Qozogʻistonda 30 nafarga yaqin oʻzbekistonlik hibsga olindi

17:42 06 Iyun 2024 Jamiyat
446 0

Foto: “Zakon”

Joriy yilning 3-iyun kunidan boshlab, Qozogʻiston Respublikasining barcha hududlarida migratsiya sohasida huquqbuzarlikni aniqlash maqsadida “Nelegal-2024” reyd tadbirlari oʻtkazilmoqda. Oʻzbekiston Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi shu munosabat bilan ushbu mamlakatda boʻlib turgan va ishlash uchun borayotgan fuqarolarni ogohlantirdi.

Maʼlum qilinishicha, mazkur reyd tadbirlari davomida Qozogʻiston hududida qonuniy boʻlib turish va qonuniy mehnat migratsiyasi tartibini buzgan chet el fuqarolariga nisbatan tegishli choralar koʻrilmoqda.

Migratsiyasi agentligining taʼkidlashicha, qonunbuzilish holatlari Olmaota, Ostona, Chimkent shaharlari va Mangistau viloyatida koʻp uchramoqda.

“Zakon” nashrining kecha, 5-iyun kuni bergan xabarida keltirilishicha, Olmaota shahrida 27 nafar oʻzbekistonlik aynan “Nelegal-2024” reyd tadbirlari davomida qoʻlga olingan.

Manbaga koʻra, militsiya xodimlari tomonidan oʻtkazilgan tezkor-profilaktika tadbiri davomida Oʻzbekiston fuqarolari Qozogʻiston migratsiya qonunchiligini buzgani uchun qoʻlga olingan. Tekshiruv davomida ushlangan yana toʻqqiz kishining shaxsini tasdiqlovchi hujjatlari boʻlmagan.

“Hozirda huquqbuzarlar shahar ichki ishlar boʻlimining qabulxonasiga joylashtirildi. Har bir huquqbuzarning shaxsini ishonchli aniqlash boʻyicha ishlar olib borilmoqda”, deydi Olmaota politsiya departamenti migratsiya xizmati boshligʻi oʻrinbosari Gennadiy Men.

Maʼlumot uchun, Oʻzbekiston fuqarolari Qozogʻiston hududida 30 kun muddatgacha boʻlib turishi mumkin, ammo ushbu davr mobaynida mehnat faoliyatini amalga oshirishi taqiqlanadi. Bundan tashqari, ishlash uchun ushbu davlatga borgan shaxsdan darhol ishlash uchun va vaqtincha yashash uchun ruxsatnoma olish talab etiladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?