Qoʻshni Tojikiston bilan turizm sohasida hamkorlik yoʻlga qoʻyiladi

14:52 24 Yanvar 2024 Jamiyat
357 0

2024-yili Fargʻona viloyatiga qariyb 3,5 million sayyoh jalb etish koʻzda tutilgan boʻlib, uning 430 mingdan ziyodi xorijlik sayyohlarni tashkil etishi maqsad qilingan. Shu tariqa joriy yilda viloyatda turizm eksporti hajmini 130 million dollarga yetkazish rejalashtirilmoqda.

Shuningdek, bu yil viloyatda turizm sohasini jadal rivojlantirish uchun 3 ta turizm koʻchasi hamda 2 ta turizm mahallasi tashkil etiladi. Oʻz navbatida 20 dan koʻproq festivallar oʻtkazish ham koʻzda tutilmoqda. Ayni jarayonda turizm sohasida mamlakatimizning tarixiy shaharlari, qoʻshni mamlakatlar bilan faol hamkorlikni yoʻlga qoʻyish uchun izchil saʼy-harakatlar olib borilyapti.

Bu borada belgilangan chora-tadbirlar rejasi asosida Fargʻona viloyati turizm boshqarmasi tashabbusi bilan OAV xodimlari hamda tur firmalar vakillari uchun Tojikistonning chegaradosh hududlarida joylashgan turistik marshrutlar boʻylab sayohat uyushtirildi. Unda qoʻshni yurtning Xoʻjand viloyati tasarrufidagi Konibodom, Sugʻd va Istarafshon shaharlarida joylashgan tarixiy-madaniy obyektlar bilan yaqindan tanishildi.

Shu bilan birga tadbir qatnashchilari Tojikistonning mashhur “Payshanba” bozori, Shayx Muslihiddin maqbarasi, Kamol Xoʻjandiy xiyoboni va uy muzeyi, Xoʻjand qalʼasi tarixiy obidasi, “Arbob” madaniyat uyi, “Mug” qalʼasi, zargarlik buyumlari ishlab chiqaruvchi “Zari Sugʻd” korxonasi hamda milliy hunarmandchilikka ixtisoslashgan kasb-hunar kollejida boʻlib, oʻzaro tajriba almashdilar.

— Yaqin istiqbolda “Oltin vodiy” turistik halqasi doirasida qoʻshni yurt sayyohlari uchun ekoturizm, tibbiyot turizmi, gastronomik turizm, agroturizm, ziyorat turizmi kabi yoʻnalishlarida bir qator loyihalar amalga oshiriladi, — deydi Fargʻona viloyati hokimi oʻrinbosari Xurshidjon Ahmedov. — Shu maqsadda qardosh Qirgʻiziston, Tojikistonning chegaradosh viloyatlari bilan turizm sohasida faol hamkorlik koʻlamini kengaytirish borasida katta saʼy-harakatlar olib borilyapti.

Botir MADIYOROV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?