyasi va gaz narxlari oshiriladi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring