Qurol-yarogʻ va oʻq-dorilarini yashirincha olib kirishga boʻlgan urinishlarga chek qoʻyildi

14:50 26 Noyabr 2022 Jamiyat
715 0

Buxoro viloyati bojxona boshqarmasining “Buxoro aeroporti” chegara bojxona postida xorijdan uchib kelgan fuqaro X.J. yashil yoʻlak orqali harakatlanar ekan, uning xatti harakati bojxonachilar eʼtiborini tortdi. Oʻtkazilgan tekshiruv natijasida, uning yuklari orasida pnevmatik toʻpponcha, gaz balloni va 500 dona metall sharikli oʻqlar borligi aniqlandi.

Namangan xalqaro aeroportida ham “yashil yoʻlak” orqali harakatlangan yoʻlovchilardan fuqaro K.A. qiymati 4 mln. soʻmlik pnevmatik qurolni tegishli ruxsatnomalarsiz olib kirishga uringanligi fosh boʻldi.

Yana bir fuqaro A.I. esa sumkasi ichida bojxona nazoratidan yashirgancha ov quroli uchun moʻljallangan 25 dona gilzalarni olib kirmoqchi boʻlganligi aniqlandi.

Sirdaryo viloyatidagi “Malik” chegara bojxona posti orqali kirib kelgan, qoʻshni davlat fuqarosi G.S. boshqaruvidagi yengil avtotransport vositasi koʻzdan kechirilganida, yukxonadagi kiyim choʻntaklarida yoʻlovchi bojxona deklaratsiyasida va bojxona xodimlarining ogʻzaki soʻrovida maʼlum qilinmagan, 22 dona 12 kalibrli ov quroli patronlari borligi maʼlum boʻldi.

Toshkent viloyati bojxona boshqarmasi “Gʻishtkoʻprik” chegara bojxona postida fosh qilingan holatda esa, qoʻshni davlat fuqarosi M.A. oʻz boshqaruvidagi avtotransport vositasining old oʻrindiqlari oʻrtasidagi idish qoʻyish uchun moʻljallangan joyda 2 dona 12 kalibrli ov miltigʻi patronlarini olib kirishga uringani aniqlandi.

Hozirda ushbu holatlar yuzasidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari davom ettirilmoqda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?