“Qulupnayning kilogrammini 150 ming soʻmdan sotdim”
Botir MADIYOROV/“Xalq soʻzi”. Quva tumanidagi “Akbarobod” mahalla fuqarolar yigʻinida yashovchi tomorqachilar qish mavsumida ham yurtda moʻl-koʻlchilik boʻlishini taʼminlab, viloyat bozorlariga plyonka ostida yetishtirilgan rediska, qulupnay yetkazib bermoqda.
Tomorqada rediska, qulupnay, ertangi karam, bulgʻor qalampir singari sabzavot ekinlari yetishtirishda Akbarobodda oʻziga xos tajriba shakllangan va bu orqali mahalla ahli yilning toʻrt faslida ham yerdan unumli foydalanadi.
Shu mahallada istiqomat qiluvchi Otaxon Boboyev oilasi 20 sotix yerda plyonka ostida rediska parvarishlab, bir mavsumning oʻzida 50 million soʻmdan ortiq daromad oladi. Ekindan boʻshagan yerga bulgʻor qalampiri koʻchatlari ekiladi. U 45 kunda isteʼmol uchun tayyor boʻladi. Kech kuzda toʻqsonbosti usulda boʻsh maydonga yana rediska ekiladi.
— Bugun dehqonchilikda ilm-fan yutuqlari, innovatsiya gʻoyalaridan keng foydalanib, tabiatning kutilmagan injiqliklari oldida yengilmaslikka harakat qilyapmiz, — deydi mirishkor oila sohibi. — Misol uchun, tomorqadagi 5 sotix issiqxonada muqobil yonilgʻi – koʻmir bilan ishlashga moʻljallangan “Aqlli” isitish tizimidan foydalanib, ortiqcha xarajat va qiyinchiliksiz qahraton qishda ham qulupnay yetishtiryapmiz.
Ayni kunlarda xonadonimizdan qulupnayning bir kilogrammini 150 ming soʻmdan sotyapmiz. Issiqxonada 5 ming tup koʻchat bor. Oʻrta hisobda 200 grammdan hosil terib olinsa ham daromad salmogʻi 150 million soʻmdan oshadi. Issiqxonada bir paytning oʻzida ikkinchi hosil sifatida bulgʻor koʻchatlari ekib qoʻyilgani inobatga olinsa, moʻjazgina issiqxona ulkan daromad manbai ekanini anglab yetish mumkin.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Sobiq bosh vazir uzoq muddatga qamaldi
- Tinchlik sulhi shartlari bajarilmoqda: Gʻazo 3 nafar, Isroil 90 nafar mahbusni vataniga qaytardi
- “Eng yaxshi maqolalar” tanlovi gʻoliblari aniqlandi
- Shavkat Mirziyoyev aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirishga oid muhim qarorni imzoladi
- Turkiyada qalbaki alkogoldan yana 3 nafar oʻzbekistonlik hayotdan koʻz yumdi
- Oʻzbekistonda 2025-yil 1-apreldan elektr energiyasi va gaz narxlari oshiriladi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring