Qonun bilan zo‘ravonlikdan jabrlangan bolalarga himoya orderi berish tartibi yo‘lga qo‘yilmoqda

12:37 15 Avgust 2024 Siyosat
143 0

Foto: Akmal Muhammadov / “Xalq so‘zi”

  Senatning 55-yalpi majlisida “Bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonun ko‘rib chiqildi.  
  So‘nggi yillarda bolalarga nisbatan sodir etilayotgan zo‘ravonliklar soni oshib bormoqda. Mavjud huquqiy mexanizmlar uning oldini olish hamda jabrlanuvchilar huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishda yetarli samara bermayapti.

Oxirgi 3 yilda 2 mingdan ortiq fuqaro sudlar tomonidan ota-onalik huquqidan mahrum qilingan, shundan 86 foizi ota-onalik majburiyatlarini bajarishdan bosh tortganligi uchun javobgarlikka tortilgan.
  Qonun bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish sohasidagi munosabatlarni huquqiy tartibga soladi. 

Xususan, zo‘ravonlik tufayli jabrlangan shaxs ariza bilan tegishli vakolatli organlarga yoki sudga murojaat etishi, maxsus markazlarda, shuningdek bepul telefon liniyasi orqali bepul huquqiy, iqtisodiy, ijtimoiy, psixologik, tibbiy va boshqa yordam olishi mumkinligi belgilanmoqda. 
  Qonun bilan ilk bor yangi institut joriy qilinmoqda. Zo‘ravonlikdan jabrlangan bolalarga himoya orderi berish tartibi yo‘lga qo‘yilmoqda. Ushbu himoya orderi ichki ishlar organlari tomonidan o‘ttiz kun muddatgacha beriladi va vakolatli davlat organi ishtirokida jabrlanuvchiga topshiriladi.

Agar tahdid hali bartaraf etilmagan bo‘lsa, himoya orderining amal qilish muddati zo‘ravonlikdan jabrlanuvchining yoki uning qonuniy vakilining arizasiga ko‘ra, jinoyat ishlari bo‘yicha sud tomonidan bir yilgacha uzaytirilishi mumkin. 
  Qonunda jabrlanuvchiga yetkazilgan moddiy zararning o‘rni qoplanishi hamda ma’naviy ziyon kompensatsiyasini talab qilish huquqi aks ettirilmoqda. 

Shuningdek, Qonunda bolalarni zo‘ravonlikdan himoya qilish sohasidagi davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlari, mazkur yo‘nalishda faoliyatini bevosita amalga oshiruvchi davlat organlari va tashkilotlar hamda ularning vakolatlari aniq ko‘rsatib o‘tilmoqda.
  Ijtimoiy himoya milliy agentligiga zo‘ravonlikdan jabrlanuvchi, shuningdek o‘zlariga nisbatan zo‘ravonlik sodir etish xavfi ostida bo‘lgan bolalarni aniqlash, ularning hisobini yuritish hamda zarur hollarda ularga nisbatan zo‘ravonlikning oldini olishga doir yakka tartibdagi chora-tadbirlar qo‘llanilishini ta’minlash bo‘yicha vazifalar yuklatilmoqda. 

Qonun bilan ota-onalar mas’uliyati yana bir karra oshirilmoqda. Jumladan, ota-onalar bolalarning hayoti va sog‘lig‘ini muhofaza qilishi, ularga g‘amxo‘rlik ko‘rsatishi hamda zararli ta’sir ko‘rsatuvchi axborotdan himoya qilishi shartligi, bolalarni tarbiyalashda ularni jismoniy jazolash taqiqlanishi nazarda tutilmoqda.
  Muhokama jarayonida ushbu Qonunning qabul qilinishi bolalar huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlariga rioya etish hamda ularni hurmat qilishning huquqiy asoslarini takomillashtirish, bolalarga nisbatan zo‘ravonlik holatlariga murosasiz munosabatda bo‘lish va zo‘ravonlik sodir etgan shaxslarga nisbatan javobgarlikning muqarrarligini ta’minlashga xizmat qilishi ta’kidlandi. 
Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.

Foto: Akmal Muhammadov / “Xalq so‘zi”

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер