Qoraqalpogʻistondagi yirik gidroinshootlarda avtomat boshqarish tizimi oʻrnatilmoqda

14:15 20 Iyul 2022 Jamiyat
609 0

Foto: Xalq so‘zi

Davlatimiz rahbarining 2021-yil 24-fevraldagi “Oʻzbekiston Respublikasida suv resurslarini boshqarish va irrigatsiya sektorini rivojlantirishning 2021-2023-yillarga moʻljallangan strategiyasini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi qarori ijrosi doirasida Qoraqalpogʻistondagi beshta yirik gidroinshootga avtomatlashtirish tizimini joriy etish ishlari olib borilmoqda.

Xususan, oʻtgan yili «Suyenli» irrigatsiya tizimi boshqarmasi tasarrufidagi “Qunduzli” va “Birlik” kanallari bosh inshootiga ana shunday yangi tizim oʻrnatildi. Joriy yilda esa “Qizketken-Kegeyli” irrigatsiya tizimi boshqarmasi tasarrufidagi “Kegeyli” kanalining bosh suv taqsimlash inshootiga zamonaviy texnologiyani tatbiq qilish koʻzda tutilgan.

— “Kegeyli” kanalining bosh suv taqsimlash inshootiga avtomatlashtirilgan boshqarish tizimini qurish boʻyicha oʻtkazilgan tender savdosida gʻolib boʻlgan “RATUFER SERVICE” MCHJ tomonidan qurilish ishlari boshlab yuborildi, — deydi “Qizketken-Kegeyli” irrigatsiya tizimi boshqarmasi boshligʻi Marat Kaipov. —  Mazkur tizim suv taqsimlovchi gidroinshoot qoshidagi dispetcherlik xonasidan boshqariladi. U kompyuter tarmoqlariga va “aqlli suv” qurilmasining maʼlumotlar bazasiga bogʻlangach, kanalga belgilangan limitdagi suvni berish, umuman olganda, suvning hisobini toʻgʻri yuritish imkoniyati yuzaga keladi. Loyihaning umumiy qiymati 288 million soʻm boʻlib, unda gidroinshootni taʼmirlash ham nazarda tutilgan.

Oʻzbekiston Respublikasi suv xoʻjaligi vaziri oʻrinbosari A. Mirzayev mazkur gidroinshootda avtomat boshqarish tizimini oʻrnatish jarayoni, shuningdek, Nukus tumanidagi “Nukus” kollektori qurilishi hamda Kegeyli tumanidagi “Koʻk oʻzak” kanalini rekonstruksiya qilish ishlari bilan tanishdi.

Gʻ. Otajonov, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?