Qozogʻistonda 95 yoʻlovchisi boʻlgan samolyot halokatga uchradi. Qurbonlar bor

09:48 27 Dekabr 2019 Dunyo
1615 0

Bek Air aviakompaniyasining yoʻlovchi samolyoti Qozogʻistonning Olmaota shahri aeroportidan havoga koʻtarilish vaqtida halokatga uchradi.

Aeroportning Facebookʼdagi sahifasida qoldirilgan xabarga koʻra, layner havoga koʻtarilish vaqtida balandlikni yoʻqotib, beton toʻsiqni buzib oʻtgan va ikki qavatli imoratga borib urilgan. Qozogʻiston IIVning Favqulodda vaziyatlar boʻyicha qoʻmitasidan qoʻshimcha qilishlaricha, hodisa turar joy sektorida yuz bergan. Qulash oqibatida portlash va yongʻin kuzatilmagan.

Fokker-100 samolyoti Z2100 reysi boʻyicha Olmaotadan Nursulton (Ostona)ga uchayotgan edi. Samolyot bortida 95 yoʻlovchi va ekipajning besh nafar aʼzosi boʻlgan.

Soʻnggi maʼlumotlarga koʻra, hodisa oqibatida kamida 14 kishi halok boʻlgan. Yana 35 kishi tan jarohati olgan, ulardan 22 nafarining ahvoli ogʻir. Qutqaruv xizmatlari hodisa joyida yoʻlovchilarni evakuatsiya qilish ishlarini davom ettirmoqda. Oʻzbekison Tashqi ishlar vazirligidan maʼlum qilishlaricha, aviahalokat oqibatida halok boʻlganlar va tan jarohati olganlar orasida Oʻzbekiston fuqarolari yoʻq

Samolyot halokati sabablari hozircha nomaʼlum. Mamlakatda ushbu turdagi samolyotlar parvozi vaqtincha toʻxtatilgan.

Bek Air aviakompaniyasiga 1999-yilda asos solingan boʻlib, u ichki va bir qator xalqaro (MDH mamlakatlari, Turkiya, BAA, Moʻgʻuliston va Xitoyga) reyslarni amalga oshiruvchi Qozogʻistondagi ilk loukoster hisoblanadi. Aviakompaniya parki yettita Fokker-100 samolyotlaridan tashkil topgan.

Fokker samolyotlari Niderlandiyaning shu nomli kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan. Fokker-100 modelidagi samolyotlarni ishlab chiqarish 1997-yili, Fokker kompaniya bankrot boʻlgach toʻxtatilgan. Oʻzbekistonda bunday modeldagi samolyotlardan foydalanilmaydi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?