Qoraqalpogʻiston Britaniyaning sayohat boʻyicha mashhur nashriyoti tomonidan eksklyuziv turizm va madaniy meros yoʻnalishlari roʻyxatiga kiritildi

18:46 11 Yanvar 2023 Madaniyat
1164 0

Foto: Arxiv surat

Buyuk Britaniyaning mashhur “Bradt Travel Guides” sayyohlik nashri tomonidan chop etilgan “2023-yil uchun ajoyib sayohatlar” nomli maʼlumotlar toʻplamida Qoraqalpogʻiston eksklyuziv sayyohlik yoʻnalishi sifatida qayd etildi.

Unda yozilishicha, 2023-yili butun diqqat-eʼtibor Oʻzbekistonga qaratiladi. Chunki Samarqandda ilk bor UNWTO Bosh Assambleyasi boʻlib oʻtadi.

Ushbu tadbir fonida eksklyuziv turizm yoʻnalishi sifatida Qoraqalpogʻistonni sayyohlar oʻz koʻzlari bilan koʻrishi tavsiya etilgan. «Moʻynoqdagi yangi aeroportdan Toshkentga haftasiga uch marotaba havo qatnovi amalga oshirilishi hamda Nukusga tezyurar poyezdning yoʻlga qoʻyilishi ushbu olis va maftunkor hududga logistik qulaylikni yaratish imkonini beradi», deb yozadi manba.

Mualliflar Qoraqalpogʻiston haqida yozar ekan, Oʻzbekistonning ushbu mintaqasida Orol dengizi joylashgani bilan tanilganini taʼkidlashgan. 2020-yildan buyon bu yerda ikkita yangi milliy bogʻ tashkil etildi va har yili “Stihia Festival” elektron musiqa festivali boʻlib oʻtadi.

Shuningdek, Dasht Luvri nomi bilan tanilgan Saviskiy nomidagi gʻaroyib muzeyda dunyoga mashhur avangard kolleksiyasi asarlariga bagʻishlangan koʻrgazmalar dasturi namoyish etiladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?